Bi-bi-siga aytaman: O'zbekiston oliy ta'limida defitsit sun'iymi?

BBC maqolalarini doim o'qib boraman.

Meni qiziqtiradigan joyi odamlarning maqolalarga bildiradigan fikri. Sharhlardagi fikrlar odatdagidek ikkiga bo'linadi - qo'llab-quvvatlovchi va qarshi fikrlar. Qarshi fikrlarning aksari bir xil - "Siz bizning tinchligimizni ko'rolmaysiz… yoki siz faqat tanqid qilasiz, muammoni hal qilishga konstruktiv taklif bermaysiz" kabilar.

Xullas, oddiy mushtariy sifatida, menda vatan oldida o'zimning fuqarolik burchimni ado etish niyati tug'ildi. Men Bi-bi-si ko'taradigan qator dolzarb muommolarga javob topgandayman. Har bir aqlli fikr jo'n bo'ladi deganlaridek...

Mening g'oyam ham juda sodda, lekin ancha masalani ijobiy hal qiladi, degan umiddaman. Masalan, so'nggi paytda mamlakatda valyuta etishmovchiligi ancha sezilmoqda, sababi xalqaro plastik kartalarga dollar sotib olishning umuman imkoni qolmayapti. Yoki bo'lmasam boshqa muammo - o'qituvchilarning past oyligi. Undan tashqari - yoshlar orasida ishsizlik, har hil oqimlarga qo'shilib ketish, ta'lim tizimidagi poraxo'rlik... Shularning barchasini hal etish choralarini izlab hukumat boshi berk ko'chaga kirib qolgandek, nazarimda. Muammolar haqida etarli aytdim. Endi bularni qanday echish mumkin?

Sun'iy defitsit

Tassavur qilaylik, har yili taxmiman 550 ming abiturent o'qishga kirishga ariza beradi. Ammo o'qish joyi atigi 55 ming atrofida. Demak, oddiy arifmetika asosida har 10 kishidan biri o'qishga kirish imkoniga ega. Qolgan 9 tasi yil mobaynida bekorchi bo'lib qoladi degani bu. Ularning aksari loaqal kontraktga ilinishga tayyor. Bozor iqtisodiga asoslangan jamiyat qurish yo'lida ekanmiz, unda asosiy ta'moyil - talab va taklif bo'lishi kerak. Bilim olish huquqiga har kim ega bo'lishi kerak. Ilm bu bamisoli bir produkt - uni sotish kerak. Chunki O'zbekistonimizning o'zida o'qishga kira olmagan ko'pgina yoshlar yaqin va uzoq chet elda pul to'lab o'qishmoqda. Shu pullarni o'zimizning oliygohlarga to'latib, o'qituvchilarning oyligini ham raqobatbardosh qilish mumkin.

Endi savol tug'ilishi aniq - shuncha diplomlik mutaxassisga qaerdan ish ta'minlaydi davlat degan. Lekin buning ham yo'li oson. Xuddi banklar dollar kursini e'lon qilganda, "ushbu kursda sotib olish yoki sotish majburiyatini olmaydi" degandek, talabaning kontraktiga "davlat diplom egasiga ish ta'minlashni kafolatlamaydi" degan jumlani yozib qo'ysa bas. Talaba o'qishni bitirgach, o'z mutaxassisligi bo'yicha ishlamasa ham - taksi haydovchisi yoki farrosh bo'lgan taqdirda ham - ziyoli bo'lsa, bundan faqatgina jamiyat yutadi. Vaqti kelib iqtisod yaxshi bo'lib ketganda, o'sha taksist yoki farrosh o'z kasbi bo'yicha ishlayveradi.

Bularni aytishimga sabab, boshdan o'tgan tabib deganlaridek… o'z farzandim o'tgan yili o'qishga kira olmadi. Hozir ingliz tili bo'yicha xalqaro testni topshirishga navbatda turibdi. Navbat ham juda uzun ekan. Kamida 3 oy kutish kerak ekan. Demakki, O'zbekiston oliygohlariga kirishga ko'zi etmaganlar va chet elda o'qishni niyat qilganlar soni ancha-muncha. Yana hisob-kitobga qaytsak - shu yuqoridagi 500 ming abiturent o'qish uchun yiliga taxminan 2000 dollardan to'laganda ham, qanaqa katta pul chetga chiqib ketmoqda? Albatta, ularning hammasi ham bunday pul to'lashga qurbi etmaydi. Deylik, ularning yarmi, baribir bu juda katta miqdor.

Masalaning moliviy tarafidan ko'ra, ruhiy tarafi ham o'ta muhimdir. Ya'ni, o'qishga kira olmagan yoshlarning ruhiy holatini bir tasavvur qiling…

Bunday g'oyani amalga oshirishning ehtimoli juda kam bo'lsa kerak. Chunki agar hamma narsa shunday jo'n bo'lsa, bu fikr hozirgi ta'lim tizimdagi cheklovlardan bahra olayotgan kam sonli shaxslarning cho'ntagiga zarar etkazishi mumkinligini ham hisobga olish kerak.

Nima bo'lgan taqdirda ham, farzanding o'z uyingda, ota-onasi oldida ilm olganiga nima etsin?! Shunda chetda yurib "radikallashishga" ham hech qanday imkon qolmasmidi? Siz nima fikrdasiz?

O'zbekistonlik mushtariy.
  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Бу мавзуда батафсилроқ