"Mustahkam oila yili" chetdagi yuz minglab oilalar egalariga nima berarkin?

Фото муаллифлик ҳуқуқи RIA Novosti
Image caption Oilasini boqish uchun O‘zbekistondan chiqib ketgan insonlarning soni qancha?

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 2012 yilni "Mustahkam oila yili" deb e‘lon qildi. Prezident Karimov oilaning jamiyatda tutgan o‘rniga e‘tibor qaratib, ushbu yil munosabati bilan tuzilajak dasturda oilalarning mustahkamligini ta‘minlovchi chora-tadbirlarni ishlab chiqish topshirig‘ini berdi. Kuzatuvchilar "Mustahkam oila" yili e‘lon qilinishi davrida millionlab mehnat muhojirlari oilasidan yiroqda tirikchilik uchun pul topishga mahkum qolayotganini va bu oilaning mustahkamligiga soya solayotganini aytishadi.

2012 yilning "Mustahkam oila yili" deb e‘lon qilish taklifi bundan oldingi yillarda ham kuzatilgani singari Konstitutsiya kunini nishonlashga Toshkentdagi saroyga yig‘ilgan ishtirokchilar tomonidan gulduros qarsaklar bilan kutib olindi.

Farg‘onalik ismi o‘zgartirilgan Qobil aka oynai jahon orqali e‘lon qilinadigan bu kabi tadbirlarga uncha ko‘ngil bo‘lmaydi. U oilani tebratish uchun pishib yetilgan anorlarni olib Rossiyaga ketishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Olti oy davomida oilasidan uzoqda savdo qiladi.

"Ko‘p yursak 6 oygacha qolamiz, yozgacha yuramiz. Jiyanim ikkalamiz ketamiz, oilam bu yerda qoladi. Ularni olib yurish qiyin. Pasportda bolalarning ham rasmi bo‘lishi kerak", deydi Qobil aka.

Kuzatuvchilar O‘zbekistondan Qobil aka singari ishlash uchun ketuvchilar borasida turli raqamlarni aytadi. 3 milliondan 8 milliongacha o‘zbekistonlikning mehnat muhojiri bo‘lib yurgani ta‘kidlanadi. Ammo bu borada rasmiy raqamlar aytilmaydi.

O‘zbekiston rasmiylari bu boradagi mavzuni muhokama qilishni hush ko‘rmaydi, markaziy telekanallarda esa ish izlab ketayotganlarga to‘kin hayotga noshukurlik qilayotgan shaxslar deya tamg‘a bosiladi. Jizzaxlik huquq faoli Baxtiyor Hamroyev mehnat muhojirlarining ko‘pchiligi mavsumiy ishlarda ishlashini aytadi.

"Yaqinda Moskvadan qaytib kelayotganimda 350 yo‘lovchi sig‘adigan uchoqning deyarli 90 foizini mehnat muhojirlari tashkil qildi. Og‘zim ochilib qoldi, dahshatga tushdim. Bularning hammasi O‘zbekistonga qaytayotgan migrantlar", - deydi jizzaxlik huquq faoli Baxtiyor Hamroyev.

Lekin qish mavsumida uyiga qaytmaydigan mehnat muhojirlari ham talaygina. Farg‘ona vodiysidan, ismi o‘zgartirilgan Zokir aka hozir Qozog‘istonda oshpazlik qilmoqda. Ketganiga bir yarim oy bo‘lgan Zokir akaning 3 farzandi va turmush o‘rtog‘i O‘zbekistonda qolgan. U kishining tikuvchilik qiladigan qizi otasi bilan telefon orqali diydorlashib turganidan rozi ekanligini aytadi.

- Sog‘inamiz-u, unchalik qiynalganimiz yo‘q, telefonda gaplashib turibmiz-ku.

Zokir akaning ayoli uyda otaning yo‘qligi farzandlarning tarbiyasiga ta‘sir o‘tkazishini aytadi.

"Otaning yo‘qligi ta‘sir qiladi. Katta farzandimiz qiz, qiz ona e‘tiboriga loyiq, otaning ham roli voyaga yetganidan keyin katta. Baribir otaning o‘rni boshqa. Lekin qizim uyda, yonimda. Otasi ham farzandlarni menga ishongan holda ketadilar. 5 yoshdagi kichkinamiz sog‘inadi. Dadam, dadam deb sog‘inib turadi. Keling desak, keladilar, unaqa uzoq ketmaydilar", - deydi Zokir akaning ayoli.

Jizzax viloyati oilalardagi muammolarni ham o‘rganuvchi huquq faoli Saida Qurbonova so‘nggi vaqtlarda mehnat muhojirlari orasida ajrashish hollari ko‘payotganini aytadi. Ishlashga ketgan erkak yoki ayol borgan joyida boshqa oila qurib O‘zbekistondagi turmush o‘rtog‘ini unutmoqda.

"Masalan, erlari Rossiyaga ketib, ishlab pul topib jo‘natmoqda. 1-2 yil o‘tgandan keyin pul ham yubormay, telefon ham qilmay qo‘yishmoqda, dom-daraksiz ketmoqda. Bunaqangi holatlar ko‘p bo‘layapti", - deydi Saida Qurbonova.

Qozog‘istonda ishlab yurgan vodiylik Zokir akaning ayoli, turmush o‘rtog‘ini ishlashga yuborgan ayollarning aksari erining yot o‘lkadagi shaxsiy hayoti unchalik tashvishga solmasligini aytadi.

"Bizning qishloqda ham qo‘ni-qo‘shnilarning ichida Rossiyaga ketganlar bor. 2-3 yilda kelishadi. U yoqda qanaqa hayot bilmayman, lekin pul jo‘natib turishadi. U yerdagi hayot bilan bu yerdagi ayollarning unchalik ishi bo‘lishmaydi. Oila tebralayapti, hayot davom etayapti, yaxshi yashashayapti", deydi uy bekasi.

O‘zbekistonda oilaga taalluqli yillar bundan oldin ham e‘lon qilingan. 1998 yili "Oila yili" deb atalgan bo‘lsa, undan keyin "Sog‘lom avlod yili", "Onalar va bolalar yili", "Yoshlar yili" "Barkamol avlod" kabi yillar e‘lon qilinib dasturlar qabul qilingan.

Kelayotgan yilda ishlash uchun chetga ketishga majbur bo‘layotganlarning oilalariga ko‘maklashish bandi hukumat maxsus dasturida o‘rin olish-olmasligi noma‘lum.