"Freedom House" hisoboti O‘zbekistonni qoraladi

AQShda joylashgan "Freedom House" nohukumat tashkilotining an‘anaviy yillik "O‘tish davridagi davlatlar" hisobotida O‘zbekiston yana nochor ahvolda paydo bo‘ladi.

2016 yil uchun chiqarilgan hisobotda O‘zbekiston markaziy va mahalliy boshqaruv, fuqarolik jamiyati, erkin matbuot, adliya va korruptsiya bobida baholangan.

Iqtisod bobida, hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston Rossiyadagi mehnat muhojirlaridan keladigan pulga qattiq tayanib qolgan. Unda aytilishicha, Rossiyadagi rubl inqirozi va kuchaytirilgan ish cheklovlari O‘zbekiston iqtisodiga yomon ta‘sir qildi va qora bozorda so‘mning qadri tushib ketishiga olib keldi.

Shuningdek, hisobotga ko‘ra, mamlakat Gulnora Karimovaning korruptsiya mojarolaridan jabr chekdi, chunki Shvetsiyaning TeliaSonera telekommunikatsion kompaniyasi kabi yirik sarmoyadorlar

O‘zbekistonni aylanib o‘tadigan bo‘ldilar.

Karimova xonimning bir necha biznes sheriklari qo‘lga olinib qamoqqa tashlangan bir vaqtda, uning o‘zi uy hibsi ostida qoldi.

Ayni damda, Fridom Haus yozishicha, prezidentning qizini jilovlagan prokuror va milliy xavfsizlik xizmati zobitlarining hibsga olinishi o‘zbek elitasidagi ichki qudrat talashishga ishora qildi.

O‘tgan oktyabrda 1 dollar qora bozorda 5700 so‘mga chiqib ketdi. Rasmiy kurs esa buning tahminan yarmi - 2836 so‘m edi. Matbuotda so‘mning bu kabi tez suratlarda qadrsizlanishidan yuzaga kelgan vahima haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

O‘zbekiston hukumati so‘mning inqirozi bo‘yicha biron munosabat bildirmadi, ammo ayni damda, hisobotda aytilishicha, o‘nlab bizneslar kasodga uchradi.

Paxta va tahdidlar

Ba‘zi xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston majburiy mehnat borasida ijobiy qadamlarni qo‘yganini xabar qilgan bo‘lsa-da, Fridom Haus O‘zbekistonda majburiy mehnat davom etayotganini aytadi.

"O‘zbekistondagi mahalliy rahbarlarga paxta dalalaridagi hukumat belgilagan reja to‘ldilishi uchun mahalliy yashovchilarni ishlatish vazifasi yuklangan. Milliy paxta sanoatini qo‘llab-quvvatlashdek burchini bajarmagan rahbarlar jazolanishi mumkin", - deydi hisobot.

Hisobotga ko‘ra, 2015 yilda ijtimoiy muloqot saytlarida majburiy paxta terimidan nolish keng tus olgan.

Tobora ko‘p odamlar o‘zlarining boshidan kechgan hikoyalar bilan o‘rtoqlashar ekanlar, majburiy mehnatni sir saqlash mumkin emasligi ayon bo‘ldi, deyiladi Fridom Haus hujjattida.

"Ko‘plab o‘zbek fuqarolari Reytersga paxta tajribasi shafqatsiz bo‘lib qolayotgani, tovlamachilik, siquvga olish va ishdan haydash tahdidi bilan paxta dalasiga haydashlar yuz berayotganini aytishgan", - deydi tashkilot.

Adolatsizlik

2015 yilda, hisobotda aytilishicha, O‘zbekistondagi adliya ijrochi hukumatning bir quroli sifatida amal qilishda davom etdi.

"U insonlarning huquqlarini himoya qilish va adolatga erishilishini ta‘minlash o‘rniga prezident va davlatning manfaatlariga xizmat qilishda davom etdi", - deyiladi unda.

Fridom Haus 2015 yil aprelida "bezorlik"da ayblangan va uyiga o‘lik holda qaytarilgan 26 yoshli Kamoliddin Qo‘ziyevning misoliga to‘xtaladi.

"O‘zbek militsiyasiga ko‘ra, Qo‘ziyev hibsda bo‘lgan vaqti o‘zini o‘ldirgan. Uning akasi Bobomurod Qo‘ziyevning Ozodlik radiosiga aytishicha, militsiya Kamoliddinning jasadini uning oilasiga olib kelgan, u hibsda o‘zini osib qo‘yganini aytgan va "zudlik bilan" ko‘mishni buyurgan. Militsiya hatto uning go‘rini qazib qo‘ygan ekan", - deyiladi hisobotda.

ID va diniy ta‘qib

Fridom Haus yozishicha, o‘tgan yil fevralida O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Islomiy Davlat bahorda O‘zbekiston bo‘ylab bir necha hujumlarni amalga oshirishni rejalayotganini e‘lon qildi.

Mazkur e‘lon Karimov janoblari saylovdan bir oy oldin aholi o‘rtasidagi qo‘rquvni kuchaytirish va shu bilan xalqning xavfsizlik kuchlariga tobe‘ligini ta‘minlamoqchi bo‘lgani borasida tahliliy qarashlar yuzaga keldi, deyiladi hisobotda.

"Islomiy Davlat hujumlari amalga oshmadi va O‘zbekistonda Islomiy Davlat borligiga dalil-isbot kam", - deydi Fridom Haus.

Noyabrda hukumat go‘yoki "ID hayrihoxlari" deb ko‘rilgan 200 kishini hisbga oldi. Ularning aksari Rossiyadan qaytayotgan mehnat muhojirlari edilar.

"O‘zbekistondagi inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, maqsad - Islomiy jangarilik vahimasini yuzaga keltirib, terrorchilikka qarshi kurash uchun yana ko‘proq pul olish edi", - deydi hisobot.

Ayni damda dindorlikka qarshi kurash davom etgan. "Aprelda milliy xavfsizlik xizmati zobitlari bozorlarni aylanib, hijobli ayollarni hijoblarini yechishga majburladi. Senyatbrda hukumat Hayit vaqtida bolalarning masjidga borishini taqiqladi. Bunga yo‘l qo‘ygan ota-onalarga 750 dollar jarima solinishi bilan tahdid qilindi", - deyiladi hisobotda.

Fridom Hausning yozishicha, 2015 yilda sobiq muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning dunyodan o‘tishi bilan hukumat nazorati ostidagi Islomiy rahbariyatda bo‘shliq yuzaga kelgan va hozircha uni hech kim to‘ldira olmagan.

2016 yil bashorati

Tashkilot bashorat qilishicha, Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz chuqurlashar ekan, O‘zbekiston o‘zida va xorijda tobora qisqarib borayotgan ish o‘rinlaridan jabr chekadi.

Unga ko‘ra, mehnat muhojirlardan keladigan pulning kamayishi mamlakatdagi xorijiy valyutani kamaytirgan, shunday ekan qora bozordagi o‘tgan yilgi valyuta inqirozi davom etadi.

"Iqtisodiy beqarorlik ehtimol joylarda tartibsizliklarga yetaklar, ammo avtoritar O‘zbekistonda ommaviy norozilik namoyishlari yuzaga kelishining ehtimoli juda kam", - dedi hisobot. Fridom Hausning bashorat qilishicha, erkin fikr va diniy erkinliklarga bosimlar davom etadi.

Xalqaro sahnada esa, hisobotda aytilishicha, O‘zbekiston Rossiya bilan yaqin iqtisodiy aloqalarni ushlab qolish bilan birga, izolyatsion mavqeini saqlab qoladi.