Nima uchun Islom Karimov Ovro‘osiyo Ittifoqini tuzish rejasiga qarshi?

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди
Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Islom Karimov sobiq Sovet Ittifoq hududida yangi birlashmalarning "siyosiy tus olishi"dan xavotirda

O‘zbekiston konstitutsiyasi qabul qilinganining 19 yilligi munosabati bilan Toshkentda chiqish qilgan Prezident Islom Karimov sobiq Sovet respublikalari o‘rtasida kuchliroq integratsiyani nazarda tutgan yangi ittifoqni tuzish rejasini qoralab chiqdi.

Oktyabr oyi boshida Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin sobiq Sovet respublikalari o‘rtasida Ovro‘po Ittifoqi a‘zolariga o‘xshab, Ovro‘osiyo Ittifoqini tuzish rejasini e‘lon qilgan edi.

Vladimir Putin yangi ittifoq Sovet Ittifoqidan o‘zgacha qadriyatlarga tayanishini bildirgan.

U shuningdek, "Ovro‘osiyo Ittifoqi"ni "zamonaviy dunyoning qutblaridan biriga" aylantirish niyatida ekanini aytgan.

Ammo, O‘zbekiston prezidenti bunday birlashmalarning vaqti kelganda "siyosiy tus olishidan" xavotir izhor etdi.

"Integratsiyalashuv jarayonlarini ko‘zlab, shu maqsadda turli davlatlararo birlashmalarni tashkil qilish bo‘yicha so‘z yuritganda, aytish kerakki, bunday birlashmalar vaqti kelganda tobora siyosiy tus olib borishi va bunday holat birlashma a‘zolarining boshqa xorijiy mamlakatlar bilan aloqalari va hamkorligiga salbiy ta‘sir o‘tkazishi mumkin," - dedi Islom Karimov.

Yangi tuzulmalar

Islom Karimovning aytishicha, "Sovet davrini qo‘msash tuyg‘usi va kayfiyatini uyg‘otiishga qaratilgan urinishlar" bo‘lmoqda.

O‘zbekiston rahbari Sovet Ittifoqining qulashini "tabiiy-qonuniy va mantiqiy hol" deya baholadi.

Uning bu talqini Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinning 1991 yilda yuz bergan hodisalarni "fojea" deb baholashiga tom tersdir.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Islom Karimov har qanday yangi tuzulmaga, xoh u mintaqaviy bo‘lsin xoh xalqaro, doimo qarshi bo‘lib kelgan.

Toshkentdan tahlilchi Farhod Tolipovning aytishicha, O‘zbekiston prezidentining bunday mavqe‘da bo‘lishiga "ob‘ektiv va sub‘ektiv" sabablar bor.

"Agarda ob‘ektiv faktorlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, aytishimiz kerak, haqiqatan ham, sobiq Sovet makonida turlicha integratsion harakatlar, urinishlar, eksperimentlar shu paytgacha muvaffaqiyatli bo‘lmadi, samarasini ko‘rsatmadi..." - deydi Farhod Tolipov. - "Sub‘ektiv omilga nazar tashlasak, hozir O‘zbekiston rahbariyati va umuman davlati ko‘proq o‘zining ichki davlatchiligini mustahkamlash bilan ovora bo‘lib, shunga ko‘proq urg‘u berayapti."

Fransadan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning ishonishicha, O‘zbekistonning integratsion loyihalarga qo‘shilmasligiga "siyosiy, geosiyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy" asoslar mavjud.

"Agar O‘zbekiston Ovro‘osiyo Ittifoqiga qo‘shiladigan bo‘lsa, O‘zbekistonda shakllangan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat butunlay qaytadan ko‘rib chiqilishiga to‘g‘ri keladi," - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Fransadan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov va Toshkentdan tahlilchi Farhod Tolipov suhbatini tinglang.