O‘zbekistonda o‘zbek tili davlat tilimi?

Image caption O‘zbek tili O‘zbekistonda Davlat tili maqomiga 27 yil avval "erishgan" edi...

1989 yilning 19 martida Toshkentning Lenin (hozirgi Mustaqillik) maydoni O‘zbekiston tarixidagi ilk norozilik namoyishiga sahna bo‘lgan edi.

Muxolifatdagi "Birlik" xalq harakati tomonidan uyushtirilgan namoyishda o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish talab etilgan.

Hukumat muxolifat va jamoatchilikning bosimlari ostida Davlat tili haqidagi qonun loyihasini muhokamaga qo‘yadi va oradan yarim yil o‘tib, 1989 yil 21 oktyabrida "O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida"gi qonuni qabul qilinadi.

O‘zbekistonning rasmiy matbuoti o‘zbek tiliga huquqiy maqom berilishi Prezident Islom Karimovning tashabbusi va rahnamoligida amalga oshirilganini ta‘kidlaydi.

O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamolning eslashicha, Gorbachevning oshkoralik siyosati tufayli shoir va yozuvchilar boshchiligida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishiga erishilgan edi.

Bi-bi-si bilan suhbatda Jamol Kamol bugungi kunda o‘zbek tiliga e‘tiborning yetarli emasligini tanqid qildi.

Jumladan, uning aytishicha, keyingi paytlarda davlat televideniyesida adabiy til normalari qo‘pol ravishda buzilmoqda, mahalliy qo‘shiqchilarning o‘z shevalarida qo‘shiq ijro etishlariga yo‘l qo‘yib berilmoqda.

Taniqli adib va tilshunos olim shuningdek, hozirda muhokama qilinayotgani aytilgan Fanlar Akademiyasi qoshidagi Til va abadiyot institutini qisqartirish yoki tugatish rejalariga ham qarshi chiqdi.

Yaqinda O‘zbekistondan qaytgan sayyohlardan biriga ko‘ra, rus tilini bilsangiz, mamlakatning barcha mintaqalarida ishingiz unadi.

Shaharlardagi do‘konlar va e‘lonlarning ayrim holatlarda qariyb teng yarmi rus tilida bitilgan.

Rus tilida so‘zlashish, uning so‘zlariga ko‘ra, Sho‘rolar zamonida bo‘lgani kabi hamon “madaniyatlilik” belgisi sanaladi.

Toshkentda kechadigan xalqaro anjumanlarning aksari rus tilida o‘tadi.

O‘zbek mulozimlari ham xorijga safar qilar ekanlar, barcha muloqotlarni rus tilida o‘tkazishadi.

Biz Bi-bi-si O‘zbek xizmatining ijtimoiy tarmoqlardagi o‘quvchilaridan o‘zbek tilining o‘tgan 27 yil ichida qanchalar davlat tili bo‘lib ulgurgani yoki ulgurmagani haqida so‘radik.

"Davlat tili haqida"gi qonun ijrosi ta‘minlanmoqdami?

( Aksariyat fikr-mulohazalar, izohlar tahrirsiz berilmoqda –tah.)BBCUZBEK Facebook

Farkhod Abdurakhmonov: O‘zbek tiliga davlat maqomi berilganidan keyin qariyb 27 yil o‘tdi, lekin hanuzgacha ona tilimiz tom ma‘noda o‘z mavqe‘iga ega bo‘lmadi. Birinchidan, Qonun talabiga ko‘ra, davlat idoralarida ishlab O‘zbek tilini bilmaydigan boshqa millat vakillariga davlat tilini o‘zlashtirishlari uchun berilgan muddat o‘tib ketganiga qaramasdan, hamon davlat strukturalarida tilni bilmaydiganlar bemalol ishlamoqdalar, hattoki millati O‘zbek bo‘lgani holda o‘z ona tilida so‘zlasha olmaydigan rahbar va mutaxassislar ham hech qanday cheklovlarsiz davlat organlarida faoliyat ko‘rsatmoqdalar. Ikkinchidan, televideniya, radio va boshqa ommaviy axborot vositalarida shevada gaplashish odatga aylanib bormoqda. Muhtaram adibimiz Jamol Kamol intervьyuda Xorazm san‘atkorlarining o‘z shevalarida qo‘shiq kuylayotganlarini ta‘kidlab o‘tdilar, qo‘shiqni bir tomondan tushunish mumkindir lekin kino, teleserial va boshqa ko‘rsatuvlarda shevada so‘zlashlarning ko‘payib ketayotganligi va unga bironta ham ma‘sul organlar o‘z munosabatlarini bildirmayotganligi kishini ajablantiradi. Hech kim shevada so‘zlashishga qarshi emas, har bir kishi o‘z ona tilida, o‘z shevasida gaplashishga to‘la haqli. Har bir millat, elatga o‘z tilidan foydalanishiga va uni rivojlantirishiga davlat har tomondan shart-sharoit yaratib berishi shart. Ayni paytda davlat miqyosida, ayniqsa, OAVlarida, davlat ish yuritishida hech qanday istisnosiz davlat tilida gaplashish va yozishmalarni olib borish kerak. Uchinchidan, ko‘chalarda, ommaviy joylarda, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida Davlat tili to‘g‘risidagi Qonun talablari qo‘pol buzilmoqda, jumladan, har xil afisha, reklama, e‘lonlar boshqa tillarda yozilishi holatlari har qadamda uchraydi, shuningdek, davlat tilida yozishlarda ko‘p xatoliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Biz tilimizga davlat maqomi berilgan sanani har yili qandaydir chora-tadbir o‘tkazish bilan cheklanyapmiz, amalda tilimiz rivojiga e‘tiborsiz, loqayd bo‘lib qolmoqdamiz. Til millatning asosiy atributi hisoblanadi va unga ahamiyat bermaslik ayni paytda millatga, elga befarqlik demakdir. O‘z millatini, yurtini e‘zozlaydigan har bir kishi ona tilini ulug‘laydi, qadrlaydi. Milliy g‘ururi bo‘lgan inson o‘z ona tilida ravon so‘zlasha olishi, yoza bilishi kerak. Qancha ko‘p til bilsangiz shuncha yaxshi biroq birinchi navbatda ona tilini yaxshi bilish zarur, ya‘ni boshqa tillarni bilishimiz o‘z ona tilimizni kamsitish hisobiga bo‘lishi kerak emas. Menimcha, davlat tilining e‘tiborsiz qolayotganligiga yana bir sabab shundan iboratki, tirikchilik tashvishlari va boshqa omillar ta‘sirida yoshlarimiz orasida, kattalarda ham o‘qishga, ilmga ishtiyoq susaygan. Kitob, gazeta, jurnal mutolaa qilmagan insonning til boyligi cheklanadi faqat maishiy darajada ishlatiladigan so‘zlardan nariga o‘tolmaydi. Yuqoridagilardan xulosa qilsak, Davlat tili to‘g‘risidagi Qonunning ijrosini ta‘minlash qoniqarsiz ahvolda.

Zebo Narkuziyeva : Juda tugri fikr FARXODJON lekin sizga uxshab jon kuydiruvchilar kamayib ketgan afsus . Sen menga tegma ,men senga tegmayman --deyilayapti xozir .

Janna Shukir: Q'zbekistonda Davlat tili to'g'risidagi Qonunning ijrosini ta'minlash qoniqarsis deb aytishga asos bor. Lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosi tasdiqlangan. Lekin fikrlar "kirillcha" yozilibdi. Bunga ham e'tibor bersangiz Qonunning 1%-ni bajargan bo'lasiz.

Ali Bey O'zbek: Davlat tili maktabda,xolos. Tashkilotlar, ayniqsa uyali aloqa shirkatlari davlat tilini bir tiyinga emas, bir chaqaga olmaydi.Shartnomalar 100 foiz rus tilida tuziladi...Rus tilini bilmaydigan dilerlar tushunmasdan “xol qo‘yib” o‘zini xor qilayapti...

Lutpitdin Muxitdinovich Suleymanov: uzbekiston xalk artisti unvoni boru, televizorga chikib yoki jurnalistlar bn mulokotda fakat ruscha gapirishadi , uyalmaydi xam. Ayniksa a r t i s t l a r, masalan rayxon , munisa rizayeva va kup bular.

Dilafruz Rasulova: Internetda ham Davlat tili qoidalariga amal qilib yozish haqida qonun chiqsa yaxshi bo‘lardi.Juda ko‘pchilik tilimizni buzib, cheksiz orfografik xatolar bilan yozadi, hatto so‘zlarni xato yozish urfga ham kirganga ham o‘xshaydi.

Mukaddas Ismaılova : Rus yoki boshqa tillarda gapirish uyat, xato ekani balki juda to‘g‘ri, ammo shevada gapirish nega xato ekan, u bizning shevamiz, o‘zbek tilida gapiradigan O‘zbek xalqining shevasi-yu, bir boshqa til emasku

Shakarbek Normatov: Tojik tiligayam davlat statusini beringlar barakatopkurlar. Bizni hamzabonlarimiz kup ku Uzbekistonda (nufuzlari uzbeklardan sal ozroq). Tarixga nazar boqinglar - shoir va yezuvchilar asrlar ikki tilda ijod qilganlar va hej bumaganda hozir zamonda rus tilini joyini olishiga haqqimiz bor deb uylayman.

Jaloliddin Sadriddinov: Unaqada Tojikistonda ham O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi kerak...O‘zbeklarni soni ham Tojikistonda ancha ko‘p...

Fergan Amadi: Avvalo xurmati jurnalist janoblari biron bir makolani chop etishdan oldin uni imloviy, sintaksis va gramatik jixatdan xatolari yukligni tekshirib keyin keng omma e‘tiboriga takdim kilish kerak. Sizda xatolar gij-gij. Ma‘no sarisok piyoz bulib yotibdi. Masalani ikkinchi jixati juralist axli avvalo publistik uslubda ijod kiladi. Sizning bu makolangizda ba‘diy uslub yetakchi xisoblanadi. Uzbek tili deb xar kandan turkiy atamalarni, iboralarni, arxaik birikmalarni ishlatish kerak emas. Masalani ushbu jixatlarini kurib chikib keyingina til xakida makola chikarsa yarasharmidi.

Jakhan Karakhan: Davlat tili rus tiliyu bizda

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Бу мавзуда батафсилроқ