Tu-154 halokati: omon qolganlar yoʻq

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Rossiyaning bortida 92 kishi boʻlgan Tu-154 harbiy-transport samolyoti Qora dengizga qulab tushgan.

Rossiya mudofa vazirligiga koʻra, mahalliy vaqt bilan ertalab soat 5 dan 25 daqiqa oʻtganda Sochi aeroportidan havoga koʻtarilgan samolyot oradan 2 daqiqa oʻtib, radarlardan gʻoyib boʻlgan.

Dengizdan samolyot qoldiqlari va hozirga qadar bir kishining jasadi topilgan.

"Omon qolganlar yoʻq", - deb aytgan general-mayor Igor Konashenkov.

Mudofaa vazirligining bildirishicha, Suriyaning Latakiya shahriga parvoz qilgan Tu-154 da askarlar, Aleksandrov nomidagi Rossiya qurolli kuchlari ansamblining 64 nafar aʼzolari hamda 9 nafar jurnalistlar boʻlgan.

Samolyot Moskvadan parvoz qilgan va Sochi shahrining Adler aeroportiga yoqilgʻi toʻldirish uchun qoʻngan.

"Rossiya mudofaa vazirligining Tu-154 samolyoti qoldiqlari Sochi shahrining Qora dengiz sohilidan 1.5 kilometr masofada, 50-70 metr chuqurlikda topildi", deyiladi Rossiya mudofaa vazirligi bayonotida.

Hozirga qadar bironta ham omon qolgan inson topilmagan.

Tu-154 bortidan shuningdek, "Doktor Liza" taxallusi bilan tanilgan Yelizaveta Glinka ham boʻlgan.

"Adolatli yordam" nodavlat tashkilotining rahbari yaqinda Kremlda Putinning qoʻlidan davlat mukofotini qabul qilib olgan edi.

Rossiya Prezidenti huzuridagi inson haqlari komissiyasining aʼzosi boʻlgan Glinkaning turmush oʻrtogʻi advokat Gleb Glinka "Doktor Liza"ning halok boʻlganini tasdiqlagan.

Avvalroq halokat terrorchilik hodisasi ham boʻlishi mumkinligi haqida xabarlar olingandi.

Ammo hozirda rasmiy manbaʼlarga koʻra, "texnik nosozlik" farazi birinchi oʻringa chiqqan.

Rossiyalik ekspert Vadim Lukashevichning Bi-bi-si bilan suhbatda aytishicha, hozirda tergov ixtiyorida maʼlumotlar juda kam va terrorchilik amalini butkul istisno qilib boʻlmaydi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty Images

Prezident Putin halokatni tekshirish boʻyicha hukumat komissiyasi tuzishga buyruq bergan va qurbonlarning oila-aʼzolariga hamdardlik izhor qilgan.

Rossiya telekanali orqali eshittirilgan dispetcherlar va ekipaj oʻrtasidagi eng soʻnggi audio yozuvlarda biron muammo boʻlgani anglashilmaydi.

Ovozlar samolyot gʻoyib boʻlguniga qadar sokinligicha qolgan.

Xabarlarga koʻra, ob-havo sharoitlari uchish uchun qulay boʻlgan.

Prezident Putin dushanbani Rossiyada motam kuni deb eʼlon qilgan.

Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring