"Barselona" sobiq prezidenti O‘zbekistondan "xizmat haqi" olganini tan oldi

Image caption Xuan Laporta davrida "Barselona" o‘z tarixidagi eng yorqin g‘alabalarni qo‘lga kiritgan

Ispaniyaning "Barselona" futbol jamoasi sobiq prezidenti Xuan Laporta mahkamaga uning huquqiy xizmat ko‘rsatish shirkati O‘zbekistonda faoliyat yuritgan Shveytsariyaning "Zeromaks" shirkatidan 10 million yevrodan ko‘proq mablag‘ olganini e‘tirof etdi.

Biroq, Xuan Laporta mazkur mablag‘ "Barselona" futbol jamoasi tomonidan O‘zbekistonning "Bunyodkor" futbol jamoasiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun berilgan noqonuniy kommission pullari bo‘lgani haqidagi da‘voni rad etdi.

Turkiyalik futbol agenti Bayram Tutumluning da‘vo qilishicha, u "Barselona" va "Bunyodkor" o‘rtasidagi hamkorlik bitimini imzolashda vositachilik qilgan, biroq unga vositalik qilgani uchun olingan daromadning 10% foizi Xuan Laporta tomonidan berilmagan.

Aynan shu holat turk futbol agentini Xuan Laportaga qarshi mahkamaga murojaat qilishga yetaklagan.

Uning da‘vo qilishicha, Xuan Laporta noqonuniy vositachilik qilish yo‘li bilan mo‘may daromad topgan.

Bayram Tutumluga ko‘ra, noqonuniy komission pullar Xuan Laporta egalik qiladigan "Laporta va Arbos" huquqiy xizmat ko‘rsatish shirkatining Shveytsariyadagi bank hisobiga yotqizilgan.

"Barselona" sobiq prezidenti futbol klublari bilan aloqa qilishda moliyaviy tartibni buzishda ayblangan.

Mahkamani tark etar ekan janob Laporta o‘zining "Barselona"ning joriy prezidenti Sandro Roselli tomonidan tashkillashtirilgan "siyosiy dasisa qurboni"ga aylanganini da‘vo qilgan.

Xuan Laporta shuningdek Bayram Tutumli bilan avval ikki marta uchrashganini tan olgan. Biroq, hozirga qadar u turkiyalik futbol agenti bilan umuman uchrashmaganini aytib kelayotgandi.

"Zeromaks"dan uch yil davomida turli huquqiy maslahatlar uchun xizmat haqi olindi, - deb aytgan Xuan Laporta.

Shveytsariyada ro‘yxatdan o‘tgan "Zeromaks" shirkatining O‘zbekistonning yetakchi futbol jamoalaridan biri "Bunyodkor"ga egalik qilgani ishoniladi.

"Zeromaks" o‘tgan yili may oyida kasodga uchraganini e‘lon qilib, faoliyatini to‘xtatgan edi.

O‘zbekiston iqtisodida cheksiz imkoniyatlardan bahramand bo‘lib kelgan "Zeromaks" O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga aloqadorligi aytib kelingan.

"Barselona" va "Bunyodkor" futbol jamoalari o‘rtasida 2008 yilda izmolangan hamkorlik bitimiga muvofiq, "Barselona"ning bir necha o‘yinchisi, jumladan Lionel Messi, Karlos Puyol va Andres Iniyesta, O‘zbekistonga safar qilib, futbol mashg‘ulotlari o‘tkazgan edi.

Laporta 2003 yildan 2010 yilga qadar "Barselona" futbol jamoasiga prezidentlik qilgan.

Uning rahbarligi ostida "Barselona" ikki marta Chempionlar Ligasi va to‘rt marta Ispaniya La Ligasi g‘olibiga aylangan.