Toshkentda Xalqaro o‘zbek paxtasi yarmarkasi ochilgan

Image caption Navbatdagi paxta yarmarkasi O‘zbekiston paxta terimida bolalar mehnatidan foydalanayotgani xalqaro hamjamiyatning keskin tanqidlariga uchrayotgan bir paytda kuzatilmoqda.

O‘zbekiston poytaxtida o‘tayotgan ushbu ikki kunlik tadbirda xorijlik paxta xomashyosi xaridorlari ishtirok etishadi va yangi oldi-sotdi shartnomalarini imzolash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vazirligi matbuot xizmati bu yilgi tadbirda jahonning 38 davlatidan 300dan ortiq shirkat vakillari ishtirok etishlarini ma‘lum qilgan.

Ma‘lumki, O‘zbekiston paxta ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinda turadi.

O‘zbek paxtasining 40 foizini Rossiya shirkatlari, qolgan qismini Xitoy, Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Janubiy Koreya va Birlashgan Arab Amirliklaridagi qator shirkatlari sotib olishlari aytiladi.

Tanqidlar

Ammo, navbatdagi paxta yarmarkasi O‘zbekiston paxta terimida bolalar mehnatidan foydalanayotgani xalqaro hamjamiyatning keskin tanqidlariga uchrayotgan bir paytda kuzatilmoqda.

Sal oldinroq, jahondagi 60dan ortiq yirik shirkatlar bolalar mehnatidan foydalanilgani tufayli O‘zbekistonda yetishtirilgan paxta xom ashyosini boykot qildilar. Bolalar qo‘li bilan terilgan o‘zbek paxtasini ishlatmaslik haqidagi va‘dani imzolaganlar orasida "Adidas" dan torib, H&M gacha dunyoga dong‘i ketgan shirkatlar bor.

Yaqindagina Ovro‘po parlamenti Tashqi ishlar qo‘mitasi ham ittifoq va O‘zbekiston o‘rtasida o‘zbek paxtasining Ovro‘poda sotilishini osonlashtirishni ko‘zda tutgan imtiyozni bekor qilgandi.

Ovro‘po Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida 1999 yili imzolangan "Sherikchilik va Hamkorlik kelishuvi"ga muvofiq, ittifoq O‘zbekistonda ishlab chiqilgan to‘qimachilik mollarining o‘z hududida sotilishida qulayliklar yaratgan edi.

Hozirga qadar Ovro‘po Ittifoqi O‘zbekistonda ishlab chiqilgan paxtaning choragini sotib olayotgan bo‘lgan.

Paxta terimiga bolalar safarbarligi

Xalqaro tanqidlaru boykotlarga qaramay, bu yil ham mamlakat bo‘ylab kollej va litsey talabalari hamda maktablar yuqori sinf o‘quvchilari paxta yig‘im-terimiga ommaviy ravishda safarbar etilganlari xabar qilinadi.

Jarayonni kuzatgan huquq faollari bu yil bolalarning majburiy mehnati bilan bog‘liq vaziyat o‘tgan yillardagidan ko‘ra ham yomonlashganini aytishadi.

Har yil mamlakatda yuz minglab bolalarning paxtaga majburan chiqarilishi taxmin qilinadi. Biroq, O‘zbekiston hukumati bolalar mehnatidan foydalanishini davomli rad etib keladi.

Oxirgi ikki yilda O‘zbekiston parlamenti bolalar mehnatini taqiqlovchi ikki xalqaro konventsiyani ratifikatsiya qilgan va mahalliy qonunchilikning bolalarning mehnat yoshini tartibga soluvchi bandlari xalqaro qonunlarga muvofiq holga keltirilgan.

Biroq faollarga ko‘ra, O‘zbekiston rasmiylari balog‘atga yetmagan bolalar mehnatidan hali-beri voz kechadiganga o‘xshamaydi.