"Real"(Madrid)ning O‘zbekistondagi futbol akademiyasi qanday bo‘ladi? – so‘nggi tafsilotlar

Ispaniyaning Qirollik klubi O‘zbekistonda o‘zining Markaziy Osiyodagi ilk futbol akademiyasini ochish rejasida qat‘iy ekani va bu xususdagi yakuniy hujjat tez orada Ispaniyada imzolanishini ma‘lum qildi.

Bu haqda "Real"(Madrid) klubi jamg‘armasi hay‘ati ishtirokida kecha O‘zbekiston Futbol Federatsiyasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani ortidan ma‘lum bo‘lgan.

Biz ushbu matbuot anjumanida ishtirok etgan o‘zbekistonlik faxriy futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayevdan tafsilotlarni so‘radik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Tarkibida jamg‘arma Vasiylik kengashi raisi Karlos Eskudero de Buron Gonsales va uning yordamchisi Antonio Sanches Leonlar ham bo‘lgan ispaniyalik hay‘at 22 oktyabr kuni ikki kunlik safar bilan Toshkentga tashrif buyurgandi.

Rasmiy xabarlarda hay‘atning poytaxt Toshkentda o‘z futbol maktabini ochish loyihasi bo‘yicha muzokaralar olib borish maqsadida O‘zbekistonga kelganligi aytilgandi.

"Shunisi quvonarliki, ana shunday akademiyalardan biri O‘zbekistonda ham barpo etiladi. U Markaziy Osiyoda birinchi bo‘ladi", - deb aytgan Karlos Eskudero.

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi janob Eskuderoning jurnalistlar bilan suhbatiga tayanib tarqatgan xabarlariga ko‘ra, "Real"(Madrid)ning Toshkentdagi futbol akademiyasi kamida 100 bola(ham o‘g‘il va ham qizlar)ga mo‘ljallangan bo‘ladi.

Bo‘lajak o‘quvchilarning yoshi 8 dan 16 yoshgacha bo‘lishi ham aytiladi.

Mahalliy jurnalistlar bilan suhbatida janob Eskudero bolalarga tahsil berish uchun Ispaniyaning o‘zidan mutaxassis yuborilishi ehtimolini ham nazardan soqit etmagan.

"Ishonch bilan shuni aytishim mumkinki, bizning mutaxassislar bu yerda albatta bo‘lishadi. Birinchi ish murabbiylardan birini Toshkentga yuborishdan boshlanadi. U faoliyat yo‘nalishini aniqlab oladi va shu asosida biz ish olib boramiz", deb aytgan u.

"Ajoyib joy"

"Real"(Madrid) klubi jamg‘armasi Vasiylik kengashi raisi nega futbol akademiyalarini aynan O‘zbekistonda ochishga qaror qilishgani savoliga o‘zlari uchun eng avvalo mezbon davlatning qiziqish bildirishi juda ham muhimligini aytib, javob bergan.

"Biz nafaqat futbolning, balki butun O‘zbekistonning rivojlanish jarayoni bilan bog‘liq ko‘plab jihatlarni o‘rganib chiqdik. O‘ylaymanki, bu Madridning "Real" klubi akademiyasini ochish uchun ajoyib joy", deb bayon qilgan janob Eskudero.

O‘z futbol akademiyalarida ta‘limning qanday asosda olib borilishi savoliga esa, janob Eskudero ham pullik va ham pulsiz asosda o‘qitishlarini aytib, bu ko‘p tomonlama homiylarga bog‘liq, deb javob bergan.

"Real"(Madrid) Vasiylik kengashi raisiga ko‘ra, turli davlatlardagi o‘z futbol akademiyalari orasida har xil turnirlar ham tashkil etiladi.

Bundan tashqari, bir yilda bir marta akademiya o‘quvchilari Ispaniyada bo‘lishadi va u yerda “Real”ning yulduzlari bilan uchrashishadi.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlab o‘tish joizki, jamoa saflarida Krishtianu Ronaldo, Kaka, Mesut Ozil, Karim Benzema va yana ko‘plab dunyo futboli qaymog‘i bo‘lgan sara futbolchilar ham to‘p surishadi.

Jahondagi uchta sara klubdan bittasi bo‘lgan ushbu klubga dunyoning eng mohir murabbiylaridan biri – portugaliyalik Joze Mourinьo boshchilik qiladi.

Futbol akademiyasi O‘zbekistonda ham ish boshlasa, bu – Ispaniya Qirollik klubining Osiyodagi yettinchi maktabi bo‘ladi.

Janob Eskuderoning so‘zlariga qaralsa, shu paytgacha jamg‘armalari dunyoning 55 davlatida 170 ga yaqin akademiya tashkil etgan va ularda 30 mingdan ortiq bola ta‘lim olishadi.

Jamg‘arma mas‘ullariga ko‘ra, o‘z futbol akademiyalarida bolalarga futboldan tashqari, adolatli, halol va odamiy bo‘lish ham o‘rgatiladi.

Ularning urg‘ulashlaricha, "Bu xislatlar hayotda juda ham muhim".

E‘lon

Azizlar,

BBC O'zbek xizmatining Facebookdagi rasmiy sahifasi bilan tanishing.

https://www.facebook.com/pages/BBC-Ozbek-BBC-Uzbek/294548310573810?sk=wall

BBCning yangiliklari, tahlilu sharhlari, eng sara audio va video lavhalari hamda suratlari bilan har kuni tanishish uchun Facebookdagi "LIKE" tugmachasini bossangiz kifoya.