O‘zbekiston televideniyesi Aramais Avakyan va do‘stlari haqida

O‘zbekiston davlat televideniyesi "Toshkent" kanali Islomiy davlat jangari guruhiga aloqadorlikda ayblanib uzoq yillarga qamalgan jizzaxlik besh fuqaro haqida "GTA yoxud o‘yinga aylangan hayot" deb nomlangan film namoyish etgan.

Filmda aytilishicha, armani fermer Aramais Avakyan va Furqat Jo‘rayev, Bektemir Umrzoqov, Dilshod Olimov va Akmal Mamatmurodovlar O‘zbekistonda Konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darish yo‘lida maxfiy guruh tuzishga harakat qilganlar.

Fevral oyida Jizzax shahar mahkamasi Aramais Avakyan va to‘rt o‘rtog‘ini Jinoyat kodeksining qo‘poruvchilik, o‘g‘rilik, taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish kabi qator og‘ir jinoyatlarda aybdor deb topib,5 yildan 12 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etgandi.

Rossiya matbuoti bundan oldin asosan markaziy osiyoliklardan iborat "Banda GTA" guruhi tuzilgani va qator qotilliklarni sodir etgani haqida xabarlar tarqatgan.

Xabarda aytilishicha, guruh Rossiyada "O‘zbekiston Islomiy harakati" uchun odam yollagan va tayyorlab kelgan.

Filmda gapirgan mahkum Furqat Jo‘rayev o‘zining Rossiya qamog‘ida o‘tirgani va u yerda jangari guruh a‘zolari bilan uchrashganini aytadi.

Furqat Jo‘rayev qamoqdan chiqqach, Jizzaxga qaytgani va u yerda ekstremistik guruh tuzish uchun harakat qilgani ta‘kidlanadi.

Bunga misol qilib Furqat Jo‘rayev va Aramais Avakyanning o‘zaro tanishganligi, qurol sotib olganlari keltiriladi.

Ko‘rsatuvda ko‘rsatma bergan Jo‘rayev Rossiyada diniy ekstremistik g‘oyalarga berilganini tan oladi.

Mart oyida bo‘lib o‘tgan appelyatsiya mahkamasida esa Furqat Jo‘rayev qiynoqlar ostida hammaga qarshi ko‘rsatma berishga majbur bo‘lganini aytgan va u bilan birga turganlar aybsiz ekanliklarini, faqat o‘zini jazolashlarini so‘ragan. Shundan so‘ng u badanidagi qiynoq izlarini ko‘rsatgani aytilgandi faollar tomonidan.

Filmda besh jizzaxlik mahkum bilan birga asli jizzaxlik, ayni paytda Kanadada muhojirotda bo‘lgan jurnalist Ulug‘bek Haydarov to‘g‘risida ham so‘z boradi.

Ulug‘bek Haydarov kasbiy faoliyati tufayli O‘zbekistonda tazyiqlarga uchragan, qamalib, ozodlikka chiqqach vatanini tark etishga majbur bo‘lgan.

Jizzaxlik besh fuqaro ekstremistik guruhlarga a‘zolikda ayblanib, mahkamaga tortilgach, ularning himoyasiga Ulug‘bek Haydarov onlayn petitsiya tashkil qilgan, xalqaro jamoatchilikni ularning taqdiriga e‘tibor berishga chaqirgan edi.

Filьm mualliflariga ko‘ra, Ulug‘bek Haydarov 2014 yilda O‘zbekiston fuqaroligidan mahrum etilgan.

Ulug‘bek Haydarovning o‘zining aytishicha, bu film O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati buyurtmasi bilan qilingan tuhmat hisoblanadi.

O‘zbekiston hukumati o‘zgacha fikrlaydigan yoki o‘z haqini talab qiladigan fuqarolaridan shu tariqa o‘ch oladi.

Aramais Avakyan va Furqat Jo‘rayev, Bektemir Umrzoqov, Dilshod Olimov va Akmal Mamatmurodovlar haqidagi filьm AQSh Davlat kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Daniyel Rozenblyumning Toshkentga qilgan safaridan so‘ng namoyish etilgan.

Aramais Avakyanning rafiqasi, onasi, Furqat Jo‘rayevning yaqinlari o‘tgan haftada AQShning Toshkentdagi elchixonasida qabul qilinganlari aytilgandi.

AQSh Davlat kotibi yordamchisining o‘rinbosari Aramais va o‘rtoqlari taqdiri haqida O‘zbekiston hukumat rasmiylari bilan gaplashishga va‘da bergani xabar qilingandi.

26 fevralda sudlanuvchilar himoyasiga tuzilgan "Avakyan+4" xalqaro jamoatchilik qo‘mitasi BMT, OI, Human Rights Watch, Amnesty International, Freedom House inson haqlari tashkilotlari, O‘zbekiston jamoatchiligi va O‘zbekiston Prezidentiga murojaat qilib, adolatli hukm chiqarilishiga ta‘sir o‘tkazishga chaqirgandi.

Avakyan ishi

Nasroniy diniga e‘tiqod qiluvchi Aramais Avakyan IShIDga a‘zolikda ayblanishi mantiqqa to‘g‘ri kelmasligi aytilgan huquq faollari tomonidan.

Avakyanga soxta ayblovlar qo‘yilishiga aslida uning fermerlik xo‘jaligi va Jizzax viloyati Paxtakor tumani hokimi o‘rtasidagi kelishmovchilik sabab bo‘lgan.

"Millati arman O‘zbekiston fuqarosi ikki yil avval baliqchilik fermer xo‘jaligini barpo etgan. Baliqlar katta bo‘lishi bilan Aramaisning oldiga tuman hokimi ma‘muriyatidan odamlar kela boshlaganlar va baliqchilik xo‘jaligining bir qismini talab qilganlar. Aramais mahalliy hokimlikdagi reyderlarga o‘zining baliqli hovuzlarini berishdan bosh tortganidan so‘ng, fermer va uning to‘rt do‘stini "diniy ekstremizm, bo‘lginchilik, fundamentalizmni tarqatadigan guruhni tashkil etish, boshqarish"da, shuningdek, "konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darish" va "talon-taroj"da ayblamoqdalar", deyilgan Avakyan himoyasiga chiqarilgan murojaatda.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Бу мавзуда батафсилроқ