Diniy mahbuslar onasi qamoqdagi sharoitlar og‘irlashayotganidan xavotirda

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

O‘zbekiston qamoqxonalarida saqlanayotgan diniy mahbuslarning onasi Marhamat Mirzayeva o‘g‘illarining ahvolidan xabar olib kelishi ortidan, qamoqxona ma‘muriyati diniy mahbuslar hayotini o‘ta qiyinlashtirayotganini aytgan.

Marhamat opaning to‘rt o‘g‘lidan uchtasi diniy ayblar bilan qamalgan, o‘tgan iyun oyida ularning eng yoshi 36 yoshli Abdulazizning qamoqdan jasadi keltirilgandi.

Ona qolgan ikki o‘g‘li 46 yoshli Abdukarim va 40 yoshli Abduvohitning ham sog‘ligidan qattiq xavotirda. Uning bir o‘g‘li Navoiy, ikkinchisi esa Zarafshonda jazo hukmini o‘tamoqda.

Uning uch o‘g‘li ham noqonuniy diniy tashkilotlarga a‘zolik va konstitutsion tizimga tajovuz ayblarini rad etganlar.

Marhamat Mirzayevaning o‘zi o‘g‘illari namozxon bo‘lgani uchun qamalganlariga ishonadi.

U o‘g‘illari va boshqa diniy mahbuslar mantiqsiz og‘ir mehnatga majburlanayotganini aytadi.

"Tonna-tonna keladigan toshlarni lom bilan urdirar ekan, maydalatar ekan. Qo‘llari qavarib yirtilib ketgan. Agar bajarolmasa, to‘rtta diniy mahbusga toshlarning oqini oqqa, qorasini qoraga terdirar ekan. 100 tonna keladigan toshlarni ag‘dartirib, obedgacha maydala, der ekan", deydi u.

Onaning aytishicha, diniy mahbuslarning bir-biri bilan muloqot qilishi butkul man qilingan.

"Agar gaplashib qolsa yo ko‘zi bilan bunday qarab qo‘ysa ham, azob berarkan. Ko‘zing bilan gaplashayapsan, der ekan. Yerga qarab yurishar ekan. Bitta mahalladan bo‘lgan qo‘shnilar bir joyda o‘tirishibdi. Bir-biriga qarab gapirolmaydi. Yonma-yon yotibdi, nechchi yildan beri birga o‘tirishgan bo‘lishsa, "ey palonchi" deb bir-biridan hol-ahvol ham so‘rolmaydi", deydi Marhamat opa.

U diniy mahbuslar uchun hatto hojatxonaga chiqish cheklanganini ham aytadi.

"Ikki marta chiqish mumkin ekan. Siygim qistab ketayapti, chiqib kelay desa, qilvoraver ishtoningga der ekan. Tualetga borsa ikkita qorovul bilan borar ekan. Banditlar, o‘g‘rilardan ikki yoniga qorovul qilib qo‘yar ekan, ular tualetga olib borib oldida "bo‘l tezroq, ko‘p o‘tirma" deb turarkan", deydi u.

Marhamat opa o‘g‘illari unga qamoqda umuman ibodat bilan shug‘ullanish mumkin emasligini bildirishgan.

"Qanaqa namoz? O‘ldiradi-ku, o‘ldirvoradi. Namoz o‘qish u yoqda tursin, Hudo degan so‘zni aytolmadi", deydi u.

Xalqaro hisobotlarda O‘zbekiston diniy erkinliklarni qattiq cheklagan mamlakatlar orasida yuqori o‘rinlarni egallab keladi.

2009 yil yanvarida AQSh davlat kotibi Xalqaro diniy erkinliklar farmoniga binoan o‘ta keskin qonunbuzarliklar tufayli O‘zbekistonni "Alohida xavotirga sazovor mamlakatlar" sirasiga kiritgan.

O‘zbekiston hukumati qamoqlarda qiynoqlar qo‘llanishi va diniy mahbuslar tahqirlanishi rad etib keladi.