O‘zbekiston: yangi qonun mahbuslarning ahvolini yaxshilaydimi?

Image caption O‘zbek militsiyasi va xavfsizlik kuchlari mahbuslar va mahkumlarni muntazam qiynoqqa tutishi aytiladi.

Prezident Islom Karimov mahbuslar va gumondorlarning huquqlariga doir yangi qonunni imzolagan.

Qonun har qanday qiynoq va boshqa turdagi noinsoniy muomalani taqiqlaydi va mahbuslarning huquqlarini batafsil bayon qiladi.

Shu yilning iyulida parlamentning quyi palatasi tomonidan qabul qilingan qonun 26 avgust kuni Senat tarafidan ma‘qullangan edi.

Yangi qonunda, shuningdek, hibsda ushlab turilgan shaxs, uning jinoyat sodir etgani qonunda belgilangan tartibda isbotlanmagunicha va mahkama hukmi bilan tasdiqlanmagunicha, aybsiz hisoblanishi ta‘kidlanadi.

O‘zbekiston dunyodagi inson huquqlarining ahvoli eng ayanchli bo‘lgan davlatlardan biri.

Inson huquqlari tashkilotlari hamda BMTning maxsus ma‘ruzachisi militsiya va xavfsizlik kuchlari mahbuslar va mahkumlarni muntazam qiynoqqa tutishini aytishgan.

Qog‘ozdagi va amaldagi huquqlar

Yangi qonunda mahbuslarning huquqlari batafsil bayon qilingan.

Jumladan, mahbus o‘z huquq va erkinliklari, hibsxona tartibi, ushlab turish qoidalari va shikoyat, arizalar yozish huquqiga ega.

Shuningdek, hibsxona nozirlari va boshqa mulozimlarining shaxsiy qabuliga kirish, yozishmalar olib borish, shaxsiy xavfsizlik, himoyachi va yaqinlari bilan ko‘rishish, bepul oziq-ovqat va dori-darmonlar olish, kunda sakkiz soatlik uyqu va kamida bir soat sayr, qamoqxona xodimlari tomonidan yaxshi muomala, adabiyotlar, jumladan, diniy adabiyotlar va ibodatlarni ado etish singari huquqlar.

O‘zbekiston qonunchiligida mahbuslarning huquqlariga birinchi marta e‘tibor qaratilayotgani yo‘q.

O‘zbekiston Qiynoqlarga qarshi BMT Konventsiyasini imzolagan va bu borada maxsus dastur ham qabul qilgan.

Bundan tashqari, Jinoiy Protsessual Kodeks qiynoq va boshqa turdagi noinsoniy muomalani taqiqlaydi va ruhiy yoki jismoniy bosim ostida olingan dalillarni kuchga ega emas, deb hisoblaydi.

Norasmiy O‘zbekiston Inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromovning aytishicha, muammo qonunlarning ijrosida.

"Har bir mahkamaning ochilishida sudya ayblanuvchidan qiynoqqa tutilib-tutilmaganini so‘raydi. Hatto so‘ramagan holatlarda ham ayblanuvchilar ko‘pincha qiynoqqa solinganliklarini aytishadi va ba‘zilari badanlaridagi qiynoq izlarini ham ko‘rsatadilar. Ammo na sudya va na prokuror buni inobatga olmaydi", - deydi Surat Ikromov.

"Bunga o‘xshagan qonunlarning qabul qilinayotganiga qaramay, qiynoqlar natijasida vafot etganlarning soni kamaymayapti", - deydi huquq himoyachisi.

Uning ishonishicha, muammoning ildizi O‘zbekistonda qaror topgan tizimda.

"Bu siyosiy masala. Diniy va siyosiy mahbuslarga qarshi qiynoqlar eng yuqori darajada ma‘qullangan", - deydi Surat Ikromov.