"Qotilning iqrori" haqiqatmi yo uydirma?

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption "Ferghana.ru" xabar agentligi vebsahifasida ashr etilgan videotasmada O‘zbekiston qamoqxonalarida mahbuslarni qiynoqqa tutish bilan shug‘ullangan "yollanma agent"ning iqrori taqdim etilgan.

"Ferghana.ru" xabar agentligi vebsahifasida O‘zbekiston qamoqxonalarida mahbuslarni qiynoqqa tutish bilan shug‘ullangan "yollanma agent"ning iqrori, deya taqdim etilgan vedeotasma atrofida turli fikrlar bildirilmoqda.

Ushbu videotasmada o‘zini Aleksandr Rahmonov, deya tanishtirgan shaxs O‘zbekiston qamoqxonlari va tergov izolyatorlarida iqror va ma‘lumotga erishish yo‘lida mahbuslarni qiynoqqa solish uchun maxsusan yollanganligini hikoya qiladi.

Aleksandar Rahmonovning da‘vo qilishicha, asosan diniy va siyosiy ayblovlar bilan hibsga olinganlarni qiynoqqa tutish va hattoki o‘ldirish uchun maxsus xizmatlar tomonidan yollanib yillar mobaynida turli qamoqxonalar kameralarida "faoliyat" yurgizgan.

Biz "Ferghana.ru" xabar agentligi asoschisi va bosh muharriri Daniil kislov bilan bog‘lanib ushbu videotasmaning uning qo‘liga kelib tushishi tarixi va haqiqiyligi borasida suhbatlashdik.

Daniil Kislov: Videodagi bu odam O‘zbekistondagi qamoqlar va tergov izolyatorlarida mahbuslarni qiynoqqa solish uchun maxsus guruhga ega bo‘lganligini hikoya qiladi. U bu guruhi bilan birga qamoqxonlardagi asosan diniy ayblovlar bilan hibsga olganlardan iqror va ma‘lumotga erishish uchun ularni qanday qiynoqqa tutganlarini haqida aytib bergan. Bu video O‘zbekiston qamoqxonlarida mavjud, deya aytilgan qiynoqlarning rasmiylarning raddiyalariga qaramay mavjud ekanligining dalilidir. Bu shaxsning ohangi, ishlatayotgan iboralari va umuman o‘zini tutishidan biz uning haqiqatni aytayotganligiga 95 foiz ishonch hosil qildik. Bu qotilning iqroriga teng narsa va shuning uchun ham biz bu materialga "Qotil iqrornomasi", deya sarlavha berdik. Biz bu videotasmani nima qilish haqida ko‘p bosh qotirdik, bir yildan ortiq, lekin oxir oqibat nashr qilish kerak, degan xulosaga keldik.

BBC: Bu videotasma sizning qo‘lingizga qanday qilib tushgan?

Daniil Kislov: Aslida Aleksandr Rahmonov ismli bu shaxs bu intervyuni 2005 yili dekabr oyida Qozog‘istonlik jurnalistlarga bergan. Bu intervyuning bir qismi o‘shanda "Megapolis" gazetasida nashr etilgandi ham. Lekin o‘shanda katta shov-shuvga sabab bo‘lmagan, chunki bu gazeta kichik bir mintaqaviy miqyosda chiqadigan nashrdir. Keyinchalik hamkasblarimiz biz bilan bu videoni o‘rtoqlashishdi, biz nima qilish haqida bosh qotira boshladik. Avval matnga ko‘chirib, bosaylikmi, deb o‘yladik. Keyin o‘sha shaxsni o‘zini izlab topishga harakat qildik. Lekin men oshkor ayta olmaydigan manbalar orqali uning o‘ldirilgani haqida xabar topdik. Oxir oqibat qo‘limizdagi ma‘lumot qanday bo‘lsa o‘shandayligicha nashr qilishga qaror berdik. Chunki bu videodagi iqrorning o‘zi hamma narsani mufassal yoritib bergan.

BBC: Hech bo‘lmsa uning o‘limi haqidagi ma‘lumot tasdiqlanganmi?

Daniil Kislov: Buni ham to‘liq tasdiqlangan, deb aytish qiyin. Chunki qo‘limizda buni tasdiqlovchi hujjatlar yo‘q. Lekin o‘ta ishonchli taxmin bor. Bundan tashqari uning Qozog‘istondan O‘zbekistonga qaytishidan sal o‘tmay o‘ldirilgani, yoki ta‘bir joiz bo‘lsa "manba sifatida yo‘qotilgani" haqida ma‘lumotimiz bor. U O‘zbekistonga ommaga oshkor qilmoqchi bo‘lgan hujjatlarni olish uchun borgan, ammo sobiqan uni "ishga yollaganlar" tomonidan o‘ldirilgan.

BBC: Bu shaxs aytayotgan hodisalar O‘zbekiston qamoqxonalarida ro‘y berishi haqida juda ko‘p gapiriladi, lekin tasdiqlash qiyin. U mana shu kabi gap-so‘zlarni eshitib, mujassamlab shunchaki gapirib bergan bo‘lishi mumkinmi?

Daniil Kislov: Bilasizmi buning ham ehtimoli bor. Bu yerda biz ko‘plab ehtimollarni keltirishimiz mumkin. Huddi ana shu sabadan ham biz uning aytayotgan so‘zlarini sharxlamadik, o‘z ehtimollarmizni ham ilgari surmadik, qanday bo‘lsa shundayligicha berdik. Biz bu ma‘lumot omma uchun juda muhim ekanligi sababli nashr etib, xulosalarni o‘quvchi yoki tamoshabinning o‘ziga havola etdik. Ular unga ishonish yoda ishonmaslikni o‘zlari hal qilishsin.

BBC: Lekin har qanday xabar agentligi biron ma‘lumotni chop etishdan avval hamisha uni qayta tasdiqlash va haqiqiyligini aniqlashga harakat qilishi kerak, shunday emasmi?

Daniil Kislov: Ko‘plab joriy tuzumlarning jinoyatlari aksar hollarda bu tuzumlar yo‘qolganidan keyingina oshkor bo‘ladi. Shuning uchun bu ma‘lumotlarni to‘liq tasdiqlash o‘ta mushkul ish albatta. Uning aytayotganlarini qanday qilib to‘liq tasdiqlash mumkin? Faqatgina O‘zbekiston turmasida o‘tirib chiqib tasdiqlash mumkindir, men buni hech kimga ravo ko‘rmayman. Biz bu nashr haqida kimda qo‘shimcha ma‘lumot bo‘lsa biz bilan bog‘lanishni taklif qildik. Zora kimlardir biz bilan aloqaga chiqib, zanjir kabi bir-birining ketidan qo‘shimcha ma‘lumotlar oshkor bo‘lib, bu ma‘lumotlarni to‘liq tasdiqlovchi, balkida inkor etuvchi ilovalar paydo bo‘lsa.