Amerika nega O‘zbekistonga yana o‘ta muhim ittifoqchi deya qaramoqda?

Image caption Prezident Karimov AQShning O‘zbekiston muhim ittifoqchi degan xulosaga kelishiga erishdi

AQSh Prezidenti Barak Obama o‘zbekistonlik hamkasbi Islom Karimovga qo‘ng‘iroq qilgan va uni O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligi bilan tabriklagan.

Ikkovlon AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishni, xususan fuqarolik jamiyatlari va xususiy sektordagi aloqalarni mustahkamlashga kelishganlar.

Bu haqida Oq Uy web sahifasida e‘lon qilingan.

"Prezident Obama farovonroq va xavfsizroq O‘zbekiston ikki mamlakat uchun ham manfaatli ekani, va demokratiyani rivojlantirish ana shu maqsadga erishishga yordam berishini aytgan. Ikki prezident, shuningdek, barqaror, xavfsiz va farovon Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlashga qiziqishlari va bunga erishish yo‘lidagi sa‘y harakatlarini muhokama qilganlar," deyiladi bayonotda jumladan.

2005 yil Andijon voqealari ortidan AQSh tanqidi sabab sovuqlashgan AQSh-o‘zbek aloqalari tobora iliqlashmoqda.

Bunga sabablar nima? BBC Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha siyosiy tahlilchi Jon Makkartidan avvalo u AQSh-o‘zbek aloqalarining bugungi ahvolini qanday baholashini so‘radi.

Makkarti: Men O‘zbekiston-Amerika munosabatlari juda bir omilkorona, ishbilarmonlik asosida olib borilayapti deb o‘ylayman. AQSh nuqtai nazaridan qaralsa, Amerika uchun bugunda O‘zbekiston bilan aloqa qilishning asosiy maqsadi o‘zining Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarini qo‘llab-quvvatlashdir. 2005 yilda AQSh o‘zbek havo bazalaridan chiqarib yuborilganiga guvoh bo‘ldik. Ana o‘shanda rasmiy Vashington anglab yetdiki, O‘zbekiston bilan aloqalar o‘ta pragmatik tarzda olib borilishi kerak.

BBC: Obamaning Prezident Karimovga sim qoqayotgani ham o‘sha pragmatik siyosatning nishonasimi? Bu Amerikaning naqadar O‘zbekistonga zor ekanidan darak bersa kerak, shundaymi?

Makkarti: Ha, bu to‘g‘ri. AQSh O‘zbekistonga zor degan gapingizga ham men qo‘shilaman. Afg‘onistondagi Amerika qo‘shinlariga zahiralar yetkazuvchi kuchlar Pokiston tranzit yo‘llaridan foydalanayotganlarida, ayniqsa o‘tgan bir yil davomida ko‘p hujumlarga uchrashgan. Shimoliy Afg‘onistondagi kuchlar uchun dastak yetkazib beruvchi Shimoliy Ta‘minot Tarmog‘i o‘ta katta ahamiyat kasb eta boshladi. Prezident Obamaning Karimovga qo‘ng‘iroq qilgani ham ana shu ta‘minot tarmog‘iga muhtojlik naqadar yuqori darajada ekanidan dalolat beradi.

BBC: Ammo, ayni damda inson huquqlari tashkilotlarining havotirlari tobora ko‘p izhor qilinmoqda - kecha 20ta huquq tashkilotlari AQSh davlat kotibi Hillari Klintonga O‘zbekistonga harbiy yordam bermaslikni so‘rab maktub topshirishdi. Biroq, Obamaning siyosatiga qaralsa, unga O‘zbekistondagi insonlarning huquqlari qanday poymol qilinayotganining unchalik farqi yo‘q ko‘rinadi, shundaymi?

Makkarti: O‘zbekistonga beriladigan harbiy yordamni qayta tiklash borasidagi qaror avvalroq qabul qilingan shartlarni pisand qilmaydi. O‘zbekistonga harbiy yordam berish u yerdagi inson huquqlari vaziyatining ahvoliga bog‘liq bo‘lishi borasida shartlar bor edi. Nazariyaga qaralsa, Toshkentga harbiy yordam berish borasidagi qarorni qabul qilishdan oldin Klinton xonim O‘zbekiston inson haqlari sohasida taraqqiyotgan erishdi degan hujjatga imzo chekishi kerak. Biroq, AQSh bu shartni bekor qildi. Ya‘ni, O‘zbekistonda o‘tgan bir necha yil davomida inson haqlari vaziyatida hech qanday ijobiy siljish qayd qilinmagan, biroq shunga qaramay, amerikaliklar baribir harbiy yordamni berishga qaror qildilar.

BBC: O‘zbekistonga beriladigan AQSh harbiy yordami o‘zi qanday yordam? Nimalar kiradi unga?

Makkarti: Nazariy jihatdan qaraladigan bo‘lsa, unda o‘zbek qo‘shinlariga o‘z chegaralaridagi xavfsizlikni kuchaytirishga yordam berishi ko‘zda tutiladi. Birinchi yilda u faqat 100 ming dollar atrofida bo‘ladi. Harbiy nuqtai nazaridan qaralsa, aslida bu miqdor juda kam. Lekin, bu yerda muhim bir jihat shuki, Prezident Karimov amerikaliklarni ular Karimovga muhtoj ekanliklarini anglab yetishga majbur qildi. U yana bir bor Amerikaning "Karimov - o‘ta muhim sherik" deb qaror qilishiga erishdi.

BBC: Demak, Obama Karimov bilan hamkorlik qilsa ham baloga qoladi, hamkorlik qilmasa ham?

Makkarti: Menimcha, bu to‘g‘ri baho...