Karimovning gapidan so‘ng Toshkent tilamchilardan tozalanmoqda

Image caption O‘zbekiston: Sadaqa so‘rayotgan onaxon

"Shanba kuni go‘yo SPIDga qarshi kurash bahonasida bozor joylari tilamchilar, nochorlar va mardikorlardan tozalana boshlandi. Bechoralar oila boqish uchun qishloqlardan kelishgandi" - deydi Toshkentdagi "Chorsu" bozorida savdo qiluvchi Jahongir Shosalimov.

"Islom Karimovning gapidan keyin bozordagi odamlar orasida prezidentga nisbatan nafrat va g‘azab kuchaydi. Ayniqsa, viloyatlardan kelganlar uning bu gaplaridan g‘azabda".

Bir necha kun oldin Jizzaxga borgan payti Islom Karimov Sovet davrida Eski Jo‘vani oralab, har hafta yo‘qsillarga sadaqa ulashish odati haqida gapirgan va hozir u yerlarda tilamchi qolmagan, deb ta‘kidlagandi.

"Bir vaqt shunga tekshirish uchun shu yoqqa borib, aylanib, qidirsang topolmaysan tilanchini hozir. Xudoga shukur qilish kerak. Yo‘q. Jizzaxda bormi kimdir qo‘lini tortib, so‘rab o‘tirganlar? (Atrofdagilar "yo‘q, yo‘q" deyishadi). E‘tibor beringlar shunga. Man e‘tibor berayapman shunga"

Ushbu safari davomida Prezident Karimov Moskvada ko‘cha supurayotgan o‘zbeklarni dangasalar, deb atab ulardan jirkanishini aytgan va ayni shu gaplari ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab norozi hamda g‘azabnok fikrlarga yetaklagandi. Endilikda tilamchilar yo‘q degan fikriga ham munosabatlar kuchaymoqda.

Image caption Islom Karimovga ko‘ra, u hozir borgan joylarida tilamchi yo‘qligiga e‘tibor qaratmoqda

Bozorda ishlovchi suhbatdoshimiz Prezident Karimovning bozor oralab yurib, hozir gadoylarni ko‘rmayapman, degan gapidan hayratini asoslashga harakat qiladi.

"Islom Karimov kelmaganiga ham 6-7 yil bo‘ldi. Oxirgi safar ham atrofi qattiq to‘silgandi. Bunaqa tashrif paytlari yuz minglab qurollilar safarbar etiladi. Oddiy odamlar uning yoniga ham borisholmaydi. Prezidentga yaqin borishdan u bechoralarning yuragi yorilib ketadi".

Bexabar prezident

"Islom Abdug‘aniyevich mashinadan turib nochorlarni ko‘rmasa kerak. U boradigan joylarda qashshoqlarni qoldirishmaydi" - deydi Toshkentdan jurnalist Sergey Yejkov.

"Agar biron mulozim prezident oldidan biron gadoy chiqib qolishiga yo‘l qo‘ysa, tamom, uni ishdan bo‘shatib yuborishadi".

Sergey Yejkov o‘zining uzmetronom.com vebsahifasida O‘zbekistonda tilamchilar ko‘paygani haqida yozadi.

"Istagan yemakxonadan ovqatlanib chiqing, istagan bozor yoniga boring, yoningizga sadaqa so‘rab kelishadi" - deydi jurnalist.

Ko‘pchilikning aytishicha, tilamchilar hatto rivojlangan va boy mamlakatlarda ham uchraydi. Faqat ular bu holatni rad etishmasdan, aksincha, muammoning sabablariin bartaraf etishga kirishadilar.

Image caption Rossiya yo Qozog‘istonga keta olmagan nochor va ishsiz o‘zbeklar, katta shaharlarda mardikorlikka chiqishadi

O‘zbekistonda esa mavjud holat nafaqat rad etiladi, balki uning yo‘qligini isbotlash uchun tilamchilar ahvolini yaxshilash emas, balki ularni ko‘chalardan haydash va yo quvish kabi choralar ko‘riladi.

Jurnalist Sergey Yejkovga ko‘ra, Islom Karimov haqiqiy ahvoldan bexabar. Biroq Toshkentdan shoira Dilorom Ishoqovaning aytishicha, Prezident Karimov aslida haqiqiy ahvolni yaxshi biladi, ammo o‘zini bilmaganga oladi.

"Bu yerda maqsad - prezident bechora haqiqiy ahvolni bilmaydi, degan fikrni xalq onggida shakllantirish. Odamlar prezident bexabar, hammasiga hokimlar, o‘rtadagi mulozimlar aybdor, amaldorlar prezidentni aldashadi, deb chalg‘isinlar degan maqsadda aytiladi bu gaplar" - deydi Dilorom Ishoqova.

"Agar prezident o‘z xalqi hayotini bilmasa, u prezident emas, u millatning otasiman, deb ko‘kragiga urishga haqqi yo‘q!"