Islom Karimov Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro anjumanlarda ishtirok etadi

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov AQSh va NATOning Afg‘onistonga bag‘ishlanadigan ikki xalqaro anjumanga ishtirok etish taklifini qabul qilgan.

Afg‘onistondagi vaziyat va kelajak istiqbollarini muhokama etish rejalangan anjumanlardan biri joriy yilning 2 noyabrida Turkiyaning Istanbul shahrida, ikkinchisi esa, 5 dekabrda Olmoniyadagi Bonn shahrida o‘tkazilishi mo‘ljallangan.

Mazkur xabar Qo‘shma Shtatlar va Olmoniyaning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakillari Mark Grossman va Mixail Shtaynerlarning Toshkentda O‘zbekiston rahbari bilan uchrashuvidan so‘ng ayon bo‘lgan.

Hafta boshlarida oliymartabali diplomatlar O‘zbekistonga kelib, mamlakat rahbariyati bilan Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish masalalarini muhokama qilgandi.

11 oktyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida janob Grossman va Mixail Shtayner O‘zbekistonning Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarga dastagi va u yerdagi vaziyatni o‘nglash uchun qo‘shayotgan hissasini yuqori baholagan.

"Men Afg‘onistondagi muammolar yechimi Afg‘oniston ichkarisidan topilishi kerakligi va mintaqa hamda qo‘shnilar tarafidan bu mustaqil qarorlar hurmat qilinishi kerak degan fikrda yakdilmiz, deya olaman. Ikkinchi urg‘ulamoqchi bo‘lganim, Prezident 2 noyabrda Istanbul va 5 dekabr kuni Bonnda o‘tadigan ikki anjumanda ishtirok etish taklifini qabul qilishini aytdi", deb aytgan Olmoniyaning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili Mixail Shtayner.

So‘nggi paytlar Amerika va Pokiston munosabatlarining sovuqlashishi ortidan Afg‘onistonga yuk ta‘minoti va u yerda olib borilayotgan qayta tiklash ishlarida Rossiya va Markaziy Osiyo orqali Afg‘onistonga boruvchi Shimoliy Ta‘minot Tarmog‘iga katta ehtiyoj paydo bo‘lgan.

Image caption AQSh O‘zbekiston muhim ittifoqchi degan xulosaga keldi

Yaqinda AQSh Prezidenti Barak Obama o‘zbekistonlik hamkasbi Islom Karimovga qo‘ng‘iroq qilib, uni O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligi bilan tabriklagani hamda O‘zbekistondan Afg‘onistondagi qo‘shinlari ta‘minotida ko‘proq o‘rin tutishini so‘ragani xabar qilingandi.

Sal oldinroq, AQSh Kongressi O‘zbekistonga 2004 yil to‘xtatilgan harbiy yordamlarini qayta tiklashga qaror qilgandi.

Vashingtonda esa, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Elyor G‘aniyev iliq kutib olingan.

Ayni paytda 2005 yil Andijon voqealari ortidan sovuqlashgan AQSh-O‘zbekiston munosabatlarining iliqlashayotgani qator inson huquqlari tashkilotlari tomonidan tanqid qilingan.

"Amnesti Interneyshnl", "Human Rights Watch" va Xalqaro Inqiroz guruhi doxil yigirmata tashkilot AQSh Davlat kotibiga maktub yo‘llab, inson huquqlari masalasida O‘zbekistonga nisbatan qat‘iy mavqeda qolishni so‘ragandi.

Ammo, AQSh O‘zbekistonda inson huquqlari ahvoli o‘nglanayotgani nishonasi borligini aytadi.