"O‘zbekistonda musulmonlarning "qora ro‘yxati" bor va bu ro‘yxatdagilarning ommaviy hibslari davom etmoqda"

Image caption Tashabbus guruhiga ko‘ra, masjidlarga qatnaydigan musulmonlarning "qora ro‘yxati" keyingi soxta ayblovlar bo‘yicha hibslarga asos bo‘ladi

Inson huquqlari himoyachilari Tashabbus guruhiga ko‘ra, O‘zbekistonda militsiya va milliy xavfsizlik xizmatining avvaldan tuzilgan "qora ro‘yxat"lari asosida masjidga muntazam qatnaydigan musulmonlarni ommaviy ravishda hibsga olishlar davom etmoqda.

Tashabbus guruhi o‘zlariga oxirgi uch oyda birgina Toshkent shahri va viloyatida 70 ga yaqin namozxonning noqonuniy diniy tashkilotlarga a‘zolik gumoni bilan hibsga olingani ma‘lum bo‘lganini xabar qiladi, yana ko‘plab hibslarni jamoatchilikdan sir tutishga harakat qilinayotganini aytadi.

Inson haqlari tashkiloti xabar qilishicha, shu yilning iyul oyida Yangiyo‘l tumanida 18 kishi, Chinoz tumanida 12 kishi, Toshkent shahrida 11 kishi, avgust oyida Bo‘ka tumanida 5 inson, sentyabr oyida Zangiota tumanining 12 yashovchisi, Qibray tumanining 9 yashovchisi hibsga olinganlar.

Tashabbus guruhi O‘zbekistonda hibsga olish sanktsiyasi mahkamalar ixtiyoriga o‘tkazilganidan keyin ichki ishlar xodimlari o‘zlarining qora ro‘yxatida bo‘lgan musulmonlarni hibsga olishda yangi usullarni qo‘llayotgani haqida ma‘lum qiladi.

Masalan, so‘nggi hibslarda gumondorlarning uylaridan boshqa sabablar bilan chaqirilib olib ketilganlari yoki "militsiya xodimlarining xizmat vazifalarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatgan" degan vajlar bilan muvaqqat hibsxonaga olib ketilganlari xabar qilingan.

Inson huquqlari guruhiga ko‘ra, qo‘lga olinganlarni dastlab 10-15 kunga qamash haqida hukm chiqarilgan, ular "Toshturma" yoki Tuzel hibsxonalarida saqlanganlar.

"Xullas, militsiya va MXX xodimlari dindorlarning oldindan tuzilgan ro‘yxatlari("qora ro‘yxatlar") asosida masjidlarga muntazam qatnaydigan va o‘z uylarida yig‘iladigan namozxonlarni yashash joylarida hibsga olayaptilar. Bir necha soatdan keyin qo‘yib yuborishga va‘da berib, ularni Ichki ishlar tuman bo‘limi, Shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi, Ichki ishlar boshqarmalariga olib borayaptilar, u yerda ularni ikki-uch kunga vaqtincha saqlash hisbxonalariga tashlamoqdalar", deyiladi Inson huquqlari himoyachilari Tashabbus guruhi hisobotida.

Inson haqlari Tashabbus guruhiga ko‘ra, qo‘lga olinganlar bo‘yniga noqonuniy usullar bilan olingan ko‘rsatmalar asosida soxta ayblovlar qo‘yilmoqda.

Tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromovning aytishicha, O‘zbekistonda masjidga ibodatga qatnaydigan musulmonlarning qayerda yashashlari, qayerda ishlashlari haqidagi ma‘lumotlardan iborat ro‘yxatlar tuzilganiga 15 yildan oshgan.

"Bunday ro‘yxatlar har bir tuman, viloyat ichki ishlar bo‘limlarida, Milliy Xavfsizlik xizmati tashkilotlarida bor. Bular juda katta ro‘yxatlar", deydi Sur‘at Ikromov.

"Bu ro‘yxatdagi insonlar doim kuzatuvda bo‘ladilar. Ko‘p sondagi dindorlarni hibsga olishga "yuqoridan" buyruq kelganida ana shu "qora ro‘yxat"lar ishga solinadi", deydi inson huquqlari faoli.

O‘zbekistonda oxirgi yillarda masjidga muntazam qatnaydigan insonlarning soni tobora ortib bormoqda, aksar kuzatuvchilar fikricha, og‘ir iqtisodiy sharoitdan qutulishning yagona yo‘lini ko‘plab o‘zbekistonliklar dinda ko‘rmoqdalar.

"Bu esa hukumatdagilarni xavotirga solayapti. Diniy ekstremizm, terrorizmdan xavotirda o‘sha ro‘yxatdagi insonlar hibsga olinadi", deydi Sur‘at Ikromov.