"Afsus Nazarboev Toshkent mahallalarini aylanmaydi-da"

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Mustaqil AsiaTerra veb-sayti xabar qilishicha, Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboevning Toshkentga tashrifi arafasida poytaxt bilan Qozog'iston chegarasini bog'laydigan ko'cha va yo'llarda zudlik bilan ta'mirlash ishlari amalga oshirilgan.

Prezident Nazarboevning O'zbekistonga safari 14- va 15-aprel kunlariga mo'ljallangani haqida bundan oldin xabarlar tarqalgan edi.

13 aprel kuni Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboev Istambulda "Islom Hamkorlik tashkiloti" sammitida ishtirok etgan, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo'g'on bilan uchrashgan.

AsiaTerra sayti xabariga ko'ra, 13 aprel kuni Toshkentning Yunusobod tumaniga deyarli butun shahardan texnikalar, qurilish va ta'mirlashga aloqador barcha xizmatlar xodimlari safarbar etilgan.

Bir kecha-kunduz davomida transport qatnovlari to'xtatilgan.

Ta'mirtalab bo'lib qolgan ko'chalarga asfalt yotqizilib, yo'l chetlariga gullar o'tqazilgan.

Gullarning ko'rinishidan "ular besh-olti kundan ortiq yashamaydilar".

AsiaTerra yozishicha, Prezident Nazarboev Qozog'iston hududidan Toshkentga kirib kelmoqchimi yoki Toshkentdagi oliymaqom uchrashuvlardan keyin Qozog'iston hududiga o'tib uyiga qaytmoqchimi, noma'lum.

Mustaqil veb-sayt O'zbekistonda xo'jako'rsinchilik oddiy holga aylanib ulgurganiga e'tibor qaratgan.

Ayniqsa, chet davlatlar rahbarlari Toshkentga borib qoladigan bo'lishsa, yoxud shu yil yozida Toshkentda o'tkazilishi mo'ljallangani xabar qilingan Shanxay tashkiloti sammiti arafasida bo'lganidek, qurilish-ta'mirlash ishlari avjiga chiqadi.

Buning misoli sifatida AsiaTerra 2003 yilgi Ovro'po qayta tiklash va taraqqiyot bankining ko'chma majlisini esga soladi.

O'shanda "Eski Jo'va" bozoriga tushgan mehmonlar ko'ziga kartoshka-piyozlarning narxlarini past qilib yozib qo'yishgani askiyaga ham aylanib ulgurgan.

Veb-sayt, shuningdek, 2008 yili Latviya prezidenti tashrifi munosabati bilan hodisalarni ham yodga olgan.

"Lekin bizga ma'lum bo'lishicha, Nursulton Nazarboev bozorlarni borib ko'rishni rejalashtirgani yo'q", deb yozadi AsiaTerra.

"Oliy mehmon sharafiga yotqizilgan ideal tekis asfaltga boqib, afsuski, Nazarboev Toshkent chekkalarida sayr qilib, Chilonzor yoki Yunusobodga o'xshagan aholi zich yoshaydigan mavzelari bilan tanishish istagini bildirmapti-da", degan fikr o'tadi xayoldan, deb yozadi mustaqil veb-sayt.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring