O‘zbekistonlik xushovoz xonanda Larisa Moskalyovaga savol yo‘llang

Image caption Larisa Moskalyova qo‘shiqlari O‘zbekistonda katta shuhratga ega

O‘zbekistonda eng ko‘zga ko‘ringan san‘atkorlardan biri Larisa Moskalyova bbcuzbek.co o‘quvchilari va tinglovchilarimizning savollariga javob beradi.

San‘at muxlislari orasida "Marvarid" taxallusi bilan tanilgan xonandaga savollaringizni sahifamiz ostidagi maxsus forma orqali yoki uzbek@bbc.co.uk elektron manzilimizga yo‘llang.

Larisa Moskalyova 1974 yilning 28-sentyabrida Toshkent shahrida tavallud topdi.

U avvaliga musiqa maktabi va Botir Zokirov nomidagi kasb-hunar bilim yurtining vokal bo‘limida ta‘lim oldi.

Keyinchalik Toshkent Davlat Madaniyat Institutining rejissyorlik bo‘limini a‘lo baholar bilan bitirdi.

Larisa Moskalyova san‘at olamiga 1990-yillar boshida kirib keldi.

San‘atkor ijrosidagi "Yo‘l olay", "Yorimga", "Poppuri", "Rayhon" kabi o‘nlab o‘zbek qo‘shiqlarni ko‘pchilik sevib tinglaydi.

O‘tgan vaqt davomida u "O‘zbekiston - vatanim manim", "Slavyanskiy Bazar", "Sharq Taronalari", "Discovery" nomli ko‘plab xalqaro musiqiy festivallar lauriatiga aylandi.

O‘zbek, rus va ingliz tilida ijod qiluvchi "Marvarid" Arab Amirliklari, Pokiston, Xitoy, Ozarbayjon, Olmoniya, AQSh, Rossiya singari dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ijodiy safarlarda bo‘ldi.

Larisa Moskalyova o‘tgan yigirma yil davomida 5 musiqiy albom chiqardi, ikki musiqiy filmda suratga tushdi.

Uning Farrux Zokirovning "Maysara - Super Yulduz" myuziklida ijro etgan Oyxon roli ko‘plar xotirasida yaxshi saqlangan.

Larisa Moskalyova taniqli san‘atkor bo‘lish bilan birga, taekvondo bo‘yicha qora belbog‘ni qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik ayoldir.

Turmushga chiqqan va ikki farzandni tarbiyalamoqda. Oila qurganini hayotidagi eng katta yutug‘i deb hisoblaydi.

BBC mehmoni savollaringizga ham internet va ham radio orqali javob beradi.

Suhbatning radio versiyasini shanba kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

Savollarini radio uchun o‘z ovozlari bilan berishni istagan tinglovchilarimizdan o‘zlarining telefon raqamlarini ham yozib yuborishni so‘raymiz.