AQShning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus elchisi Toshkentga bormoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

AQShning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus elchisi Mark Grossman ishchi safari mobaynida O‘zbekiston rahbariyati bilan uchrashadi.

Bu AQSh Kongressi O‘zbekistonga bekor qilgan yordamlarini qayta tiklashga qaror qilgani hamda Prezident Barak Obama bilan Prezident Islom Karimov telefon muloqotidan keyingi ilk amerikalik yuqori lavozimli mulozimning Toshkentga safari bo‘ladi.

Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus elchi Mark Grossmanning ikki haftalik safari Afg‘onistonga bag‘ishlangan ikki yirik anjuman oldidan AQSh ittifoqchilari bilan maslahatlashuvlarni ko‘zda tutgan.

AQSh qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlangan yilda Afg‘onistondagi vaziyat va kelajak istiqbollarini shu yilning 2 noyabrida Turkiyaning Istanbul shahrida, 5 dekabrda esa Olmoniyadagi Bonn shahrida o‘tkazilishi mo‘ljallangan anjumanlarda muhokama etish rejalangan.

Xalqaro anjumanlardan oldin janob Grossman Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Xitoy, O‘zbekiston, Turkmaniston, Hindiston, Pokiston va Qatarda bo‘lib uchrashuvlar o‘tkazmoqchi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи usembassy.gov
Image caption AQSh maxsus elchisi Mark Grossmanning Toshkentdagi "Hazrati Imom" majmuasiga tashrifi

Iste‘fodagi diplomat Mark Grossman shu yil fevralida AQShning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus elchisi etib tayinlangan edi.

Ushbu lavozimdagi taniqli keksa diplomat Richard Xolbruk o‘tgan yil dekabrida olamdan o‘tgan edi.

AQShning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus elchisi Mark Grossman may oyida ilk bor Toshkentga borgan, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Elyor G‘aniyev bilan muzokara o‘tkazgan.

Janob Grossman qariyb 30 yil mobaynida AQSh tashqi siyosat idorasida ishlagan.

U, xususan, AQShning Turkiyadagi elchisi, AQSh Davlat kotibining Ovro‘po bo‘yicha yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan.

Mark Grossman Kosovodagi urushni to‘xtatishga ko‘maklashgan, 2001 yil 11 sentyabr hujumlaridan keyin AQShning terrorga qarshi urushida xalqaro dastakka erishish harakatlariga ulush qo‘shgan diplomat sifatida tanilgan.