Ovro‘po Ittifoqi O‘zbekistonga berilgan savdo imtiyozini bekor qildi

Ovro‘po parlamenti Tashqi ishlar qo‘mitasi ittifoq va O‘zbekiston o‘rtasida o‘zbek paxtasining Ovro‘poda sotilishini osonlashtirishni ko‘zda tutgan imtiyozni bekor qildi.

Ovro‘po parlamenti tomonidan yakdillik bilan qabul qilingan mazkur qaror O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimiga balog‘atga yetmagan bolalar jalb etilayotgani bilan izohlangan.

Ovro‘po Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida 1999 yili imzolangan "Sherikchilik va Hamkorlik kelishuvi"ga muvofiq, ittifoq O‘zbekistonda ishlab chiqilgan to‘qimachilik mollarining o‘z hududida sotilishida qulayliklar yaratgan edi.

Hozirga qadar Ovro‘po Ittifoqi O‘zbekistonda ishlab chiqilgan paxtaning choragini sotib olayotgan edi.

O‘zbekiston paxta ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinda turadi.

Ovro‘po Ittifoqi mulozimlari imtiyozlarni qayta tiklash masalasiga O‘zbekiston paxta terimida bolalar mehnatidan butunlay voz kechgach qaytishini ta‘kidlamoqdalar.

Iyun oyida Ovro‘po parlamentining Angliya va Litvadan bo‘lgan ikki a‘zosi Ovro‘po Komissiyasidan O‘zbekistondagi bolalar mehnatiga doir xalqaro tashkilotlarning shikoyatlari yuzasidan qanday choralar ko‘rgani haqida hisobot berishni talab qilgan edi.

Ular shuningdek, Ovro‘po Ittifoqi O‘zbekistonga berilgan savdo imtiyozlarini bekor qilish masalasini qo‘yganlar.

10 iyun kuni Xalqaro Mehnat Tashkilotining Jenevada o‘tgan anjumanida inson huquqlari tashkilotlari O‘zbekiston paxta sanoatidagi bolalar mehnati yuzasidan xalqaro tekshiruv o‘tkazishga chaqirganlar.

"Har yili kuzda maktablar yopiladi va yuz minglab bolalar sinf xonalaridan haydalib, dalalarga paxta terish uchun olib chiqiladi. O‘zbekiston rasman bolalar mehnatidan foydalanayotganini rad etgani holda, hozirgacha Xalqaro mehnat Tashkilotining kuzatuvchilar guruhini mamlakatga kiritmadi", deyiladi Xalqaro Mehnat Huquqlari Forumi tarqatgan bayonotda.

O‘zbekiston hukumati bolalar mehnatidan foydalanayotganini rad etib keladi.

Oxirgi ikki yilda O‘zbekiston parlamenti bolalar mehnatini taqiqlovchi ikki xalqaro konventsiyani ratifikatsiya qilgan va mahalliy qonunchilikning bolalarning mehnat yoshini tartibga soluvchi bandlari xalqaro qonunlarga muvofiq xolga keltirilgan.

Biroq faollarga ko‘ra, O‘zbekiston rasmiylari balog‘atga yetmagan bolalar mehnatidan hali-beri voz kechadiganga o‘xshamaydi.

Bu yil ham kollejlar, litseylar talabalari hamda o‘rta maktablar yuqori sinf o‘quvchilarining ommaviy ravishda paxta yig‘im-terimiga safarbar etilgani bunga isbotdir.