Prezident Islom Karimov Qashqadaryo hokimini vazifasidan chetlatdi

Image caption Qarshiliklar prezident tashrif buyurayotganidan bexabarlar

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov va Bosh Vaziri Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga kelishgan.

Viloyat xalq deputatlari kengashida prezident Qashqadaryo viloyati hokimi Nuriddin Zayniyevni lavozimidan olgan va uning o‘rniga Surxondaryo viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayevni tayinlagan.

Turobjon Jo‘rayev qator yillar O‘zbekiston moliya vazirining muovini bo‘lib ham ishlagan.

Qarshilik faollarning BBCga aytishlaricha, shahar bo‘ylab yirik xavfsizlik choralari ko‘rilgan: yo‘llar katta mashinalar bilan to‘silgan va shahardagi militsiya xodimlari soni ko‘paytirilgan.

Biroq, ularga ko‘ra, oddiy xalq nima bo‘layotganidan bexabar edi, kimdir prezident kelayapti desa, kimdir bosh vazir kelishini kutayotgandi.

Nuriddin Zayniyev 2002 yildan beri Qashqadaryo viloyati hokimi bo‘lib ishlab kelgan.

O‘zbekiston prezidenti yig‘inda viloyatdagi qishloq xo‘jaligi vaziyatini tanqid qilgan.

Yig‘indan avval BBCga gapirgan mahalliy faol Gulshan Qorayevaga ko‘ra, qashqadaryoliklarni eng ko‘p xavotirga solayotgan gaz taqchilligi muammosi bu yuqori darajali tashrif chog‘ida hal etilishi yoki uni yechish yo‘lida biron chora ko‘rilishiga ishora yo‘q.

"Balkonlarda o‘tin yoqilayapti"

U gaz va elektr ta‘minoti bilan bog‘liq viloyatda o‘ta abgor holda ekanini aytadi.

"O‘tin yoqib kun ko‘rayapmiz. Gaz bo‘lsa, elektr energiyasiga ham uncha zarurat bo‘lmasdi, lekin mana ikki kun elektr bermadi, xalqning dabdalasi chiqib qoldi. Choyini ham qilib icholmay qoldi. Odamlar qochib ketayapti boshqa joylarga. Uyingizga kirsangiz, qalin kiyinib olib, fuf desangiz og‘zingizdan tutun chiqadi. Domda yashaydiganlar balkonlarida o‘tin yoqib ovqat pishirayapti, uchqun alanga olib, yonib ketishi hech gapmas" deydi Gulshan Qorayeva.

Mahalliy faol Nodir Ahatov hokimning ishdan olinishi yoki prezidentning tashrifi bilan viloyatdagi gaz ta‘minotiga bog‘liq muammolar yechilishiga ishonmaydi.

Bosh vazir yaqinda Farg‘ona viloyatiga safar qilib viloyat xalq deputatlari kengashi bilan majlisda kadr masalalariga e‘tiborni qaratgan va shaharni obodonlashtirish maqsadida 500ga yaqin xonadonning uyi buzilishini e‘lon qilgandi.

Qish mavsumining qattiq kelishi bilan O‘zbekistonning barcha viloyatlarida yirik muammoga aylangan isitish, gaz va elektr ta‘minoti muammolari bu kabi majlislar kun tartibida yuqori o‘rinlarni egallamagan.

"Bosh vazir xalq bilan uchrashishi kerak. Mana Putin masalan bosh vazir bo‘lib xalq orasida yuradi-ku. Nimaga bizda bunday bo‘lmaydi? Xalqning dardini ham eshitish kerak. Bular xalqni orasiga kirmaydi, xalq ham ularga yaqinlasha olmaydi. Bizning hokim telemuloqotda gaz yo‘q deb shaxsan aytgan. Bu ishlar viloyat hokimi qo‘lida emas. Buning hammasi yuqori bilan bog‘liq. Shavkat Mirziyoyev ber desa, berishi mumkin gazni. U esa bu muammolarga e‘tibor qaratmaydi deb o‘ylayman", deydi Gulshan Qorayeva.