Bi-bi-siga aytaman: Arenda balosidan asrasin

Image caption "Arenda" degan bir balo chiqqanmish...

"O‘zbekistonda 'arenda' degan bir balo chiqibdi. Birinchi urganda tizzasigacha, ikkinchisida beligacha, uchinchisida…"

Kecha qo‘shnimning janozasi bo‘ldi. 50 deb ko‘tarishdi. Tog‘ni ursa talqon qiladigan baquvvat kishi edi. Orqasida 4ta voyaga yetmagan bolasi qoldi.

Bekorchidan Xudo bezor deb, bekor yurmay deb, "otti kallasiga" kelishib "shaxmat" taksi ijaraga olgan ekan. Kuniga 70 ming so‘mdan, ishlasa ishlamasa. Kasal bo‘lish xuquqi yo‘q, dam olish mumkin emas. Shu erta-yu kech, mashinaning ketini tindirmay 47million so‘m to‘lab bo‘lgan ekan. Yetdim, deganda ketdi. Qanchalar sog‘lom bo‘lmasang ham, agar dam olmay ishlasang, nafaqat odam balki temir ham chidamas ekan. Janozaga kelganlar vaqti-bevaqt tibbiy ko‘rikdan o‘tib turish kerak ekan deb bir-birlariga shivirlashdi. Lekin haligi ijara haqini topaman deb yelib yugurganingda, ko‘rikka vaqtni qaydan topasan, qolaversa, analiz topshirish ham falon pul tursa…

Yaqinlarining aytishi bo‘yicha, "arenda qurg‘ur" charchatib qo‘yibdi, avvali taksisining ichida behush qolibdi. Tez yordam kelib kasalxonaga olib boribdi. Insult bo‘lgan ekan. Baquvvat bo‘lgani uchun tez orada o‘ziga kelibdi. Lekin doktorlar unga yotib dam oling deyishiga qaramay, uning fikri-zikri shu ijarani to‘lash bo‘libdi, bo‘lmasam shartnomaga asosan olib qo‘yar ekan egasi. Uning ustiga qish kuni bo‘lishiga qaramay, qarzlari tufayli uydagi gaz ta‘minotini ham kesib ketishgan ekan. Undan tashqari mashina bozori ham rosa tashladi shu kunlarda. Rossiyadagi moliyaviy inqiroz tufayli. A bu shaldiroq arava esa 3ta narxga kelishib qo‘yilgan, maydalab to‘lagani uchun. Shularning hammasi yig‘ilib, bittada zarba berib, qaytib turgizmabdi. Balki, hamma muammolardan oson qutilgani shudir?! Lekin qabrda yotganlarga boshi tashvishlardan chiqmaydigan tiriklarning havasi kelishi, oxiratning alomatlaridan biri deyishadi.

Ba‘zilar kunda ham baraka yo‘q, to‘lov to‘lab ulgurmasingdan yangi to‘lov kelib turadi deyishdi. "Hech narsaga ulgurmaysan, kishi… Qanaqadir bebaraka…," dedi janozada yig‘ilganlardan biri.

Shunda, qori aka bir yaxshi fikrni aytdilar: "Odamlar orasida silayi rahm (qarindosh urug‘ga yaxshilik qilish) ko‘tarilmoqda. Agar har kim shuni tiklasa, baraka bo‘ladi," dedilar. Bunda katta bir mantiq bor. Hozirgi kunda har kim, tirikchilik ketidan quvib, yaqinlarining holidan xabar olishni unutib qo‘ymoqda. Kun ketidan oy, oy ketidan yillar o‘tib ketganini bilmay qolamiz gohida, shu tirikchilikni bahona qilib. Xaqiqatdan ham, agar yoshi ulug‘larning suhbatida bo‘lsangiz, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishadi. Axir ular bizdan-da ko‘proq ko‘ylak yirtishgan-ku. Dardingni aytsang, atrofdagi o‘ziga to‘qroq bo‘lgan qarindosh-urug‘ga, falonchining holidan xabar ol, deb maslahat berishadi.

Nima bo‘lganda ham, hammasi Yaratganning irodasi! Akaxonning oxirati obod bo‘lsin deb duo qilib qolamiz.

PS. Haligi shaldiroq aravaga boshqa "mijoz" chiqqan bo‘lsa ajabmas. Yana hammasi boshidan, yana o‘sha eski isbotlangan sxemada davom etaveradi...

Toshkentlik muxlis.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02