BBC navigation

O‘zbekistonda nega valyutalarning qora bozori yo‘qolmayapti?

Сўнгги янгиланиш 27 декабр 2012 - 15:44 GMT

O‘zbekiston davlat televideniyesi Toshkentda bir guruh valyutafurushlarning jinoiy javobgarlikka tortilgani haqida maxsus ko‘rsatuv namoyish etgan.

Ko‘rsatuvda aytilishicha, noqonuniy guruh Toshkentning Shayhontohur tuman Milliy banki binosi oldida sun‘iy valyuta xaridorlarining navbatlarini tashkil qilganlar, odamlarni yollab, pasportlariga valyuta sotib olganlar, keyin esa qora bozorda bu valyutalarni qimmatiga sotishgan.

O‘zbekiston sobiq sho‘ro hududida hanuzgacha valyutaning qora bozori amal qiladigan yagona davlatdir.

Markaziy bank xorijiy valyutalarning kunlik olish-sotish narxini belgilaydi, ammo o‘zi belgilagan narxda "sotish majburiyatini olmaydi".

Mamlakatdagi valyuta shahobchalarida xorijiy valyutani sotish mumkin, ammo sotib olish imkonsiz.

Xorijiy sarmoyadorlar so‘mning erkin konvertatsiyasining joriy etilmagani O‘zbekistonga sarmoyalar kiritishga to‘sqinlik qilayotgan eng asosiy muammo ekanini aytishadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, qora bozor hokimiyat doiralariga yaqin shaxslar va guruhlar uchun mo‘may daromad manbaiga aylangan.

Xorijiy valyutalarning qora bozordagi narxi rasmiy narxdan 30-35 foiz yuqoridir.

'Tizim'


Xorijiy valyuta operatsiyalari bilan bog‘liq yirik jinoyat ishini tergov qilgan Toshkent shahar prokuraturasining sobiq xodimi Botir Husayinovning Bi-bi-siga aytishicha, valyutalarning qora bozorida juda katta pul aylanadi.

Unga ko‘ra, davlat televideniyesida namoyish etilgan ko‘rsatuvda "fosh etilgan" holatlar alohida epizodlar emas.

"Bu bir tizimga aylangan. Har bir shahobchaning o‘z egasi bor. Buni bank rahbarlari ham, o‘sha hududga qarovchi militsiya va prokuratura xodimlari ham juda yaxshi bilishadi", - deydi sobiq prokuror.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prokuratura idoralari qoshida noqonuniy valyuta operatsiyalariga qarshi kurashuvchi maxsus bo‘lim bor, ammo bu bo‘limlar ishlamaydi.

"Bundan ikki-uch yil oldin Toshkent shahar prokuraturasining mas‘ul bo‘limi rahbari poytaxtdagi barcha valyuta shahobchalarini tekshirishga buyruq bergan va ko‘plab qonunbuzarliklarni aniqlagandi. Shundan keyin uning o‘zini qidiruvga berishdi va u qochib ketishga majbur bo‘ldi", - deydi Botir Husayinov.

Tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekiston markaziy banki xorijiy valyutalarga belgilagan narx o‘zbek so‘mining haqiqiy qiymatini aks ettirmaydi.

Ularning fikricha, agar rasmiy kurs qora bozor kursiga tenglashtiriladigan bo‘lsa, o‘zbek so‘mining qiymati keskin tushib ketadi.

Iqtisodchi Jahongir Shosalimovga ko‘ra, so‘nggi yillarda Rossiya va boshqa davlatlarda ishlab yurgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uylariga yuborgan milliardlab dollar mablag‘lar o‘zbek so‘mini butunlay barbod bo‘lishdan asrab qolgan.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.