Osloda "Al-Qoida"ga aloqadorlikda gumon qilingan o‘zbekistonlik ustidan mahkama boshlanadi

Image caption O‘zbekistonlik gumondorning politsiyaga o‘zi ixtiyori bilan bog‘langani va hozir ozod etilgani xabar qilingan

Norvegiya huquq-tartibot organlaridan bildirishlaricha, 15 noyabr kuni Oslo shahrida "Al-Qoida" tarmog‘iga aloqadorlik hamda daniyalik karikaturachi rassomni o‘ldirishga qasd qilishda ayblanayotgan uch shaxs ustidan mahkama boshlanadi.

Xitoylik uyg‘ur Mikael Davud, iroqlik kurd Shavon Sodiq Sayid Bujak hamda Norvegiyada David Yakobsen ismi bilan bilingan O‘zbekiston fuqarosiga "shimoliy Ovro‘poda terrorchilik hujumlarini sodir etishga til biriktirish" ayblovi qo‘yilgan.

O‘zbekistonlik ayblanuvchining asli toshkentlik sobiq militsiya xodimi Alisher Abdullayev ekani aytiladi, ayni paytda u ozodlikka chiqarilgan.

Uch shaxs 2010 yilning iyul oyida hibsga olingan, Norvegiya politsiyasi ulardan biriga tegishli bomba yasash uchun yetarli moddalar - gidrogen peroksid, atseton topilgani haqida xabar tarqatgan.

Prokuraturaga ko‘ra, uch gumdondor Muhammad Payg‘ambarning hajviy suratini nashr qilgan Daniyaning Jyllands-Posten ro‘znomasi va karikaturachi rassom Kurt Vestegardga hujum qilishni rejalagan.

Kurt Vestegardning 2005 yilda nashr qilingan hajviy rasmlari jahondagi musulmonlarni g‘azablantirgan, ko‘plab mamlakatlarda namoyishchilar bilan xavfsizlik kuchlari to‘qnashishiga va insonlar o‘limiga olib kelgan norozilik chiqishlariga sabab bo‘lgan edi.

"Bizning isbot-dalillarimiz ularning bo‘yniga qo‘yilgan ayblovlar qanchalar asosli ekanini namoyish etadi. Ularga 20 yillik qamoq jazosi tayinlanishi mumkin", deb aytgan prokuror Geir Yevanger "Frans Press" axborot agentligiga.

Norvegiya josuslik xizmati asli millati uyg‘ur, Norvegiyada Mikael Davud ismi-sharifi bilan ro‘yxatdan o‘tgan shaxsni ushbu guruhning rahbari va "Al-Qoida"ga aloqador deb biladi.

Mikael Davud "Al-Qoida"ning Pokistondagi jamlog‘ida portlovchi moddalarni yasash va ulardan foydalanishni o‘rgangani xabar qilingan.

Norvegiya rasmiylari uning Oslo shahridagi Xitoy elchixonasini nishonga olganini ham aytishgan.

O‘zbekistonlikning o‘z ixtiyori bilan politsiyaga bog‘langani va hujum rejalari uchun mas‘ullikni rad etgani xabar qilingan, Norvegiya rasmiylari uning qo‘yib yuborilganini aytishgan.

Ushbu mahkama jarayoni Daniya ro‘znomasi karikaturasini ko‘chirib bosgan Parijdagi jurnal tahririyatiga o‘t qo‘yilganidan bir nech kun o‘tib boshlanmoqda, Tunisdagi parlament saylovlari haqidagi maxsus sonining muharriri Muhammad Payg‘ambar deb e‘lon qilgan Charlie Hebdo haftaligi binosiga yoqilg‘i bombalari uloqtirilgan edi.