Vladimir Putinning qudratga qaytishiga o‘zbekistonliklar qanday qarashadi?

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

Rossiya aholisining yarmiga yaqiniga ko‘ra, Vladimir Putinning prezidentlik kursisiga qaytishi mamlakat taraqqiyotida hech narsani o‘zgartirmaydi.

Janob Putin Rossiyaning rivojiga yanada turtki beradi, deguvchilar esa bundan sal kamroq ekan (38%).

O‘n foizga ham yetib-etmaganinng nazdida esa, bu – turg‘unlikka yetaklaydi.

Ijobiy fikrdagilarning aksariyati janob Putinning "Yagona Rossiya" partiyasi tarafdorlari va yoshlar bo‘lib chiqishgan.

Qarshi mavqe‘dagilarni esa, Rossiya Liberal Demokratik Partiyasi tarafdorlari tashkil etishgan.

Bu kabi ma‘lumotlar Butunrossiya omma fikrini o‘rganish markazi tomonidan olib borilgan so‘nggi so‘rov natijalaridan ma‘lum bo‘lgan.

So‘rov ishtirokchilaridan bir emas, uch masala xususida fikrlari so‘ralgan.

Savollar esa, siz qaysi davrda yashashni istagan bo‘lardingiz, Brejnev paytlarini "turg‘unlik", deb baholash adolatdanmi va Vladimir Putinning uchinchi bor qudratga qaytishi Rossiyaga qay tomonlama ta‘sir qiladi, qabilida qo‘yilgan.

Aksariyat aholi haliyam zamonaviy Rossiyada yashashni ma‘qul ko‘rishlari ayon bo‘lsa-da, o‘tgan besh yili ichida bu kabi fikrda bo‘lganlarning soni biroz kamayibdi(52% dan 47% ga tushibdi).

O‘z o‘rnida, Leonid Brejnev davrida yashashni qumsayotganlar soni ham anchagina pasayibdi. Ya‘ni o‘tgan 6 yil ichida 31 foizdan 24 foizga tushib ketibdi.

Yangi so‘rov natijalaridan ma‘lum bo‘lishicha, Boris Yelьtsin paytida yashashni xohlovchilarning soni, hatto, inqilobdan avvalgi (5 %) yoki Iosif Stalin(5%) davridagisidan ham kamroq ekan(bor-yo‘g‘i 2 %).

Zamonaviy Rossiyada yashash esa, ko‘proq janob Putinning "Yagona Rossiya" (62%) va yoshlarga(66%) ga yoqarkan.

Stalin va Brejnev davriga qaytsak, qaniydi, deguvchilar aksaran Kommunistik partiya izdoshlari va keksa fuqarolar bo‘lib chiqishibdi.

Boshqa tomondan, hozirga kelib, ko‘pchilik rossiyaliklar Brejnev davrini yaxshi xotiralar bilan eslasharkan.

Ularning nazdlarida, o‘sha paytda barqarorlik hukm surgan, narx-navo va har xil xizmatlarni odamlarning cho‘ntaklari ko‘targan, ishsizlik bo‘lmagan, SSSr gullab-yashnagan, millatlar birligi bo‘lgan...

Salbiy fikr esa, kam uchragan. Brejnev davrini tovarlar taqchilligi, uzundan-uzoq navbatlar, to‘siqlar va mamlakatning parokandalikka uchrashi bilan uyg‘unlikda ko‘ruvchilarning soni esa, ja‘mi 5 foizga ham yetmagan.

Ammo o‘sha paytlarni turg‘unlik yillari, deb atash qanchalik adolatdan ekaniga oid savol Rossiya aholisi orasida ziddiyatga sabab bo‘lgan. Yoqlovchi va qoralovchi fikrdagilarning soni qariyb teng (37-38% dan) bo‘lib chiqqan.

So‘rov Rossiyaning 46 ta viloyat, o‘lka va respublikalarida 1.600 ta kishi orasida olib borilgan.

O‘zbekistonliklar qanday fikrda?

O‘zbekistondagi "Ekspert" ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilovning aytishicha, Putin nomi O‘zbekistonda ancha mashhur:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

"Ayniqsa, davlat xizmatchilari orasida Vladimir Putin judayam taniqli, ko‘pchiligining hurmat-e‘tiboriga sazovor. Ko‘p hollarda bu kabi insonlar o‘zlarining uyali telefonlari, shaxsiy kompьyuterlari, ish stollarida Putinning portretlarini olib yurishadi, ardoqlab,.." deydi u.

Tahlilchining aytishicha, Rossiya Bosh vaziri haqida ijobiy fikrda bo‘lganlarning ikkinchi aholi guruhi hayoti bevosita Rossiyadagi muhojirlik bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zbekistonliklardir.

"Ularning nazdlarida ham, Vladimir Putin Boris Yeltsin davrida obro‘yi va iqtisodiyoti inqirozga uchragan Rossiyani tizzasidan turib, oyoqqa qalqishga majbur qilgan bir siyosatchi sifatida ko‘riladi", deydi u.

Suhrob Ismoilovga ko‘ra, bu kabi insonlarning o‘lchovlarida O‘zbekistondagi hayot bilan solishtirganda, Rossiyada pul topish imkoniyatlari ko‘proq bo‘lgani uchun Vladimir Putin mamlakatdagi siyosatchilarga nisbatan muvaffaqiyatliroq, omadliroq, professionalroq siyosatchi sifatida qabul qilinishi mumkin.

Tahlilchi o‘z kuzatuvlaridan kelib chiqib va O‘zbekistondagi mavjud ijtimoiy kayfiyatga qarab, o‘zbekistonliklar orasida umuman olganda sobiq Sho‘rolar Ittifoqi davrini qumsash kuchayib borayotganini ham aytadi.

"O‘zbekiston Rossiya kabi o‘zini sobiq SSSRning to‘g‘ridan-to‘g‘ri vorisi sifatida qabul qilmaganligi tufayli aholi orasida Brejnev yoki Stalin davri deb, alohida bir ajratish kayfiyati yo‘q. Umuman sobiq Sho‘rolar paytida mavjud bo‘lgan salgina bo‘lsa ham ijtimoiy tenglik, turli xil iqtisodiy muammolarning nisbatan kamligi shu insonlar orasida o‘sha kunlarni qumsash, sog‘inish hissini kuchaytirmoqda", deydi tahlilchi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi saylovlar orqali bitta rahbarning o‘z o‘rnida qolaverishi jarayoniga ham anchadan beri ko‘nikib bo‘lgan.

"Shuning uchun, mana shu fikrdan kelib chiqib ham, ular aniq his qilishadiki yoki shunaqa bir kayfiyat borki, o‘zlarining ovozlari, o‘zlarining pozitsiyalariga judayam kam narsa bog‘liq bo‘ladi. Hamma narsa, hatto saylovlar ham, avvaldan tepadan yechilgan bo‘ladi, degan kayfiyat hukmron. Menimcha, shu sababdan, aholi juda bir loqaydlik bilan, siyosiy jihatdan o‘ta nofaollik bilan bu narsani qabul qiladi", deydi o‘zbekistonlik tahlilchi.