Diniy mahbusning ayoli: "Aybimiz yo‘qligini faqat Olloh biladi, lekin prezidentimiz bizni kechirsin"

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди
Image caption O‘zbekistonda dindorlarga tazyiqlar bo‘yicha xalqaro hisobotlarda eng yuqori o‘rinlarni egallab keladi

Toshkent viloyatida o‘tgan yopiq mahkamada vahhobiylikda ayblangan 16 nafar dindorlar orasida yangiyo‘llik Ismoil Xolmatov ham olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

U ham diniy-ektremistik tashkilot tuzish va konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilishda aybdor deb topilgan.

Ismoil Xolmatovning turmush o‘rtog‘i Shahlo Xolmatovaning aytishicha, eri oddiy misgar bo‘lib ishlagan.

Uning hibsga olinishiga esa 2008 yilda hamkasblaridan birining uyida o‘tgan marakada yangragan da‘vatga quloq tutgani, va o‘z zargar ustozidan bir necha bor Qur‘on haqida dars olgani sabab bo‘lgan.

Shahlo Xolmatova erining vahhobiy yo boshqa diniy guruhlarga a‘zo ekanini mutlaqo rad etadi va sudga tortilgan yana 15 kishi bilan umuman aloqada bo‘lmaganini ta‘kidlaydi.

"Bitta shu aybi aqiqaga borganligi bo‘lib qoldi. Keyin Qur‘ondan dars olgani... Qur‘ondan dars olish ayb hisoblanmaydi-ku. O‘zbekistonda hamma narsaga ochiqlik, yengillik berilgan-ku", deydi u.

29 yoshli Shahlo uchun erining qamalishi oiladagi oxirgi boquvchining yo‘qolishini anglatadi.

Ikki farzandning onasi va sil bilan og‘rigan Shahlo o‘zi "ishga yaramasligi" va erining ukasi ham avvalroq diniy ayblar bilan qamalgani uchun oilada sakkiz jon boquvchisiz qolganini aytadi.

Shahlo Xolmatova BBC bilan suhbatda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovga murojaat qilib, uning eri va oilasini avf etishni so‘radi.

"Hammasiga rozimiz, mayli, bizni aybdor deb bilishayaptimi, aybsizligimizni yolg‘iz Olloh biladi, uzr so‘raymiz. Xo‘jayinim, qayniukamlar nomidan ham uzr so‘rayman. Sizlardan iltimos, uzrlarimizni yetkazinglar. Sharoitimiz juda og‘ir", deydi Shahlo.

Ismoil va Shahloning farzandlari ham vaziyatdan jabr chekmoqda.

"Farzandlarim dadasining kelishini kutib, kun sanashadi. Mana, sakkiz yoshli qizim yuragim sanchiyapti deydi, yuragidan shikoyat qilayapti. Iltimos prezidentimizdan, iltimos qilaman, avf etsinlar".