Markaziy Osiyo: Chegara bilmas zo‘ravonliklar…

Image caption Farg‘ona vodiysidagi chegara mintaqalarida aholi asosan chorva va qishloq xo‘jaligi bilan band

So‘nggi haftalarda O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan chegarasida turfa noxush hodisalar ro‘y berayotganiga doir xabarlar tarqalmoqda.

Tojikiston shimolidagi So‘g‘d viloyatining Farg‘ona viloyati bilan chegarada o‘zbekistonlik chegarachilarning mol boqayotgan qo‘shni davlat fuqarolariga qarata o‘t ochgani, oqibatda bir nafar tojikistonlikning yaralanganiga doir xabarga rasmiy Toshkent munosabat bildirgan.

Podrobno. Uz nashriga ko‘ra, Davlat chegarasini qo‘riqlash qo‘mitasi matbuot xizmati bu xabarni rad etgan.

Milliy Xavfsizlik xizmatining ta‘kidlashicha, 25 iyun kuni ikki tojikistonlik Beshariq tumanida chegara hududini noqonuniy kesib o‘tgan.

Tojikistonliklar qo‘lga olish jarayonida chegarachilarga qarshilik ko‘rsatgani aytiladi.

O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmatiga ko‘ra, shundan keyin avval havoga, keyin esa ularga qarata o‘q uzilgan.

Buning oqibatida So‘g‘d viloyati, Konibodom tumanida istiqomat qiluvchi 30 yoshli Tojikiston fuqarosi T.Usmonov yaralangan va Beshariqdagi kasalxonaga yotqizilgan.

Uning hamrohi 24 yoshli X.Qobilov qo‘lga olingan.

Ayni hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘otilgan.

O‘zbekiston xavfsizlik xizmati bu ikki tojikistonlik qo‘lga olinish jarayonida atrofda hech qanday chorva mollari bo‘lmaganini ham urg‘ulagan.

Baliqchilarga hujum

Image caption O‘zbek chegarachilari Sirdaryoda qozoq baliqchisini otib o‘ldirgan

O‘tgan hafta O‘zbekiston chegarachilari qo‘shni qozog‘istonlik baliqchilarni o‘qqa tutgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Oqibatda bir nafar qozog‘istonlik halok bo‘lgandi.

Bu borada Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Toshkentga norozilik notasini yo‘llagan.

Almati shahrida esa bir guruh faollar O‘zbekiston konsulligi qarshisida piket uyushtirib, prezident Islom Karimovga o‘z norozilik talablarini topshirmoqchi bo‘lishgan.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligining norozilik notasida O‘zbekiston chegarachilarining qurol ishlatishi ikki mamlakat orasidagi do‘stona munosabatlarga rahna solishi urg‘ulangan.

Chegara bilmas…zo‘ravonliklarmi?

Image caption O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarachilari o‘rtasida qonli ziddiyatlar ro‘y berishi yangilik emas

O‘tgan hafta Qirg‘iziston bilan chegarada ham otishma yuz bergan.

Qirg‘iziston Chegara Xizmati matbuot bo‘limi tarqatgan xabarga ko‘ra, 29 iyun kuni Aydarken chegara xizmati bo‘linmasi "Kara-Shoro" chegara nazorat nuqtasida Qirg‘iziston chegarachilari davlat chegarasi chizig‘ida bo‘lgan O‘zbekiston chegarachilariga tanbeh bergan.

Qirg‘iziston Chegara Xizmati matbuot bo‘limiga ko‘ra, O‘zbek chegarachilari birinchi bo‘lib o‘qotar qurolni ishga solganlar.

Aytilishicha, O‘zbekiston chegara qo‘riqchilari Qirg‘iz harbiylarining davlat chegarasiga daxl qilmaslik va chegara chizig‘idan masofa saqlash borasidagi talabiga javoban o‘q uzishgan.

Otishma ikki davlat o‘rtasidagi chegaraning aniq belgilanmagan hududida kechgan.

Markaziy Osiyo chegaralarining ko‘pgina qismi davlat orasida yakdil bir kelishuv bilan aniq belgilab olinmagan.

Sobiq Sho‘ro, hozirda mustaqil davlatlarning chegarada ro‘y beradigan to‘qnashuvlari asosan ana shu bahsli hududlarda kechadi.

O‘zbekiston Qozog‘istondan tashqari barcha chegaradosh qo‘shnilari bilan viza tizimiga ega. Tojikiston va Qirg‘iziston bilan o‘rtadagi ayrim chegara hududlarini esa minalashtirgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi chegara osha bordi-keldi kamayib, ular bir-biridan tobora uzoqlashib ketishmoqda.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Бу мавзуда батафсилроқ