O‘zbek bolalari mehnatiga qarshi kurashayotgan Islomiddin Dolimovga savol bering

BBC mehmoni - O‘zbekiston Xalq Harakatining AQSh bo‘limi raisi Islomiddin Dolimov.

Islomiddin Dolimov 2005 yil 13 may kuni Andijonda hukumat kuchlarining o‘qidan yuzlab odamlarning nobud bo‘lishiga guvoh bo‘lgan.

U yana yuzlab omon qolganlar orasida Qirg‘izistonga qochib o‘tgan. So‘ngra BMT panohi ostida avvalo qisqa vaqt Ruminiyada, so‘ngra doimiy ravishda AQShda boshpana topgan.

39 yoshli Islomiddin Dolimov bugunda AQShda O‘zbekiston hukumati siyosatiga qarshi norozilik chiqishlarini uyushtirib kelmoqda.

U, xususan, 15 sentyabr kuni Xalqaro Ishchilar Huquqlari Forumi doxil qator xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda Nyu Yorkda Gulnora Karimovaning modalar tomoshasiga qarshi piket o‘tkazdi.

Janob Dolimov va qator namoyishchilar o‘zbek paxtasi deb o‘n minglab bolalarning ta‘lim va bolalikdan mahrum etilib, dalada mehnat qilishga majburlanayotganiga qarshi shiorlar bilan chiqishdi.

Namoyishga tayyorgarlik AQSh matbuotida yoritilar ekan, modalar haftaligi homiylari o‘zbek prezidentining to‘ng‘ich qizining haftalik doirasida o‘z kollektsiyasini namoyish qilish ruxsatnomasini bekor qildilar.

Gulnora Karimova so‘ngra o‘z tomoshasini nufuzli Chipriani restoranida o‘tkazishga majbur bo‘ldi, biroq o‘zi ko‘rinish bermadi.

Islomiddin Dolimov Andijonda qolgan oilasi mahalliy xavfsizlik kuchlarining to‘xtovsiz bosimlariga uchrab kelayotganiga qaramay, o‘zbek hukumati bosimidan jabr chekkan qurbonlar nomidan gapirishni o‘z vazifasi deb bilishini aytadi.

Ayni damda O‘zbekistonda aholini yoppasiga paxta terimiga jalb etish avjiga chiqqan. Maktab va kollej o‘quvchilaridan tashqari, universitetlar o‘qituvchilari, hamda shifokor va hamshiralar paxta terishga majburlanmoqda.

Paxta terimiga mas‘ul shaxslar orasida esa korruptsiya kuchaygan: ba‘zi o‘qituvchilar paxtaga chiqmaslik evaziga 300 dollargacha pul to‘lashga majburlar.

Ba‘zi tumanlarda aholi kasalxonalarda tibbiy xodimlarning yo‘qligidan shikoyat qilishgan.

Islomiddin Dolimov 28 sentyabr kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tishi rejalangan O‘zbek-Amerika biznes-forumi tashqarisida ham norozilik namoyishini o‘tkazishga tayyorlanmoqda.

Forum Amerika-O‘zbekiston Savdo ishlab chiqarish palatasi tomonidan tashkillashtirilib, unda Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Elyor G‘aniyevning ishtirok etishi kutilmoqda.

Islomiddin Dolimovga savol bermoqchi bo‘lsangiz, matn ostidagi formani to‘ldiring, yoki uzbek@bbc.co.uk manziliga maktub yo‘llang.