Andijonga 2005 yil hodisalari bo‘yicha qamalgan mahbusning jasadi qaytarildi

Andijondagi 2005 yil may oyidagi namoyishda ishtirok etganlik ayblari bilan qamoq jazosiga hukm qilingan deb ko‘riladigan Ravshanbek Otaboyev qamoqxonada olamdan o‘tgan.

Muhojirotdagi "Andijon - Adolat va Taraqqiyot" harakati tarqatgan bayonotga ko‘ra, 55 yoshli Otaboyevning jasadi Navoiy shahridagi qamoqxonadan yaqinlariga 21 sentyabr kuni qaytarilgan va shu zahotiyoq dafn etilishi talab qilingan.

Ravshanbek Otaboyev yaqinlarining aytishlaricha, u 2000 yilda sil xastaligiga chalingan va har yili bir necha oy mobaynida muolaja olishga majbur bo‘lgan.

2005 yil 13 may kuni ko‘p sondagi namoyishchilar viloyat hokimligi yonidagi maydonda yig‘ilganidan xabar topgan Ravshanbek Otaboyev davolanayotgan joyi Asakadagi sil xastaligi bemorlari davolanadigan shifoxonadan Andijon markaziga yo‘l oladi.

"U hukumat qo‘shinlarining namoyishchilarni o‘qqa tutganidan qochib, olomon bilan birga Qirg‘iziston chegarasidagi Teshiktoshgacha boradi, u yerda o‘ng oyog‘idan yaralangan. Ravshanbek Otaboyevni "Tez yordam" mashinasi olib ketgan, shundan keyin hech kim unga nima bo‘lmaganini bilmagan", deydi "Andijon - Adolat va Taraqqiyot" faoli Yusuf Sobirov.

Yaqinlarining aytishicha, Ravshanbek Otaboyev rafiqasining uning qayerdaligini aniqlash maqsadidagi harakatlari samara bermaydi, na tibbiyot muassasalari, na huquq-tartibot organlari Ravshanbek Otaboyev haqida oilasiga xabar bermaydilar.

"Nihoyat bir yildan keyin ayoli uning Toshkentdagi bemor mahbuslar saqlanadigan "Sangorod" shifoxonasida yotganidan xabardor bo‘ladi. Ayolining turli rasmiy idoralarga murojaat qilib, Ravshanbek Otaboyev nimada ayblanib mahkamaga tortilgani, mahkamasi qachon bo‘lib o‘tgani haqidagi so‘rovlariga ham O‘zbekistondagi biror idoradan javob ololmagan. Hatto bugun ham marhumning qarindoshlari buni bilishmaydi", deb aytdi Yusuf Sobirov.

"Andijon - Adolat va Taraqqiyot" tashkiloti faoli aytishicha, qamoqxonada Ravshanbek Otaboyevning salomatligi tobora yomonlashib boravergan.

Har yili bir necha oy Toshkentdagi mahbuslar shifoxonasida davolanishga majbur bo‘lgan.

Bemorligiga qaramasdan, unga boshqa mahbuslarga bo‘lganidek muomala qilingan, u jazoni ijro etish muassasasida boshqa mahbuslar bilan birga saqlangan.

Rasmiylar Ravshanbek Otaboyevning yurak xuruji oqibatida vafot etganini aytganlar.