Turkiya O‘zbekistonni do‘st bo‘lmagan davlatlar sirasiga kiritdi

Image caption O‘zbekiston va Turkiya munosabatlari hamon sovuqligicha qolmoqda

Turkiya parlamenti O‘zbekistonni parlamentlararo do‘stlik guruhi tuzilmaydigan davlatlar sirasiga kiritgan.

Parlament bu safar 5 davlat bilan do‘stlik guruhi tuzilmasligini bildirgan.

Isroil, Suriya, Yunoniston va Liviya qatoriga O‘zbekiston ham kiritilgan.

Parlament qardosh xalq O‘zbekiston bilan nima uchun do‘stlik aloqalarini uzishi borasida biror izoh bermagan.

O‘zbekistonlik kuzatuvchilarga ko‘ra, Turkiyaning O‘zbekistonga yaqinlashish yo‘lida 20 yildan ortiq olib borgan siyosati natija bermagan va turk tadbirkorlarining o‘tgan yil O‘zbekistonda bosimlarga uchrashi ushbu qarorga kelishga sabab bo‘lishi mumkin.

Parlament tomonidan do‘stlik guruhi tuzilmasligi aytilgan davlatlarga so‘nggi vaqtlarda mintaqaviy hodisalar tufayli Isroil va Suriya kiritilgan.

Yunoniston parlamenti bilan do‘stlik rishtalari bo‘lmasligi aytilgan. Yaqinda inqilobni boshidan kechirgan Liviyada parlament bo‘lmaganligi uchun do‘stlik guruhi bo‘lmaydi.

O‘zbekiston parlamenti bilan do‘stlik aloqalari nima sababdan bo‘lmasligi borasida biror izoh berilmagan.

O‘zbekiston tashqarisidagi muxolifat liderlaridan Muhammad Solih parlamentning ushbu qarori kutilgan bir amal ekanligini aytadi.

Siyosatchiga ko‘ra, Turkiya O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon munosabatlarni yaqinlashtirish payida bo‘ldi.

Ammo O‘zbekiston hukumati tomonidan bu intilishlar iliq qarshi olinmadi va bunga teskari bir siyosat yuritildi.

"So‘nggi sabab keyingi yillarda, ayniqsa, o‘tgan yili O‘zbekistonda qolgan qutgan turk ishbilarmonlarining haydab chiqarilishi ta‘sir qildi. Turkiyaning O‘zbekistonga nisbatan qardoshlik munosbatlarini davom ettirishga bo‘lgan intilishiga qaramasdan unga qarama qarshi shaklda, Turkiyaning sabr kosasini toshdirish uchun provakatsion shakldagi harakatlarni qilgani uchun parlament bu narsani qabul qilgan bo‘lishi mumkin," deydi Muhammad Solih.

O‘zbekiston ichida ham Turkiyaga nisbatan munosabatlarning yaxshi emasligini sezish qiyin emas.

Toshkentdagi turk korxonasida ishlaydigan tadbirkorning aytishicha, ikki davlat orasidagi munosabatlardagi mavhumlik matbuotda ham bilinadi.

"Agar munosabatlar ochiq bo‘lganida OAVda aytilardi. Oddiy misol Janubiy Koreya bilan bo‘ladigan munosabatlar ochiq-oydin aytib kelinadi. Lekin Turkiya bilan munosabatlar oydin aytilmaydi," deydi toshkentlik tadbirkor.

Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda sovuqlik 90-yillarning boshida O‘zbekistondan qochib chiqqan muhojirlarning Turkiyadan panoh topishi turtki bo‘lgani aytiladi.

Ayni kunlarda ham Turkiya o‘zbek muxolifat namoyondalariga o‘z zaminidan joy bergan.

Muxolifat liderlaridan Muhammad Solihga ko‘ra, ma‘lum vaqt Anqara rasmiylari o‘zbek muxolifatchilarini Turkiyadan chiqarib ham yuborgan, ammo bu amal munosabatlarni iliqlashtira olmadi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston rasmiy idoralari Turkiya bilan savdo aloqalari yildan yilga yaxshilanib borayotganini ta‘kidlashadi.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan keltirilgan ma‘lumotlarga ko‘ra, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aloqalari yildan yilga o‘sib kelmoqda.

Turkiya O‘zbekistonning tashqi savdo bo‘yicha eng faol 8 davlat ichiga kirgan.

Biroq muxolifatdagi Muhammad Solihga ko‘ra bugungi kunga kelib turk korxonalari O‘zbekistonda o‘zining 90-yillardagi salohiyatini yo‘qotdi.

"Juda oz qoldi, ya‘ni Turkiyaning katta bir shirkatlari qolgani yo‘q. Bir ikkita Karimov dasturxoniga yaqin, unga pora berib kun kechirayotgan 5-6 shirkat bo‘lishi mumkin. Ammo 90-yillarda shirkatlar juda ko‘p edi. Ulardan hozir 80-90 % quvib chiqarildi,” deydi Muhammad Solih.

Janob Solihga ko‘ra, O‘zbekiston rasmiylari Turkiyaning ushbu qaroriga o‘xshash tarzda javob berishi mumkin.

Lekin bundan ko‘proq O‘zbekiston yo‘qotishi mumkin, deydi muxolifat rahbari.

"O‘zbekiston Turkiyaga nisbatan butun amallarini qilib bo‘ldi. Ular ham Turkiyani dushman deb e‘olon qilishi mumkin, ammo bundan Turkiyaga na issiq va na sovuq bo‘ladi. Turkiya - buyuk bir davlat. Keyingi 3-4 yil ichida Turkiya nafaqat o‘z mintaqasida, balki dunyoda lider davlatga aylandi. Turkiya bilan munosabatlarni yomonlashtirish faqat O‘zbekistonga zarar qiladi, Turkiyaga emas," deydi Muhammad Solih.

O‘tmishda qolgan do‘stlik

Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan davlat hisoblanadi.

O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasida 90 yillarning boshlarida abadiy do‘stlik bitimi imzolangan.

Tomonlar ikki davlat o‘rtasida vizasiz qatnovni yo‘lga qo‘ygandi.

Biroq O‘zbekiston bir tomonlama ushbu kelishuvni bekor qildi va Turkiya fuqarolaridan viza talab qila boshladi.

Mamlakatdagi o‘zbek-turk litseylarining faoliyatiga 2000 yilga kelib chek qo‘yildi.

O‘zbekistondan Turkiyaga oliy ta‘lim olish uchun talabalarni guruh guruh holida yuborish dasturlari ham to‘xtatildi.

O‘zbekiston rasmiylari Turkiya bilan madaniy va ta‘lim sohalardagi aloqalarning sovuqlashib ketganiga biror rasmiy izoh berishmaydi.

Turk litseylarida ta‘lim olgan ayrim shaxslar O‘zbekiston huquq-tartibot organlari tomonidan mamlakatda noqonuniy deb topilgan "Nurchilar" oqimiga aloqadorlikda ayblanib, turli yil qamoq jazolariga hukm qilinmoqda.

O‘tgan yili O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yirik turk shirkat vakillari va rahbarlariga nisbatan ham ayni ayblar yangragan edi.