So‘nggi global moliyaviy inqiroz Markaziy Osiyo davlatlariga qanchaga tushdi?

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBCUZBEK.COM

Ovro‘po mamlakatlari Yevrohududdagi qarzlar inqiroziga qarshi kurashayotgan bir paytda, Ovro‘po Taraqqiyot va Tiklanish Banki chiqargan yangi hisobot dunyo moliyaviy bo‘hronining Markaziy Osiyo xalqlari hayotiga yetkazgan ta‘siriga oydinlik kiritgan. Markaziy Ovro‘po va sobiq Sovet respublikalaridagi loyihalarni moliyalovchi Ovro‘po Taraqqiyot va Tiklanish Banki moliyaviy bo‘hron turli sabablar tufayli markaziy osiyoliklarga qimmatga tushganini aytadi. Nienke Oomes bankning Markaziy Osiyo bo‘limi boshlig‘idir. U bizga, jumladan, quyidagilarni gapirib berdi:

Javob: Mintaqadagi ba‘zi davlatlarga global inqiroz anchayin katta ta‘sir yetkazdi, masalan, Qirg‘iziston va Tojikiston iqtisodiga. Lekin mintaqadagi davlatlar o‘sish sur‘atiga nazar tashlasangiz, birontasida ham Markaziy yo-da Sharqiy Ovro‘po davlatlarida bo‘lgani kabi salbiy ortga ketishni kuzatmaysiz, sustlashish bor, lekin ortga ketish yo‘q. Lekin aholi baribir buni o‘z cho‘ntaklarida sezmoqdalar. Inqiroz davrida ro‘y bergan narsa shu bo‘ldiki, xalqaro bozorlarda tovarlar narxi tushib ketdi. Ana shu holat Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodlariga ta‘sir ko‘rsatgan asosiy omil bo‘ldi, chunki ular alyuminiy, paxta, neft va gaz kabi mahsulotlarni ko‘plab eksport qiladilar. Buning oddiy aholiga ta‘siri qanday desangiz, ba‘zilar o‘z mamlakatlarida, ayrimlar esa Rossiya kabi davlatlarda muhojirlikdagi ishlarini yo‘qotdilar. Boshqa hollarda maoshlarning kamayishi yoki vaqtida berilmasligi kuzatildi. Umuman olganda xalqaro bozorlarda tovarlar narxi tushgan vaqti iqtisodda pul ham kamayadi. Pul kamaydi degani esa, foyda kamaygani, hukumat va shaxsiy shirkatlar tomonidan kamroq mablag‘ sarflanishini ham anglatadi. Hukumat sarf-xarajatlarni kamaytirsa, albatta, aholi buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zida his qiladi. Boshqa tomondan, inqirozning mintaqaga asosiy ta‘sirlaridan yana biri bilvosita, ya‘ni, neft eksportchilari bo‘lgan Rossiya va Qozog‘iston orqali bo‘ldi. Chunki bu mamlakatlarda ishlaydigan mehnat muhojirlarining soni juda ko‘p. Ularning vatanlariga yuborayotgan mablag‘lari miqyosi ham tushib ketdi. Rossiya bilan savdo ko‘lami va Rossiyadan sarmoyalar yotqizilishida ham pastga tushish kuzatildi. Markaziy Osiyo aholisi inqiroz ta‘sirini asosan ana shu yo‘llar orqali o‘zlarida his qildilar.

Savol: Demak, statistik jihatdan inqiroz asosan Ovro‘po davlatlarida kuzatilayotgan bo‘lsa ham, oddiy insonlarga ta‘siri ko‘proq iqtisodiy o‘sish hanuz kuzatilayotgan va inqirozdan chetroqda turgan mamlakatlarda ko‘proq ko‘zga tashlanmoqda, shunday emasmi? Bu o‘sha davlatlardagi an‘anaviy ijtimoiy tizimlarga va balki-da hukumatlar xarajatlarni u qadar ham qisqartirmaganlariga bog‘liq bo‘lishi mumkin emasmi?

Javob: Ha, albatta, bu sabablardan biridir. O‘zbekiston va Turkmaniston kabi davlatlar umujahon inqirozidan nisbatan chetda bo‘lganlari rost. Turkmaniston iqtisodi asosan xorijga neft va gaz, O‘zbekiston iqtisodi esa paxta, oltin va shu kabi tabiiy boyliklarni sotishga asoslangan bo‘lsa ham, bu davlatlarning iqtisodi nisbatan o‘z-o‘zini ta‘minlashga asoslangan, ya‘ni boshqa davlatlar iqtisodlari bilan u qadar yaqin va chambarchas bog‘liq emas. Ya‘ni bu iqtisodlar yopiq, ayni vaqtda bu hukumatlarning avvaldan jamlab qo‘ygan mablag‘lari ham bo‘lishi mumkin va balki-da ijtimoiiy sarf-xarajatlarni u qadar qisqartirishga ehtiyoj sezmagan bo‘lishlari mumkin.

Savol: Iqtisod haqida gapirilganda ko‘p-da qarzlar, ya‘ni hukumat, bank tizimida nazorat ostidan chiqib ketgan qarzlar haqida so‘z yuritiladi, Markaziy Osiyo mintaqasida bu ne qadar katta muammo?

Javob: U qadar katta emas. Mintaqa moliyaviy tizimi unchalik kuchli rivojlanmagan. Qozog‘istondan tashqari boshqa hamma mamlakatlarda moliya tizimi hanuz iqtisodda u qadar katta rolь o‘ynamaydi. Bu mamlakatlarda hanuz moliyaviy oldi-berdilar ko‘p-da naqd pulda, jomadonga joylangan mablag‘da olib boriladi, banklarga ishonch shakllanmagan. Jamg‘armalar Amerika dollarida ko‘rpaning orasida saqlanadi. Xullas, moliyaviy tizim o‘ta sust shakllanmoqda, lekin ko‘rinishicha, inqiroz davrida bu holat ijobiy bo‘lib chiqmoqda.