Xalqaro Amnestiya: ‘Etti tishini to‘kib solishgan, ikki qovurg‘asi sindirilgan’

Xalqaro Amnistiya tashkilotining yangi yillik hisobotida O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari xodimlarining fuqarolarga nisbatan qiynoq va noinsoniy muomalalari muntazamligicha qolayotganini qayd etgan.

BMT va xalqaro tashkilotlarning shafqatsiz muomalaga chek qo‘yish chaqiriqlari O‘zbekiston hukumati tomonidan javobsiz qolayotgani, davolanishga muhtoj mahkumlar o‘ladigan darajaga kelgunicha tibbiy yordam ko‘rsatilmayotgan aytilgan.

Amnesty Internationalning dunyo mamlakatlarida 2014-2015 yillar mobaynida inson huquqlari ta‘minlanishiga bag‘ishlangan hisoboti 25 fevral kuni e‘lon qilindi.

Xalqaro Amnistiya o‘z hisobotining O‘zbekistonga bag‘ishlangan qismida huquq-tartibot organlari va Milliy Xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan insonlarni qiynash va boshqa noinsoniy munosabatlari hamon o‘zgarishsiz qolayotganiga e‘tibor qaratgan.

Bunday noqonuniy amallarga nisbatan chora ko‘rish talablarini O‘zbek rasmiylari rad etib kelmoqdalar.

Bunga javoban qiynoq qo‘llamaslik, huquq-tartibot idoralari xodimlarining inson haqlariga doir bilimlarini oshirish maqsadida keng ma‘rifiy dasturlar yo‘lga qo‘yilgani haqida hisobot bermoqdalar, deydi Xalqaro Amnistiya.

Ana shunday "treyninglar muvaffaqiyati" haqidagi hisobotni O‘zbekiston hukumatining Akmal Saidov rahbarligidagi hay‘ati 2014 yil noyabrida Ovro‘po Ittifoqi-O‘zbekiston Inson huquqlari dialogida yana bir marta e‘lon qilgan.

Biroq Xalqaro Amnistiya bunday ma‘rifiy tadbirlardan naf bo‘lmayotganini urg‘ulagan.

Amnesty International yillik hisobotida O‘zbekistonning mustaqilligi tarixida tutqunlikda eng uzoq saqlangan siyosiy mahkum Murod Jo‘rayev ahvoliga e‘tibor qaratgan.

Murod Jo‘rayevning salomatligi yomonlashganiga qaraamasdan, 1994 yildan buyon sifatli tibbiy ko‘mak ko‘rsatilmaganini ta‘kidlagan Amnesty International.

O‘zbekiston qamoqxonasida siyosiy tutqunning davolanish huquqi poymol etilayotgani misoli sifatida xalqaro tashkilot o‘tgan yili 26 iyun kuni saratondan vafot etgan Abdurasul Xudoynazarovga nisbatan munosabatni keltirgan.

Yaqinlarining sog‘ligi yomonlashayotgani va davolatish haqidagi iltimoslariga qaramay, Abdurasul Xudoynazarovga 8 yil davomida davolanishga imkon berilmagan, o‘limidan uch hafta oldin mahkama uni ozod qilishga qaror chiqargan.

Zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmagani uchun so‘nggi bir yil davomida kamida ikki mahbus olamdan o‘tgan, deyiladi hisobotda.

Hisobotda shuningdek, Moskvadan qochqin Mirsobir Hamidqoriyevning Rossiya Xavfsizlik xizmatlari ko‘magida O‘zbek hukumati tomonidan o‘g‘irlab ketilgani, tergov izolyatorida qiynoqqa solingani aytiladi. Mirsobir Hamidqoriyev g‘oyib bo‘lgach, himoyachisi ikki hafta davomida mijozining qayerda ekanligidan bexabar qolgan. Hamidqoriyev Toshkentda ekanligi xabari chiqqach, 31 noyabrda u bilan tergov izolyatorida uchrashishga ruxsat olgan. Himoyachining aytishicha, qattiq kaltaklashlar natijasida Hamidqoriyevning yetti tishini to‘kib solishgan, ikki qovurg‘asi sindirilgan.

Bunga o‘xshash holatlar hibsga olingan har bir mahbus bilan sodir etilishi kuzatiladi.

Xalqaro Amnesti hisoboti orqali yana bir bor O‘zbekiston hukumatini siyosiy va diniy ayblovlar bilan qamalgan mahkumlarni ozodlikka chiqarishga, xalqaro huquq normalariga rioya qilishga chaqirgan. Xalqaro hamjamiyat inson haqlari bilan ahvolga e‘tibor qaratishi lozimligi ta‘kidlangan.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02