BBC navigation

Buxoro hokimining o‘g‘li viloyatdagi benzin taqchilligiga naqadar sababchi?

Сўнгги янгиланиш 7 декабр 2011 - 14:51 GMT

Buxoro viloyati hokimi O‘zbekistonda eng uzoq davr hokimiyat tepasida qolayotgan hokimdir

O‘zbekistonning Buxoro viloyatida davom etayotgan benzin tanqisligida Buxoro viloyati hokimi lavozimida 15 yildirki xizmat qilib kelayotgan Samoydin Xusenovning o‘g‘li va jiyanlari gumon qilinmoqda. Hozirda qudratli hokimning o‘g‘li Sharofiddin Xusenov hibsda ushlab turilgani aytiladi.

Buxorolik huquqshunosning BBCga bildirishicha, hokimning oilasi neft zavodlaridan ajratilgan yoqilg‘ini qora bozorda sotish bilan sun‘iy tarzda defitsitni keltirib chiqargan.

Suhbatdoshga ko‘ra, hozirda soliq departamentining rahbari va bir qator pastroq darajali rasmiylar ishdan olingan, va soliq departamenti rahbariga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

BBC Buxorodagi jinoiy ishlar borasida bilish uchun Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga bog‘landi, biroq boshqarma jinoiy ishlar ochilganini rad qildi va "Buxoroda, Xudoga shukur, hammasi tinch" degan javobni berdi.

BBC ismi sharifini oshkor qilishni istamagan mahalliy huquqshunosdan avvalo Buxorodagi vaziyatni tasvirlab berishni so‘radi.

Huquqshunos: Aslida Buxorodagi vaziyat O‘zbekistonning boshqa viloyatlaridagidan keskin farq qilmaydi. Toshkentdan farqli o‘laroq, bu yerda muntazam ravishda benzin yetishmovchiligi kuzatilib kelmoqda. Navbatlar kilometrlab cho‘zilgan, kechqurun soat yettida navbatga turgan haydovchi ertlaba soat 10 yo 11da benzin oladi, agar olgan taqdirda. Bu Buxoro shahridagi vaziyat. Qishloq shahobchalarida esa umuman benzin yo‘q.

BBC: Yoqilg‘ini yetkazib beruvchi muassasalarga bog‘landingizmi sababini bilish uchun?

Huquqshunos: Neft zavodi va neft bazasi mening va ko‘ngilli xodimlarimizning so‘rovlariga javob bera turib, umuman shahar bo‘ylab neft ta‘minotini ozaytirishmaganini aytishdi. Avval qanday miqdorda berilgan bo‘lsa, shunday miqdorda berilishi davom etayapti ekan.

BBC: Unda benzin tanqisligining sababi nimada?

Huquqshunos: Bizning fikrimizda bu sun‘iy ravishda yaratilgan benzin tanqisligi va buning ortidan qo‘shimcha foyda olinayotganida. Benzinning qora bozori gurkirab rivojlangan. Qora bozorda sotgan sotuvchi ikki yo uch baravar ko‘p foyda ko‘radi. Shaxsan o‘zim kecha bir litrini qo‘ldan 2,500 so‘mga sotib oldim. Bu benzin qayerdan kelgani noma‘lum, lekin olishga majburmiz. Qo‘shimcha daromad bu birinchi sababi. Ikkinchisi esa monopolizatsiya. Buxorodagi yoqilg‘i quyish shahobchalari ikki yo uch kishining qo‘lida mujassam bo‘lgan. Masalan Buxoroda sakkizta benzin yetkazib beruvchi shirkatning aksari viloyat hokimining o‘g‘li Sharofiddin Xusenovning "Sohibqiron sahovat" firmasiga tegishlidir.

BBC: Qanchalar ishonch bilan bu firmalar hokimning o‘g‘liga tegishli deya olasiz? Bunga asos bormi sizda?

Huquqshunos: Ha, albatta. Bu yashirilmayapti ham. Bugunda soliq departamenti bu firmalarning hisoblari bilan tanish, va mas‘ul idoralar, hamda jamoatchilik bundan yaxshi ogohlar.

BBC: Demak, siz hokimning o‘g‘li benzinni qimmat narxda qora bozorda sotish bilan defitsitni keltirib chiqarayapti deb o‘ylaysiz, shundaymi?

Huquqshunos: Albatta, monopoliyaning maqsadi bozordagi narxlarni belgilab berish kuchini qo‘lga kiritishdir. Sharofiddin Xusenovga qarshi 2007 yilda men yuqorida aytgan shirkatlar va viloyat hokimiyatida tintuv o‘tkazilgandi. Lekin, keyin bu tergovlar taqa-taq to‘xtab qoldi va yosh Xusenov firmasi qayta faoliyat boshladi. U qora bozorda hatto avvalgidan ham faolroq ishlay boshladi. Lekin, shu kunlarda hokimning o‘g‘li Sharofiddin Xusenovga qarshi jinoiy ish ochilganini menga anonim tarzda huquq-tartibot idoralaridagi manbalar xabar qilishdi. Milliy Xavfsizlik Xizmati uni yakshanba kunidan beri hibsda ushlab turibdi. U, jumladan, firibgarlik va soliqdan bo‘yin tovlashda ayblanadi.

BBC: Uning otasi, Buxoro viloyati hokimi Samoydin Xusenov Buxoro viloyatini 1996 yildan beri boshqarib keladi va juda qudratli shaxs hisoblanadi, shunday emasmi? Nimaga asoslanadi uning bu qudrati?

Huquqshunos: To‘g‘ri, u 1996 yildan beri qolayotgan O‘zbekistondagi yagona viloyat hokimi. Va 2007 yilda oilasi tergov qilingani va hozirda yana tergovlar bo‘layotgani, o‘ziga nisbatan ham ba‘zi tekshiruvlar bo‘lib o‘tganiga qaramay, bu uning mavqeiga hech salbiy ta‘sir qilmayapti. Jamoatchilik, Buxoro aholisi oxirgi ishlar foyda berib, uni lavozimdan olishlariga umid qilishayapti. Oilaviy aloqalar, mahalliychilik, bunga bog‘liq korruptsiya bir odamdan shuncha uzoq davr hokimlik qilayotgani oqibatidir. Uning jiyani ham viloyat hokimligida yuqori lavozimni egallagan.

BBC: Nima uchun aynan Buxoroda shunday bo‘lgan, ya‘ni bir odam shuncha uzoq davr hokimiyat tepasida qolgan?

Huquqshunos: Bu savol menga bo‘lmasa kerak. Bizda an‘anaga binoan prezident hokimlarni tayinlaydi. Bu lavozimga tayinlash jarayonining umuman shaffof emasligi, aholi umuman jalb qilinmasligi mana shunday yakkahokimlar yaratilib, hokimiyatni qo‘llariga jamlab olishlariga sabab bo‘layapti.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.