O‘zbekistonda yosh bolalar o‘rtasidagi o‘lim holatlarini qanday qilib kamaytirishga erishildi?

Shu kunlarda O‘zbekistonda onalar va bolalar sog‘lig‘ini yaxshilash masalalariga bag‘ishlangan xalqaro simpozium o‘tkazilib, mamlakatda oxirgi 20 yil mobaynida yosh bolalar o‘rtasida o‘lim holatalari uch barobarga kamaygani haqida aytildi.

O‘zbekiston axborot agentliklarining xabar berishlaricha, xalqaro anjuman mamlakat prezidenti Islom Karimov tashabbusi, BMT Bolalar Jamg‘armasi, Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti va O‘Zbekiston Sog‘liqni Saqlash Vazirligi ishtirokida o‘tkazilgan.

O‘zbekiston Prezidenti anjumandagi nutqida sog‘liqni saqlash tizimida, jumladan ona va bola sog‘lig‘ini yaxshilash sohasida erishilgan qator muvaffaqiyatlarni qayd qilib o‘tdi.

Lekin O‘zbekistonda oxirgi yillarda tug‘ilish darajasini nazaratga olishning qator radikal yo‘llari qo‘llangani haqida xabarlar bor edi.

Go‘daklar orasida o‘lim holatlrining kamayishiga qay bir yo‘l bilan erishildi, tug‘ilishni kamaytirish bilanmi yo tibbiy xizmat sifatini yaxshilash bilanmi?

BBC bu borada mutaxassis-shifokor Dilmurod Irgashev bilan suhbatlashdi.

Dilmurod Irgashevga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘ylab safarlari mobaynida haqiqatan ham tuman va qishloq yerlaridagi akusherlik klinikalari va mahalliy tibbiy xizmat markazlari eng zamonaviy jihozlar bilan ta‘minlanganligiga guvoh bo‘lgan.

Bundan tashqari bu markazlardagi tibbiyot xodimlarining bu jihozlarni ishlatish malakasiga ega ekanliklariga ham ishonch hosil qilgan.

Tug‘ilish darajasini nazorat qilish sohasida esa qo‘llanadigan usullar kengaytirilib, ayollar bu usullardan o‘zlariga ma‘qul yo‘lni tanlab olish imkoniga ega bo‘lishlari uchun ma‘lumot darajasini ko‘tarish yo‘lida ko‘plab choralar amalga oshirilmoqda ekan.

Lekin shifokor Irgashevning aytishicha, O‘zbekistonda kutilmagan homiladorlik va buning ortidan oilalarda farzandlarning ko‘p bo‘lishi masalasi hanuz dolzarbdir.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди