#Uzbekistan:Bolalar maydonchalari zarurat emasmi?

"Obshchestvennыy kontrolь" ("Jamoatchilik nazorati") guruhi a‘zolaridan biri yuklagan surat. O‘zbekistondagi ko‘p qavatli turar-joy binosi hovlilaridan biridagi bolalar maydonchasi Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption "Obshchestvennыy kontrolь" ("Jamoatchilik nazorati") guruhi a‘zolaridan biri yuklagan surat. O‘zbekistondagi ko‘p qavatli turar-joy binosi hovlilaridan biridagi bolalar maydonchasi

Facebookdagi "Obshchestvennыy kontrolь" ("Jamoatchilik nazorati") guruhi o‘z e‘tiborini Toshkent shahridagi ko‘p qavatli turar joy binolari hovlilarida bolalar maydonchalari yo‘qligi, bo‘lgan taqdirda ham juda abgor holatda ekaniga qaratgan.

Haqiqatda ham ushbu muammo mavjud. Ko‘p qavatli turar joylar hovlilari chang, iflos, ariqlar chiqindi bilan to‘lgani ko‘p kuzatiladi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga ko‘ra, mazkur holat har bir uy-joy mulkdorlari shirkatida farroshlar shtati borligiga qaramay kuzatiladi. Ammo, ularning aytishlaricha, aksar ko‘chalar yilda ikki marta o‘sha uylarda istiqomat qiluvchi odamlar tomonidan hashar yo‘li bilan tozalanadi.

"Hovlilarimizni, mayli, tozalab oldik, ammo bolalar maydonchasini kim qurib yoki ta‘mirdan chiqarib beradi?" deya savol qo‘ygan Olesya Ibragimova ismli internet foydalanuvchisi.

"Men bolalar maydonchalari haqida gap ochmoqchiman!" deya gapini boshlaydi u.

"Aniqrog‘i ularning umuman yo‘qligi haqida yoki juda ayanchli, ayrim hollarda esa, bolalar uchun juda xavfli ahvolda ekani haqida", deydi Olesya Ibragimova.

Shu o‘rinda u o‘zining hozir Moskvada ekani va u yerdagi har bir ko‘p qavatli uy hovlisida chiroyli bolalar maydonchalari borligini ilova qilgan.

"Bizda-chi? Bolalar maydonchalari o‘rniga moshinalar uchun turar joy va qum qutilari o‘rniga chang", deya davom etadi.

Ayni paytda u guruh a‘zolariga murojaat qilar ekan: "Sizlar yashaydigan uy hovlilarida bolalar maydonchasi bormi? Rasmlar bilan bo‘lishinglar", deydi.

Guruh ishtirokchilari ham muammoga befarq qolmay qator fikrlarni bildirishgan hamda ijtimoiy tarmoqqa suratlar yuklashgan:

Alena Sviridova: "Bizning hovlimizdagi bolalar maydonchasi o‘rniga garajlar qurishdi. Shuni aytish lozimki, qo‘shimcha garajlar.) Mana shunaqa gaplar.))) " deb yozadi.

Kira Gerasimova esa: "Avtorning fikriga qo‘shilaman!!! Tashlandiq joy ko‘p, lekin maydonchalar yo‘q!!! Chilonzor 6-7-8 kvartal", deydi.

Elena Cherkasova: "Bizning uyimiz hovlisida ham joy talaygina, lekin maydonchalar yo‘q!!!" deya muhokamaga qo‘shilgan.

Anjelika Grigoreva: "Onajonlar men sizlarni tushunib turibman!!! Farzandlarimiz o‘zimizdan boshqa hech kimga kerak emas. Mening kichkina bolam bor. Shu bola uchun turmush o‘rtog‘im va men o‘z kuchimiz bilan yaqindagina bolalar maydonchasini qurib bitkazdik. 1- iyun kuni ochilish marosimini o‘tkazdik. Qo‘shnim maydonchani bayroqchalar bilan bezashga yordam berdi, juda shinamgina bo‘ldi maydonchamiz. Bu maydonchani qurishda qo‘limizdagi bor jihozlardan foydalangan bo‘lsak-da, bu juda qimmatga tushdi. Quruvchilarning ish haqi baland. Mayli, gap pulda emas, bolalarimiz xursand bo‘lib chiqindi orasida emas, mana shu maydonchada o‘ynab yurishsa bo‘lgani", deydi.

Furkat Kholmatov: "Mana shunaqa. Har doimgidek o‘z kuchimizga tayanishimiz kerak, shirkatlar-chi? Ulardan bizga qanday foyda, faqat bizdan pul yig‘ib cho‘ntaklariga tiqishmi?" deya savol tashlagan.

"Menda xushxabar bor - hovlimizda obodonlashtirish ishlari boshlandi. Odamlar bu yerda endi kattagina bolalar maydonchasini qurishadi, deb aytishdi. Hozir allanimalarni o‘lchab yurishibdi. Avtobus kutish joyini konditsioner bilan jihozlab yana allaqanday ishlarni qilishar emish. Kuzatib turamiz va sabrsizlik bilan kutamiz", deydi Nargiza Saidova.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio