PIAR agentliklari O‘zbekiston imidjini qanday yaxshilab berishlari mumkin?

Фото муаллифлик ҳуқуқи www.independent.co.uk

Britaniyada jurnalist tadqiqotchilar tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, mamlakatdagi PIAR agentliklari xalqaro sahnada o‘z imidjlarini yaxshilamoqchi bo‘lgan avtoritar rejimlar uchun markaz bo‘lib qolgan.

Londonda joylashgan Tadqiqotchi jurnalizm Byurosining aytishicha, Britaniyadagi PIAR sanoati lozim qonun qoidalar bilan yo‘lga solinmagani va oshkoralikning yo‘qligi bois Saudiya Arabistonidan tortib, Qozog‘iston kabi mamlakatlar uchun o‘z imidjlarini yaxshilash xizmatlari taklif qilinadigan yerdir.

PIAR shirkatlari o‘z mijozlari uchun qanday xizmatlarni taklif qilishga tayyor ekanliklarini aniqlash maqsadida ikki jurnalist o‘zlarining xalqaro imidjlarini yaxshilash istagida bo‘lgan o‘zbekistonlik sarmoyachilar sifatida taqdim qilib, qator PIAR shirkatlariga tashrif buyurishgan.

Biz ushbu byuro muharriri Iyan Overtonni suhbatga tortib, nima uchun o‘z tadqiqotlari uchun aynan O‘zbekistonni tanlaganliklarini so‘radik:

Iyan Overton: Biz Londondagi PIAR sanoatida hali nom chiqarib ulgurmagan bir qator davlatlar ro‘yxatini ko‘rib chiqdik. London aslida inson huquqlari sohasida yaxshi obro‘ga ega bo‘lmagan davlatlar imidjlarini yaxshilash harakatlari amalga oshiriladigan markazlardan biri hisoblanadi. Biz o‘tkazadigan tadqiqotimizda O‘zbekiston nomidan ta‘bir joiz bo‘lsa "ish yuritishga" qaror qilganimizga sabab - u yerda nafaqat inson huquqlari muammolari borligi, balki paxta yetishtirish sanoatida bolalar mehnatidan foydalanish hollari keng yoritilgani edi. Ana shundan foydalanib, biz o‘zimizni O‘zbekiston paxta sanoati vakillar qilib ko‘rsatib, o‘z imidjini yaxshilash ilinjida bo‘lganlar qilib ko‘rsatishga urinib ko‘rdik.

BBC: Siz o‘z harakatlaringiz mobaynida murojaat qilgan shirkatlardan biri Bell Pottinjer shirkatidir, bu piar ishlari bilan shug‘ullanuvchi o‘ta yirik shirkat va siz uning rahbarlari bilan ham uchrashishga muvaffaq bo‘lgansiz. Ular bu sohada ne qadar xizmatlar taklif qila olishlari mumkinligi haqida tasavvur hosil qildingizmi, ya‘ni masalan agarda O‘zbekiston hukumati ularga murojaat qiladigan bo‘lsa, imidjlarini qanchalar yaxshilab bera olishar ekan?

Iyan Overton: Ular o‘z ishlarini "qora san‘at", deb atashar ekan. Ular, masalan, "Vikipediya"da maqolalar paydo bo‘lishini ta‘minlay olishadi. Shu bilan birga internet sahifalarida O‘zbekiston haqida chop etilgan salbiy maqolalarni ortga surishni ta‘minlay olishar ekan. Masalan Guglda "o‘zbek paxta sanoati" deb qidirsangiz, ro‘yxatda dastlab paydo bo‘ladigan maqolalar ijobiy ma‘nodagi maqolalar bo‘ladi. Ular blogerlarni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan kichik miqyosdagi islohotlarni "bo‘rttirib" ko‘rsatish ishlariga jalb qila olar ekanlar. Bel Pottinjer shirkati vakillarining bizga aytishlaricha, aynan mana shu oxirgi xizmat uchun mamlakatda o‘rtamiyona bo‘lsa ham, islohotlar o‘tkazilayotgan bo‘lishi kerak ekan. Keyin ular ana shu kichik islohotlar ahamiyatini oshirib ko‘rsata olishga harakat qilishlari mumkin ekan. Ular bu xizmatlar uchun kontrakt tuzishga tayyor ekanliklarini ko‘rsatishdi. Buning uchun to‘lanadigan haq yiliga million dollar bo‘lishini bildirishdi. Ular, shuningdek, Britan va Ovro‘po davlatlari siyosatchilari bilan muloqotni ta‘minlay olishlari, o‘zbek siyosatchilari uchun safar va anjumanlar tashkillashtirish mumkinligi haqida aytishdi.

BBC: Londondagi PIAR shirkatlarga bu kabi davlatlar vakillari nima maqsadlarda murojaat qilishar ekan? PIAR tizimdagi kamchiliklar boismi yoki lozim qonun-qoidalar mavjud emasligi tufaylimi?

Iyan Overton: PIAR sanoatida asosan ingliz tili ishlatilgani uchun bu kabi vaziyatlarda asosan ikki joyga murojaat qilinadi: yo London va yo Nyu York. Nyu Yorkdagi muammo shuki, u yerga murojaat qilgan hukumatlar o‘z manfaatlarini qayd qildirishlari kerak. Ya‘ni, bir shirkat bilan shartnoma tuzilsa, o‘sha shirkat butun hukumat manfaatlarini namoyon etayotganligini bildirishi kerak. Britaniyada esa, bu kabi talab qo‘yilmaydi. Ana shuning uchun ham, biz bu tajribani o‘tkazib PIAR sanoatida alohida shaxslar bilan tuzilayotgan shartnomalar haqida yoritishni istadik.