O‘zbekistonda yana gaz va elektr haqqi oshdi

1 apreldan boshlab, aholi uchun tabiiy gaz narxi 14 foiz, elektr qiymati 7,4 foiz, issiq va sovuq suv haqqi 13 yarim foizga qimmatlagan.

Bu oxirgi yarim yil ichida tabiiy gaz, elektr energiyasi va suv narxining ikkinchi bor oshishidir.

Deylik, ma‘lumotlarga ko‘ra, aholi isitish uchun sarflangan gazning 10 kub metri uchun bugundan boshlab 1121,6 so‘m to‘laydi. Shu kundagi narx esa, 985,6 so‘mdir.

Yangi narxlar ikki hafta muqaddam hukumat qarori bilan tasdiqlangan edi.

O‘z o‘rnida, kanalizatsiya xizmati uchun to‘lovlar miqdori ham taqriban 14 foizga ko‘tarilishi aytilgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kommunal xizmatlar narxlarining bahor va kuz oylarida oshirilishi odat tusiga kirib qolgan.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, narx-navodagi so‘nggi o‘zgarishlar mamlakat aholisi eng kam himoyalangan qatlamining ahvolini yanada og‘irlashtirishi tayin.

Agar, qator xalqaro hisobotlarga qaralsa, o‘tgan yigirma yildan ortiqroq vaqt davomida O‘zbekistonda ham kambag‘allar soni sezilarli darajada ortgan.

Ayrim kuzatuvchilar, ish topish imkoniyatlari kamayib borarkan, qishloqdagi katta sondagisi qolib, kichik shaharlarda ham odamlar hayotining nochorlashib borayotganini aytishadi.

Ish haqlarining kamligi sabab, ishi borlarining iqtisodiy ahvollari ham havas qilgudek emas.

Yaqinda, hatto, rasmiy nashrlarda ham aksariyat xalqning kommunal to‘lovlarni to‘lashga qurblari yetmay qolganiga oid xabarlar paydo bo‘lgandi.

"Hozir bizda shunday bo‘layaptiki, odamlarning olayotgan o‘rtacha maoshi ham kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarga yetmayapti", deydi o‘zbekistonlik jurnalist Nosir Zokir biz bilan suhbatda.

Boshqa tomondan, narx-navolarning izchillik bilan oshirib borishi O‘zbekistonda gaz, elektr energiyasi va suv ta‘minotidagi uzilishlar odatiy tus olib borayotgan bir manzarada kuzatilmoqda.

Ustiga ustak, so‘nggi yillarda dunyoning aksariyat davlatlari qatori O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari qiymati ham ko‘tarilib bormoqda.

Mahalliy iqtisodiy tahlilchilarga ko‘ra, hukumat narxlarni oshirishga majbur bo‘lar ekan, bu - davlat g‘aznasining bo‘shab borayotganidan darak beradi.

Ular O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlar vaqtida o‘tkazilmagani, hozir ham davlatning kuchli iqtisodiy rejasi yo‘qligi, buning natijasida barcha og‘irlik xalqning bo‘yniga tushayotganini ta‘kidlashadi.

Eng kam ish haqi va narx-navo

Agar, o‘tgan yilgi rasmiy ma‘lumotlarga qaralsa, O‘zbekistonda hozir eng minimal ish haqi qariyb 80.000 so‘m yoki qora bozor kursi bo‘yicha 30 AQSh dollaridan ortiqroqni tashkil qiladi.

O‘zbekistonda deyarli har yili aholi turmush darajasini ko‘tarish maqsadida ekani aytilib, maoshlar oshirib boriladi.

Ammo oddiy odamlar ish haqlari oshirilishi haqidagi xabarni xursandchilik bilan emas, xavotir bilan qarshilashlarini aytishadi.

Chunki eng kam ish haqi oshirilgandan keyin jamoat transporti yoki kommunal xizmatlar ayrim turlari uchun haqlarning ikki baravar ko‘tarilgani O‘zbekistonda kuzatilgan voqe‘lik.

Bu qimmatlashuvlar ko‘p hollarda prezident farmonida ko‘zda tutilgan oshirilgan maoshni ishchi-xizmatchilar o‘z qo‘llariga olmasdan turib yuz beradi.

Shu bois ham, ayrim mahalliy iqtisodiy tahlilchilarga ko‘ra, hozirning o‘zida turli soliqlar, gaz va suv to‘lovlarining o‘zi har bir oilaga ikki yuz ming so‘mdan ortiqroqqa tushadi.

Ularning aytishlaricha, agar oylik ja‘mi sarf-xarajatlari nazarda tutilsa, 500 ming so‘mdan kam daromadi bo‘lgan oilaning ahvoli xarob deganidir.

Yaqinda Jahon Banki oziq-ovqat va energiya mahsulotlari narxlarining yil sayin ko‘tarilib borayotgani rivojlanayotgan Ovro‘po va Markaziy Osiyo davlatlarida 5 milliondan ortiq insonni qashshoqlik girdobiga tashlashi mumkinligi bilan ogohlantirgandi.

Jahon Banki oziq-ovqat va yoqilg‘i mahsulotlari qiymatlari mintaqa davlatlaridan daromadi eng kam bo‘lganlarida jadallik bilan oshib borayotganini ta‘kidlagandi.

Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi esa, qashshoqlik, notenglik, ijtimoiy himoyaning ko‘ngildagidek emasligi korruptsiya hollari bilan qo‘shilib, mintaqada ijtimoiy tangliklar xavfini kuchaytirishi bilan ogohlantirgandi.