Braziliya 2014: O‘zbekiston Tojikistonga qarshi maydonga tushdi, yakuniy hisob 3:0

Osiyo qit‘asidan 2014 yilgi Jahon chempionatining navbatdagi saralash bosqich uchrashuvlariga muddatidan ilgari yo‘llanmani qo‘lga kiritgan O‘zbekiston bugun o‘z maydonida qo‘shni Tojikistonni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.

Uchrashuvning birinchi qismi o‘z poyoniga yetib borarkan, 35-daqiqada Sanjar Tursunov tomonidan kiritilgan to‘p O‘zbekiston milliy terma jamoasini oldinga olib chiqdi.

O‘yinning 60-daqiqasida Odil Ahmedov tojikistonliklar darvozasini aniq nishonga olishga muvaffaq bo‘ldi. Hisob 2:0.

Ammo oradan 12 daqiqa o‘tib, Aleksandr Geynrix tomonidan kiritilgan yana bir to‘p hisobni 3:0 ga yetkazdi. Shu bilan o‘yinda hisob o‘zgarmadi.

Ikki raqib milliy terma jamoa o‘rtasidagi o‘yin “Paxtakor” markaziy stadionida mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da boshlandi.

Bu – O‘zbekiston milliy terma jamoasining uchinchi bosqich saralash uchrashuvlari doirasida o‘tkazishi shart bo‘lgan navbatdagi javob uchrashuvidir.

Ammo “S” guruhidan keyigi bosqichga yo‘llanma olgan ikki milliy terma jamoa taqdiri allaqachon ma‘lum ekani bois, bu va Yaponiyaga qarshi safarda bo‘lib o‘tajak o‘yin natijalari o‘zbekistonlik futbolchilar uchun u qadar muhim ahamiyat kasb etmaydi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘tgan juma kuni o‘z maydonida shimoliy koreyalik raqiblarini 1:0, to‘rt karra Osiyo chempioni Yaponiya esa, Tojikistonni 4:0 hisobida mag‘lub etib, o‘z oldilariga qo‘yilgan navbatdagi vazifani qoyilmaqom qilib uddalashgandi.

Har ikki milliy terma jamoa to‘rt uchrashuvdan keyingi bosqichga chiqishlari uchun yetarli bo‘lgan miqdorda, ya‘ni 10 tadan ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lishgan.

Lekin, shunga qaramay, Yaponiya to‘plar hisobidagi farq bilan “S” guruhida peshqadamlik qilmoqda.

Imkoniyat

Bo‘lajak uchrashuvlarida raqiblarini yirik hisob bilan mag‘lub etishlari o‘zbekistonlik futbolchilarning guruhda yetakchi mavqe‘ga chiqib olishlariga imkon berishi mumkin.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiysi Vadim Abramov ham bugungi uchrashuv oldidan bergan matbuot anjumanida birinchi o‘rin uchun albatta kurash olib borajaklarini aytgandi.

Vadim Abramov oldilarida turgan vazifa oson esa-da, nihoyatda muhim ekani, ya‘ni buning uchun maydonga chiqib, g‘alaba qozonishlari shart ekanini ta‘kidladi.

"S" guruhining bugun bo‘lib o‘tgan boshqa bir uchrashuvida Yaponiyaning safarda Shimoliy Koreyaga 1:0 hisobida yutqazib qo‘yishi esa, ularning mushkullarini yanada osonlashtirishi tabiiy.

Ammo Shimoliy Koreyaga qarshi o‘yinda ketma-ket yoqqan qor tufayli “Paxtakor” stadionining ahvoli bosh murabbiyning tashvishlariga sabab bo‘lgan bo‘lsa, bu gal davomiy yomg‘irlar yana xuddi shunday xavotirlarni paydo qilgan.

Bugungi uchrashuv oson bo‘lmasligini e‘tirof etgan Tojikiston tomoni esa, o‘zbekistonlik raqiblariga munosib qarshilik ko‘rsatishga harakat qilishlarini aytmoqda.

Ammo Tojikiston milliy terma jamoasi bosh murabbiysi Olimjon Rafiqov “O‘lim” guruhida hozircha o‘quvchi ekanliklari, vaqti kelib qolgan jamoalarga munosib raqib bo‘lishlariga umid qilishlarini ham yashirmadi.

Shu paytga qadar uchinchi bosqich doirasida o‘tkazgan barcha uchrashuvlarini boy bergan tojikistonlik futbolchilar biror bir ochkosiz “S” guruhida so‘nggi o‘rinni egallab turishibdi.

Dastlabki uchrashuv

O‘zbekiston uchinchi bosqich saralash bellashuvlarining ilk uchrashuvini aynan Tojikistonga qarshi o‘tkazib, raqiblarini o‘z uylarida yengishga muvaffaq bo‘lgandi.

Tojikistonning Tursunzoda shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvning 72-daqiqasida Maksim Shatskix tomonidan mohirona ado etilgan 11 metrlik jarima to‘pi o‘yinning taqdirini hal qilgandi.

O‘zbekiston va Tojikiston orasidagi dastlabki uchrashuv Toshkentga bevosita translyatsiya etilmagan, o‘zbekistonlik futbol muxlislari ham Tojikistonga borishmagandi.

Har ikkala jamoa o‘rtasidagi 2014 yilgi Jahon chempionatining saralash bosqich uchrashuvlari rasmiy Dushanbe qurish harakatida bo‘lgan Rog‘un GESi sabab davlatlar orasidagi munosabatlar anchayin sovuqlashgan bir manzarada bo‘lib o‘tmoqda.

Tojikiston tomoniga ko‘ra, Toshkentda bo‘lib o‘tajak bugungi uchrashuvni ham O‘zbekistondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya etish rejalarida yo‘q.

Ammo O‘zbekistondagi futbol doiralariga ko‘ra, o‘yinni tomosha qilish uchun tojikistonlik muxlislar ham tashrif buyurishgan.

Ko‘rsatkichlar

Osiyo qit‘asidan 2014 yilgi Jahon chempionatining uchinchi bosqich saralash bellashuvlarida Markaziy Osiyo mintaqasini faqat O‘zbekiston va Tojikiston namoyon etishmoqda.

Ammo, ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlash kerakki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbol bo‘yicha butun Markaziy Osiyo mintaqasida eng peshqadam mavqe‘da.

O‘zbekistondan tashqari hali biror bir mintaqa davlatiga Osiyo O‘yinlarida g‘olib chiqish nasib etmagan.

O‘zbekistonlik futbolchilar Osiyo va xalqaro miqyosda erishgan yutuqlarga ham halicha biror bir qo‘shnilari erishishmagan.