AQSh sudi Karimovaga aloqasi bor ko‘rilgan yana 300 million dollarni muzlatdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty

Nyu-York janubiy okrugining federal sudi payshanba kuni O‘zbekiston mobil aloqa bozoridagi korruptsiya tergoviga bog‘liq kompaniyalarning 300 million dollarini muzlatish bo‘yicha hukm chiqardi.

Rossiyaning Vimpelsom va MTS mobil operatorlaridan olingani gumon qilinayotgan pullarning muzlatilishini AQSh adliya vazirligi so‘ragandi.

Vimpelsom O‘zbekistonda Bilayn brendi ostida amal qiladi.

Muzlatilayotgan pullar Bank of New York Mellon bankining Irlandiya, Lyuksemburg va Belgiyadagi bo‘limlarida ochilgan hisoblarda saqlangan.

Bu pullarning bir qismi O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaga aloqador deb bilingan Takilant Limited kompaniyasiga tegishlidir.

Takilantning qog‘ozdagi egasi - Karimova xonimning "o‘ng qo‘li" ekani ishonilgan Gayane Avakyan hozir O‘zbekistonda qamoq jazosini o‘tamoqda.

Tergovchilar ishonishicha, Vimpelsom va MTS soxta kompaniyalar va konsalting xizmatlari haqidagi qalbaki shartnomalar tarmoqlari orqali "Prezident Islom Karimovning yaqin qarindoshi"ga poralar berganlar va O‘zbekiston bozoriga kirganlar.

O‘tgan yil martida Vimpelcom Limited kompaniyasi o‘ziga qarshi AQShning qimmatbaho qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasi tergov ochgani va qator hujjatlarni talab qilganini e‘lon qilgandi.

Ayni davrda Ovro‘poda ham jinoiy ish ochilgandi: Gollandiya prokuraturasi xodimlari Vimpelcomning Amsterdamdagi qarorgohiga kirib, qator hujjatlarni musodara qilganlar.

Mazkur hujjatlar O‘zbekistondagi faoliyatga bog‘liq ekanini Vimpelcom xabar qilgandi.

Karimova xonim aralashgani ishonilgan "o‘zbek ishi" bilan Shvetsiya va Shveytsariya huquq-tartibot organlari ham shug‘ullanishmoqda.

Shvetsiyadagi tergovlar tufayli TeliaSonera mobil kompaniyasining bosh direktori Lars Nyuberg allaqachon iste‘fo bergan.

MTS rahbariyati ayni damda AQSh sudi qaroridan xabardor ekanini aytdi, biroq sharh berishdan tosh tortdi.

Vimpelcom ma‘muriyati esa avvalroq tergov ishi doirasida hukumatlar bilan hamkorlik qilishda davom etishini aytgandi.

AQSh sudi qarori bilan muzlatilayotgan 300 million dollardan tashqari Shveytsariyaning Lombard Odier bankida Karimova xonimga yaqin shaxslarga tegishli ekani ishonilgan Takilant va Svisdorn kabi shirkatlar hisob raqamlari muzlatib qo‘yilgan.

Ulardagi pul miqdori 1 milliard dollarga teng ekani aytiladi.

Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio