O‘zbek bosh vazirining Farg‘onaga safaridan kim qanday foyda ko‘rdi?

Image caption Farg‘ona shahridagi hokimiyat binosi ortidagi xonadonlar ham buzilishi rejalangan

O‘zbekiston Bosh Vaziri Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona shahriga safari shaharning 500ta xonadonida yashovchi aholi uchun yaxshi xabar bo‘lgani yo‘q.

Janob Mirziyoyev e‘lon qilgan rejaga ko‘ra, shaharni obodonlashtirish dasturiga binoan yo‘llar kengaytiriladi va 500ta oilaning uylari buziladi.

Avvalroq ba‘zi xabar agentliklari bosh vazir gaz va elektr quvvati taqchilligiga bog‘liq vaziyat tufayli Farg‘onaga safar qilayotganini aytishgandi.

Bu janob Mirziyoyevning bir hafta ichida Farg‘onaga ikkinchi safari bo‘ldi.

Toshkentdan boshqariluvchi Uzmetronom veb sahifasi bu safarlar janob Mirziyoyevning bosh vazirlik lavozimidan ketishi ortidan Farg‘ona viloyati hokimi lavozimini egallashi ehtimoli bilan bog‘liq deya xabar tarqatgan.

Farg‘onalik inson haqlari faoli Abdusalom Ergashevning Bi-bi-siga aytishicha, viloyat kengashi deputatlarining majlisida ishtirok etgan bosh vazir shu paytgacha bo‘sh turgan Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari o‘rniga yangi shaxsni tayinlagan.

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP Getty
Image caption Ba‘zi vebsaytlar Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati hokimi lavozimini egallashini bashorat qilishmoqda

Farg‘ona viloyati hokimining iqtisod va qurilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Qo‘qon hokimi bo‘lib ishlab kelayotgan Shuhrat Sobirov tayinlangan.

Suhbatdoshning aytishicha, shaharliklar qayta qurish ishlaridan va munosib tovon to‘lanmasligidan xavotirga tushganlar.

"O‘zi anchadan beri shaharda qilinadigan rekonstruktsiya ishlari haqida juda ko‘p mish-mishlar tarqalib yurgandi. Qo‘qon, Andijon, Samarqanddagi buzilishlarni eshitib juda ko‘plar vahimaga tushgan. Uylari buziladigan odamlarni rozi qilish masalasi ikkinchi masala bo‘lib qolgan", deydi janob Ergashev.

Huquqbonning aytishicha, majlisda qatnashganlar ayni majlisda gaz va elektr taqchilligi borasida biron muammo muhokama qilinganini xabar qilishmagan.

Qish mavsumi yaqinlashar ekan, O‘zbekistonning boshqa viloyatlari kabi Farg‘onada ham gaz va elektr taqchilligi yirik muammoga aylangan. Ba‘zi qishloq va tumanlarda gaz umuman yo‘q.

Farg‘ona viloyat hokimi ikki hafta avval qilgan chiqishida mahalliy aholini gaz taqchilligi haqida ogohlantirib, o‘tin va ko‘mirni jamlab qo‘yishga chaqirgan.

"Butun viloyat aholisini bezovta qilayotgan va birinchi o‘rinda turgan narsa gaz ta‘minotidagi uzilishlar. Bu o‘zi qishloq aholisi uchun doimiy kutilgan hol edi. Lekin, qishloq va shahar tavofuti ham kamayib ketdi, mana endi bu yil shaharda ham gaz uzilishi ko‘paygan", deydi Abdusalom Ergashev.