O‘zbekiston: yana bir mustaqil vebsaytga to‘siq qo‘yildi

Toshkentdagi norasmiy Ekspert Ishchi Guruhining internet sahifasi ochilganidan bir hafta o‘tib, yopib qo‘yilgan.

Guruhning www.ewg-uz.org vebsayti 29 oktyabr kuni ishga tushirilgan edi.

Bundan avval ham EIG ning O‘zbekistonda o‘z veb sahifasiga ega bo‘lish harakatlari hokimiyatning qarshiligiga uchragan.

Ammo veb sahifada e‘lon qilingan xabarda Ekspert Ishchi Guruhi mamlakat ichkarisidagi to‘siqqa qaramay, veb sahifani yangilashda davom etishini bildirgan.

Guruhga ko‘ra, maxsus himoya tizimi O‘zbekistonda qo‘yilgan cheklovni aylanib o‘tish imkonini beradi.

"Kutilgan cheklov"

Ekspert Ishchi Guruhi rahbari Suhrob Ismoilovning BBCga aytishicha, vebsaytning yopib qo‘yilishi kutilgan edi.

U O‘zbekiston rasmiylarining veb sahifaga to‘siq qo‘yish qarorini unda chop etilgan ma‘lumotlar, xususan, qiynoqlarga doir oxirgi xabar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytadi.

Veb sahifa "org" hududida ochilgan va uning internet provayderi O‘zbekiston tashqarisida.

"Ammo O‘zbekiston ichkarisida bo‘lganida ham, unga blok qo‘yilgani borasida provayderga murojaat qilish befoyda urinishdan boshqa narsa bo‘lmas edi", -deydi Suhrob Ismoilov.

Uning aytishicha, O‘zbekistonda mustaqil vebsaytlarga blok qo‘yilishi uchun bevosita mas‘ul ikki idora bor.

Bular - Aloqa va axborotlashtirish agentligi qoshidagi maxsus monitoring bo‘limi hamda O‘zbekistonda internet oqimini tarqatib beruvchi "O‘zbektelekom" shirkatlaridir.

Mahalliy qonunchilik bo‘yicha internet sahifasining yopib qo‘yilishi yuzasidan O‘zbekiston mahkamalariga shikoyat qilish mumkin.

Ammo Suhrob Ismoilovga ko‘ra, O‘zbekistondagi tajribada buning aksi ham yuz berishi mumkin.

"O‘zbektelekom" biron tashkilot yoki guruhning veb sahifasini mahkama qarori orqali yoptirib qo‘yish vakolatiga ega",- deydi Suhrob Ismoilov.

O‘zbekiston internet va boshqa ko‘rinishdagi axborot vositalari qattiq nazorat qilinadigan davlatlar sirasiga kiradi.

Prezident Islom Karimov so‘nggi o‘n yilda muntazam ravishda "internet dushmanlari" ro‘yxatidan o‘rin olib keladi.

"Matbuot islohoti"

Ekspert Ishchi Guruhining veb sahifasiga to‘siq qo‘yilgani haqida Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining matbuot erkinligi bo‘yicha vakili Dunya Miyatovich O‘zbekistonga safar qilayotgan bir paytda e‘lon qilingan.

Toshkentdagi davra kengashida ishtirok etgan Miyatovich xonim matbuot erkinligining ahamiyatini urg‘ulagan.

OXHT mulozimi O‘zbekiston hukumatining ommaviy axborot vositalariga doir qonunchilikni isloh qilish rejalarini olqishlagan.

Tashkilotning Toshkentdagi idorasi "Televideniye va radio haqidagi" hamda "Axborot olish erkinligi" haqidagi ikkita qonun loyihasi mavjudligini bildirgan.

Avvalroq OXHTning matbuot bo‘yicha vakili O‘zbekiston doxil qator MDH hukumatlarining internetni cheklash urinishlarini tanqid qilgan edi.