Samarqandda elektr ta‘minotidagi uzilishlar aholi noroziligini uyg‘otmoqda

Image caption Elektr ta‘minotidagi uzilishlar Samarqand shahrida ham kuzatilmoqda

Samarqand viloyatida elektr energiyasi ta‘minotidagi uzilishlar odamlarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Sovuq kunlar tushishi bilan Samarqand shahrida ham elektr ta‘minotida bot-bot uzilishlar kuzatila boshlagan.

Samarqand viloyati va shahrida elektr tarmog‘ida uzilishlar tez-tez qaytarilgach, shahar markazidan bir guruh norozi ayollar viloyat hokimiyatiga yig‘ilgan.

Samarqandlik muxolifat faoli Holiqnazar G‘aniyevning aytishicha, ayollarning ushbu chiqishidan keyin ayrim tumanlarda chiroq paydo bo‘lgan.

"Shu chiqishning ta‘siri bo‘lsa kerak, kecha va bugun sal ifoqaga kelib qoldi. Oldingidek betartib istagan vaqti o‘chish bo‘lmay qoldi", deydi Holiqnazar G‘aniyev.

Samarqand viloyatidagi faollarga ko‘ra, kuz oylarining sovuq kunlari boshlanishi bilan elektr tarmog‘ida uzilishlar tez-tez ro‘y bera boshlagan.

Jomboylik uy bekasi uzilishlarni gaz tanqisligi sabab odamlarning qo‘shimcha isitish uskunalaridan foydalana boshlagani bilan izohlaydi.

"Hozircha biz yashab turgan joyda elektr chirog‘i bor. Faqat o‘ynaydi. Misol uchun, ertalab o‘chgan bo‘lsa, kechga kelib yondi. Noyabr oyidan beri elektr ta‘minoti yaxshi emas. Sovuq bo‘lgandan keyin gaz uncha yaxshimas, balki tok pechka qo‘shgani uchun qo‘shimcha og‘irlik bo‘lib ketayotgandir," deydi jomboylik uy bekasi.

Qo‘shrobot tumanida bir sutkada faqat 5-6 soatgina elektr energiyasi kelib turadi. Qolgan vaqtni tuman axolisi gazsiz va chiroqsiz o‘tkazadi.

"Kunduzi chiroq o‘chadi, kechgi payt ozroq yonib yana o‘chib qoladi. Bir kunda 5-6 soat yonib turadi," deydi qo‘shrobotlik Baxtiyor.

Payariq tumanida ham chiroqni tez-tez o‘chirishadi va gazni ham uzib qo‘yishadi.

Payariqlik Javlonning aytishicha, sovuq tushib qolgan ayni kunlarda tuman aholisi uylarni o‘tin bilan isitishga majbur bo‘layapti.

"Chiroq, sham bilan kunni o‘tkazayapmiz. Gaz ham yo‘q. Uyni o‘tin bilan isitayapmiz," deydi Javlon.

Viloyat energiya nazorat bo‘limi xodimi elektr energiyasidagi uzilishlar borasida viloyat elektr tarmog‘iga murojaat qilish kerakligini aytadi.

Unga ko‘ra, ushbu tashkilotga uzilishlar borasida hali birorta ham shikoyat kelib tushmagan.

"Bizga birorta ham shikoyat kelib tushgani yo‘q. Agar rasmiy shikoyat kelib tushsa, biz borib tekshiramiz," deydi viloyat energiya nazorati xodimi.

Samarqand viloyati elektr tarmoqlari tashkilotidagi birorta mas‘uldan bu borada izoh olishning imkoni bo‘lmadi.