O‘zbekiston pasporti qanchalik qudratli?

Eng qudratlilari AQSh va Buyuk Britaniya, eng kuchsizi Janubiy Sudanniki bo‘lib chiqqan yangi ro‘yxatda O‘zbekiston 199 davlat ichidan 64-o‘rinni egallagan.

Bu kabi xulosaga Xalqaro Havo Naqliyoti agentligi ma‘lumotlari asosida Amerikaning “Arton Capital” konsalting shirkati kelgan.

Pasportlarning qudratini esa, u amalda bo‘lgan davlatdagi viza cheklovlarining darajasi belgilagan.

Deylik, qudratlilik bobida qolgan barchani ortda qoldirib ketgan AQSh va Buyuk Britaniya fuqarolari dunyoning 147 davlatiga vizasiz, emin-erkin sayohat qilishlari mumkin.

Yangi ro‘yxatda ikkinchi o‘rinni birvarakayiga bo‘lishgan Frantsiya, Janubiy Koreya va olmoniyaliklar uchun esa, jahonning 145 mamlakati eshiklari ochiq ekan.

Agar, shu o‘rinda qiyosan olinadigan bo‘lsa, o‘zbekistonliklar vizasiz bemalol bora olishlari mumkin bo‘lgan davlatlar soni (53) bu ikki raqamning yarmiga ham yetmagan.

Pasporti fuqarolariga mazza qilib dunyoning istalgan burchagiga safar qilish imkonini beruvchi mamlakatlar yuqori to‘rtligiga yana Italiya, Shvetsiya, Singapur, Yaponiya, Finlandiya, Daniya, Lyuksemburg va Gollandiyalar kirishga muvaffaq bo‘lishgan.

Yangi ro‘yxatda fuqarolarining chetga chiqishi juda qiyin bo‘lgan davlatlar safidan esa, Janubiy Sudandan tashqari Myanmar, Solomon orollari, Falastin hududlari, Sao Tome va Prinsipi demokratik respublikasi joy olishgan.

Ikki yuzga yaqin davlat orasidan pasporti eng kuchsizi bo‘lib chiqqan Janubiy Sudanning pasporti bilan siz bor-yo‘g‘i jahonning 28 mamlakatiga vizasiz borishga imkonli ekansiz.

Agar, bu raqamlar dunyoda pasporti eng qudratli bo‘lgan davlatlar fuqarolari ega bo‘lgan imkoniyatlar bilan taqqoslansa, oradagi farqning “osmon bilan yercha” ekanini ko‘rish mumkin.

MDH bo‘ylab...
Фото муаллифлик ҳуқуқи Vitaliy Modlo

Ammo biror bir MDH davlati pasportining qanchalik qudratliligi bobida yuqori o‘ntalikka kirolmaslik barobarida quyi o‘nlikka ham tushishmagan.

Sobiq Sho‘ro davlatlari orasidan birgalikda 13-o‘rinni bo‘lishgan Estoniya va Latviya eng yaxshi natija qayd etishgan.

Ularning pasporti fuqarolariga dunyoning 134 davlatiga vizasiz borish huquqini bergan.

Rossiya 36-o‘rinda kelgan bo‘lsa, Markaziy Osiyo davlatlari orasidan Qozog‘istonning pasporti eng qudratli(53-o‘rin)si ekani ma‘lum bo‘lgan.

Qozog‘iston pasporti sizga jahonning 65 davlatiga emin-erkin safar qilish imkoniyatini berarkan.

Qirg‘iziston yangi ro‘yxatda O‘zbekiston va Tojikistondan bir pog‘ona yuqori o‘rin bilan Qozog‘istondan keyin mintaqada eng yaxshi natija ko‘rsatgan ikkinchi davlat bo‘lib chiqqan.

64-o‘rinni O‘zbekiston va Tojikiston bilan bo‘lishgan yetti ishtirokchi davlat orasidan Robert Mugabening Zimbabvesi ham joy olgan.

Qo‘shni Turkmanistonning pasporti esa, Markaziy Osiyoda eng kuchsizi (70-o‘rin) ekani ayon bo‘lgan.

O‘zbekiston kabi chiqish vizasi amalda bo‘lgan dunyoning bor-yo‘g‘i ikkita davlatidan bittasi bo‘lgan Shimoliy Koreya esa, Turkmanistondan uch pog‘ona quyi o‘rinda kelgan.

Shimoliy Koreyaning pasporti bilan siz dunyoning 44 davlatiga vizasiz safar qila olishingiz mumkin ekan, xolos.

Ammo bu xususda yillik asosda tadqiqot olib boruvchi turli xalqaro tadqiqot markazlarining o‘z xulosalariga tayanilsa, “hozirga kelib, dunyoning deyarli barcha davlatlari o‘z hududlariga sayohat qilish istagida bo‘lgan o‘zga mamlakat fuqarolaridan viza talab qilishga o‘tishgan”.

Ular buning sababini viza cheklovlari globallashib borayotgan dunyoda xorijiy fuqarolarining chegaraosha harakatlanishini nazorat etishda muhim o‘rin tutishi bilan izohlashgan.

Chiqish vizasi
Фото муаллифлик ҳуқуқи bbcuzbek

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlash joizki, O‘zbekiston MDH davlatlari orasida o‘z mustaqilligini e‘lon qilishi ortidan ham chiqish vizasi tartibini amalda saqlab qolgan yagona mamlakatdir.

Mahalliy kuzatuvchilar va inson huquqlari faollari esa, mavjud vaziyat sababini rasmiy O‘zbekistonning o‘z fuqarolarini qat‘iy nazorat ostida tutib turish istagi bilan izohlashadi.

Ularga ko‘ra, chetga borib, erkin jamiyat tajribasini ko‘rib, fikrlashi o‘zgarib qaytishi ehtimoli bo‘lgan fuqarolarini amaldagi tuzum o‘zi uchun tahdid sifatida ham ko‘rishi mumkin.

Faollarning nazdlarida, har ikki yilda yangilanishi shart bo‘lgan chiqish vizasi oddiy o‘zbekistonliklarni davlat idoralariga bog‘lab qo‘yadi.

O‘zbekistondagi og‘ir iqtisodiy vaziyat, risoladagidek ish topish imkoniyatlarining haminqadarligi va globalizatsiya jarayoni sabab, so‘nggi yillarda o‘zga yurtlarni ixtiyor etayotgan insonlar soni keskin ortarkan, chiqish vizasi tartibi fuqarolar orasida eng ko‘p muhokama etilayotgan mavzulardan biriga aylangan.

Faollar, o‘z o‘rnida, agar O‘zbekistonda chiqish vizasi tartibi bekor qilinsa, insonlar bemalolroq harakat qilish huquqini qo‘lga kiritishlari, buning ham davlat va ham insonlarga foydasi bo‘lishini ta‘kidlashadi.

Ular amaldagi chiqish vizasi tartibi mamlakat konstitutsiyasiga zid bir amal ekanini ham urg‘ulashadi.

Hozir O‘zbekiston bilan, hattoki, aksariyat mintaqa davlatlari orasida ham qat‘iy viza tartibi amal qiladi.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз: +44 78-58-86-00-02.
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • BBCUZBEKInstagram
  • BBC UZBEKTwitter
  • BBC UZBEKOdnoklassniki
  • BBC UZBEKFacebook
  • BBC UZBEKGoogle+
  • BBC UZBEKYouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)Skype - bbcuzbekradio

Бу мавзуда батафсилроқ