O‘zbekistonlik fermer hamon hibsda ushlab turilibdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

Xorazm viloyati Shovot tumanida fermer ayol Safargul Quryazova qariyb bir haftadan beri hibsda ushlab turilibdi.

13 oktyabr kuni kechda Shovot tumani hokimiyatiga chaqirilgan Safargul Quryazovani fuqaro kiyimidagi huquq-tartibot xodimlari olib ketishgan.

Hozirda uning Urganch shahridagi Ichki ishlar bo‘limi tergov izolyatorida saqlanayotgani aytiladi. Hozirgacha fermerning oila a‘zolariga u bilan ko‘rishish ruxsati berilmagan.

Faqat Safargul Quryazovaning himoyachisi uning oldiga kirib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Bundan oldin fermer ustidan 219-modda, ya‘ni hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish ayblovi asosida mahkama jarayoni kechayotgan bo‘lgan.

O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromovga ko‘ra, belgilangan kunda sudga bormagani ortidan Safargul Quryazovaga qidiruv e‘lon qilingan va hozir aynan mana shu qaror asosida ushlab turilibdi:

"O‘sha sudda ishtirok qilmagani uchun. Advokat chiqib gapirib bergan, ya‘ni Buxoro viloyat sudining ajrimi bo‘yicha hisbga olingani haqida. Suddan qo‘ng‘iroq qilishgan, uydagilar uning Toshkentda ekani, u yerda qizlari yashashi, o‘shaning oldiga va boshqa uchrashuvlarga ketganini aytishgan. Shunga qaramay, sudya uni qidiruv asosida ajrim chiqargan. Endi o‘sha sudi boshlansa, o‘sha sud olib borishsa kerak, deb o‘ylayman".

Mahkama ishi 3 yildan beri davom etayotgan bo‘lgan. Ish bir necha viloyatlar, tuman mahkamalarida ko‘rib chiqilgan. Biroq, ayblov isboti topmagani tufayli ajrim chiqarilmagan. Oxirgi mahkama ishi Buxoro mahkamasi tarafidan ko‘rib chiqilayotgan bo‘lgan.

Ayblov nima asosida?

BBC xuddi shu savolni fermerning turmush o‘rtog‘i Rahmatilla Nurjonovga bergan. U esa, mojarolar fermer xo‘jaligi ixtiyorida bo‘lgan yer tufayli kelib chiqqanini aytgan:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov ham Safargul Quryazovga qo‘yilgan ayblovlar soxta ekanini ta‘kidlaydi:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Oy boshlarida O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi Xorazm viloyati Shovot tumanidagi "Zubayda-Xolida-Aziza" fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi, sobiq agronom Safargul Quryazova Toshkentdagi Mustaqillik maydonida o‘ziga o‘t qo‘ymoqchi bo‘lgani xususida xabar tarqatgandi.

Bunga fermerga nisbatan ochilgan jinoyat ishi va tuman rasmiylarining tazyiqlari sabab bo‘lgani aytilgan.

O‘zbekistonda fermerlarga nisbatan mahalliy idoralarning bosimlari haqida xabarlar yangilik emas.

O‘tgan oy Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida o‘z joniga qasd qilgan fermer Ismoil To‘ranazarovning dafn marosimi bo‘lib o‘tgan.

Uning o‘limi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan xabar qilingan edi.

Mahalladoshlari va muzrabotlik boshqa fermerlarning aytishlaricha, o‘limidan oldin Muzrabotda o‘tkazilgan paxta yig‘im-terimiga bag‘ishlangan majlisda 50 yoshli Ismoil To‘ranazarovni kunlik paxta topshirish rejasini bajarmagani uchun Surxondaryo viloyat hokimi tahqirlagan va u bir kecha mobaynida hibsga olingan.