UNICEF: "O‘zbekistonda bolalarning paxta yig‘im-terimiga jalb etilishlarini kuzatmoqchimiz"

Birlashgan Millatlar UNICEF Bolalar jamg‘armasining bildirishicha, o‘zlari ega bo‘lgan vakolatdan kelib chiqib, o‘zbekistonlik mas‘ullarni bu yilgi paxta terimida bolalar mehnatidan foydalanilishi hollarini kuzatib borishlari bilan boxabar etishgan.

Xalqaro jamg‘armaga ko‘ra, ularni o‘z kuzatuvlari natijalaridan ham ogoh etish niyatlari bor.

"O‘zbekistonda paxta mavsumi endi boshlangani tufayli, hozircha biror bir xulosaga kelganimiz yo‘q", deydi tashkilotning bayonotida.

Uning BBCga bildirishicha, allaqachon O‘zbekistonning turli mintaqalariga kuzatuv guruhlarini ham yuborishgan.

UNICEF vakiliga ko‘ra, bu qisqa kuzatuv bo‘lib, Xalqaro Mehnat Tashkiloti me‘yorlarida ko‘zda tutiluvchi jiddiy va mustaqil so‘rov-kuzatuvga o‘tmaydi.

Xalqaro tashkilotlar bir necha yildan beri O‘zbekistonda majburiy bolalar mehnatidan foydalanish muammolari haqida bong urib kelmoqdalar.

Buning natijasida, jahonning 60 ga yaqin yirik shirkatlari o‘zbek paxtasidan qilingan mollarni boykot qilish haqidagi petitsiyaga ham imzo chekkanlar.

O‘zbekiston rasmiylari paxta dalalarida majburiy bolalar mehnatidan foydalanilayotganini rad etib keladilar.

Lekin ba‘zida bolalar ko‘ngilli ravishda ota-onalariga yordam berishayotganligini aytishadi.

Safarbarlik davom etmoqda

O‘zbekistondagi mustaqil huquq himoyachilari Tashabbus guruhining aytishicha, Qashqadaryo viloyatida 5-sinf o‘quvchilari ham ertalabdan kechgacha paxta terimiga jalb qilingan.

Tashabbus guruhining iddoa qilishicha, tekshiruv olib borilgan 3 viloyatdan aynan Qashqadaryoda 11 yoshli bolalar mehnatidan foydalinilmoqda.

O‘zbekiston inson huquqlari ommaviy tarzda buzilayotgan hamda bolalar, talabalar va fuqarolarni paxta dalalarida majburiy mehnatga jalb qiluvchi davlat sifatida salbiy nom chiqargan.

Har yili O‘zbekiston hukumati butun mamlakatdagi maktablardan ikki millionga yaqin bolalarni paxta dalalariga safarbar qilib, ularni paxta terishga majburlaydi.

Mustaqil huquq himoyachilari Tashabbus guruhi hozircha O‘zbekistonning Farg‘ona, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlaridagi vaziyatni o‘rgangan.

Tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromovning aytishicha, Farg‘ona viloyatida bu yil maktab o‘quvchilarining mehnatidan hozircha foydalanilmayapti.

Toshkent viloyatida esa, 7 chi sinfdan yuqorida o‘qiydigan o‘quvchilar paxta terayotgan bo‘lishsa, Qashqadaryo viloyatida 5 chi sinf o‘quvchilari ham paxtaga jalb qilingan.

Huquq himoyachisi Surat Ikromov buni mehnat kuchini yetishmasligi bilan izohlaydi.

“Qashqadaryoda odamlar soni kam, yetishmaydi. Menimcha, ular shuning uchun ham beshinchi sinflarni ham jalb etishga majbur bo‘layapti. Toshkent viloyatida aholi zichroq yashaydi, shuning uchun ham yuqori sinf o‘quvchilarini jalb etishgan. Farg‘ona viloyatida esa juda ham zich”, - deydi Su‘rat Ikromov.

Huquq himoyachisiga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatidagi asosan paxtaga ixtisoslashgan tuman maktab o‘quvchilari ertalabki soat sakkizdan dalaga chiqariladi va quyosh botguncha berilgan rejani bajarishga to‘g‘ri keladi. Maktab o‘quvchisiga bir kunlik reja 70 kilogramm qilib belgilangan, ammo pastki sinf o‘quvchilariga kamroq terish topshirilgan.

“5 chi sinf bilan 9 chi sinfning farqi bor. Bolalarni qiziqtirish maqsadida kim 60 kilo tersa, mukofot olasizlar, deb o‘qituvchilar aytgan. Unaqa 60 kilo terganlar bo‘lmagan, 50-45 kilo terishgan. Lekin yuqori sinflar ko‘proq tergan”, - deydi Qashqadaryo viloyatida maktab o‘quvchilarini paxtaga jalb qilinganini o‘rgangan Surat Ikromov.

Huquq himoyachisiga ko‘ra, bir kilo terilgan paxtaning narxi 150 so‘m qilib belgilangan bo‘lsa-da, turli chegirmalardan so‘ng o‘quvchilar kilosiga 100 so‘mdan haq olishmoqda.

Maktab o‘quvchilarining dalaga yuk tashish uchun mo‘ljalllangan mashinada olib ketilishi va kechqurun esa o‘zlari qaytishga to‘g‘ri kelishi aytiladi.

Bundan tashqari, toza ichimlik suvi va oziq-ovqat masalalari ham talablarga javob bermaydi.

"Darslar reja asosida davom etmoqda..."

Qashqadaryo xalq ta‘limi boshqarmasidan o‘zini boshqarma rahbarining yordamchisi deb tanishtirgan Shodiyor Mo‘minov viloyatda birorta ham maktab o‘quvchisi paxta terimiga jalb qilinmaganini va maktablarda darslar reja asosida davom etayotganini bildirdi.

“Viloyat bo‘yicha birorta maktab o‘quvchilari paxta yig‘im-terimiga jalb etilmagan. Qonuniy rejim asosida o‘quv bo‘layapti. Soat 8 da dars boshlanib, belgilangan o‘quv rejalari bo‘yicha davom etayapti. Darsdan keyin ham paxtaga chiqmaydi. 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning mehnatidan foydalanish mutlaqo taqiqlangan”, - deydi Shodiyor Mo‘minov.

Jizzax viloyatining paxtaga ixtisoslashgan tumanlarida 8-9-sinf o‘quvchilariga maktablar yopilgan va ular paxta-yig‘im terimiga jalb qilingan.

“8-9-sinflar chiqayapti, mayda sinf o‘quvchilari chiqqani yo‘q. Kollej talabalari chiqishyapti. Bu yil nimagadir kichik sinf o‘quvchilarini paxtaga chiqarmadi”, - deydi jizzaxlik tinglovchimiz.

Jizzax viloyatining tog‘li hududlaridangi maktab o‘quvchilari paxta ekiladigan tumanlarga ommaviy paxta terishga jalb etilgan.

G‘allarol, Forish va Baxmal tumanlarining 8-9-sinf o‘quvchilari cho‘l hududlariga paxta terimiga olib ketilgani aytiladi.

Maktab va kollejdan majburiy ravishda paxta terimiga olib ketilayotgan bo‘lsa-da, unga bormaslikning yo‘llari ham borligi ta‘kidlanadi.

“Paxtaga bormaslik uchun maktablarda 100 ming, kollejlarda 200 ming so‘m berasiz. Yoki o‘rniga o‘rin odam yuborasiz. Misol uchun, singlimning o‘rniga yigit bolani yollasam, unga 100 ming so‘m beraman. Yigit o‘rniga borib, u yoqda yana pul ishlashi mumkin. Ular ko‘ngilli yollanuvchilar emas, majburlikdan boradiganlar. Sharoiti yo‘qlar va oilasida yetishmovchilik borlar majburan boradi”, - deydi tog‘li tumanlarda yashovchi Bahrom.

O‘zbekiston iqtisodi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan. Ekin maydonlarining katta qismida paxta yetishtiruvchi respublika uni ekib, yig‘ib olguncha qo‘shimcha ishchi kuchiga ehtiyoj sezadi.

Yog‘inli kunlargacha ochilgan paxtani terib olish uchun dehqonlarning oldida 1 oy, uzog‘i bilan 2 oy muddat bo‘ladi.

Paxta tolasini chetga eksport qilish orqali mo‘may daromad ko‘ruvchi hukumat ushbu qimmatbaho xom-ashyoni sifatli ravishda terib olish uchun butun zahiradan foydalanishga harakat qiladi.

O‘zbekiston qonunlarida voyaga yetmagan bolalarning mehnatidan foydalanish taqiqlangan bo‘lsa-da, har yili o‘rtacha 2 millionga yaqin maktab o‘quvchilarining paxta yig‘im-terimiga majburan jalb qilinishi aytiladi.

Kuzatuvchilar Sho‘rolar davridan beri xunuk an‘anaga aylangan ushbu noqonuniy mehnatdan foydalanishni to‘xtatish uchun hukumat yetarli harakat qilmayotganini aytadi.

Paxtaning asosiy qismi yildan yilga faqat qo‘lda terishga o‘tilayotganini va uni yig‘ib olishda texnika takomillashtirilmayotgani tanqid qilinadi.