BBC navigation

O‘zbekiston: Konstitutsiya kunida konstitutsiyaviy huquqlar talabi uchun hibs

Сўнгги янгиланиш 8 декабр 2011 - 15:14 GMT

8 dekabr - O‘zbekiston konstitutsiyasi qabul qilingan kun sifatida bayram qilinadi

Qashqadaryolik faollarga ko‘ra, O‘zbekiston konstitutsiyasida kafolatlangan elektr va tabiiy gazdan foydalanish huquqlari ta‘minlanishini talab qilgan Chiroqchi tumanilik besh faol hibsga olingan.

Mamlakatning turli viloyatlaridagi muxolifat a‘zolari va inson huquqlari himoyachilari uylari qattiq nazoratga olingan.

Norasmiy O‘zbekiston Inson huquqlari jamiyati Qashqadaryo viloyati bo‘limi raisi Gulshan Qorayevaning xabar berishicha, jamiyatning Chiroqchi tumanidagi faoli Nurali Ko‘lobov, O‘zbekiston Inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati a‘zosi Abdumurod Norboyev va yana bir necha faollar Chiroqchi tuman hokimligiga chaqirilganlar.

"Hokimlik oldida ularni 30-40 tacha militsiya xodimi va bir necha ayollar qarshi olishgan. Ayollar bilan janjal kelib chiqqan. Bu hokimiyat uyushtirgan provokatsiya", deb aytgan Gulshan Qorayeva.

Inson haqlari faoli bildirishicha, chiroqchilik militsionerlar "5-6 kun qamamay ilojimiz yo‘q", deb aytishgan.

Gulshan Qorayevaga ko‘ra, faollarni bezorilikda ayblab, ularni ma‘muriy javobgarlikka tortishlari mumkin.

Chiroqchilik faollar tumandagi gaz va elektr ta‘minotidan norozilik bildirilgan shikoyatni O‘zbekiston prezidenti nomiga, O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi, Milliy Xavfsizlik xizmati, "O‘zbekenergo" shirkati, Qashqadaryo viloyati hokimligiga yuborgan edilar.

Tumandagi 20 qishloq oqsoqollari imzolagan norozilik nomasi mahalliy rasmiylarga yetkazilgan, Chiroqchi tuman hokimligi agar aholi talablari bajarilmasa, 8 dekabr - O‘zbekiston konstitutsiyasi qabul qilingan kun va 15 dekabr kuni ommaviy norozilik namoyishi uyushtirilishi haqida ogohlantirilgan edi.

Nurali Ko‘lobov bilan suhbatni mana bu yerda tinglang:

Электр йўқлиги сабаб чироқчиликлар Қашқадарё ҳокими ўзгарганидан бехабар қолганлар

Қашқадарё вилоятининг Чироқчи туманидаги газ ва электр таъминотидан норози аҳоли вакиллари маҳаллий ҳокимиятни 15 декабр куни норозилик намойишига чиқишлари ҳақида огоҳлантирганлар.

Тинглашmp3

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

Inson haqlari himoyachisi Gulshan Qorayeva so‘zlariga ko‘ra, norozilik namoyishi tashkil etilishi ogohlantiruvi bilan chiqqan faollarning hibsga olinishi ularning "ovozlarini o‘chirib, bosib qo‘yish" maqsadini ko‘zlagan.

"Agar Chiroqchi tumani hokimiyati ularning talabini bajarib, qishloqlarini elektr va gaz bilan ta‘minlasa, buning orqasidan butun Chiroqchi odamlari ko‘tarilishi mumkin", deydi Gulshan Qorayeva.

Mahalliy faollarga ko‘ra, turli viloyatlardagi huquq-tartibot organlari xodimlari O‘zbekiston konstitutsiyasi qabul qilingan kunda biror bir norozilik amaliyotiga yo‘l qo‘ymasliklari borasida ogohlantirilganlar, muxolifat va inson haqlari faollari ustidan nazorat kuchaytirilgan.

"Saida Qurbonova xuddi meningdek ixotalangan. Uning uyi ham, mening uyim ham kuchishlatar strukturalar xodimlari tomonidan o‘rab olingan", deya xabar tarqatgan Jizzax viloyatilik inson huquqlari himoyachisi Baxtiyor Hamroyev.

Baxtiyor Hamroyevga ko‘ra, Andijon, Namangan va Buxoro viloyatlarida ham "xuddi shunday vaziyat".

Oldinroq muxolifatdagi "Birdamlik" harakati faollari Toshkent shahrida O‘zbekiston konstitutsiyasini targ‘ib qilish maqsadida lotereya yutuqlari o‘yinini Toshkent shahridagi Oloy bozorida tashkilllashtirishlari haqida e‘lon qilgan edilar, biroq belgilangan kun faollar mamlakat konstitutsiyasi nusxalarini tarqatish bilan cheklanganlar.

Muhojirotdagi O‘zbekiston Xalq harakati a‘zolari Turkiya, Norvegiya va Belgiyada O‘zbekiston konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan norozilik amaliyotlari uyushtirganlar, bulardan ko‘zlangan maqsad, O‘zbekiston hukumati mamlakat bosh qonuniga rioya etmayotganidan norozilik bildirish bo‘lgan.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.