Sizning ta’tilingiz inson huquqlarini poymol qilmayaptimi?

Palm trees and a wooden walkway at the Coco Palm resort on Boduhithi Island, in the Maldives. Фото муаллифлик ҳуқуқи LAKRUWAN WANNIARACHCHI/AFP/Getty Images
Image caption Maldiv sohili

Jannatmakon Maldiv orollari suratlarini ko'rganda istalgan odam uning go'zalligiga mahliyo bo'lib qoladi.

Mazkur maftunkor orol marjon qoyalari, dengiz hayoti va qumli sohillari bilan ko'plab sayyohlarni o'ziga jalb qilib keladi.

Biroq joriy hafta Maldivda muammolar boshlandi. Mamlakat prezidenti Oliy Sudning muxolifat vakillarini hibsdan ozod qilish to'g'risidagi qarorini tan olmasdan, favqulodda holat e'lon qildi.

Prezidentning bu amali xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin qoralandi. Kuzatuvchilar fikricha esa, sayyohlar inson huquqlari oyoqosti qilinayotgan ushbu mamlakatdan chetlanib, uni boykot qilishlari lozim.

Kuzatuvchilarning bu chaqirig'i boshqa bir mubohasaning o'rtaga chiqishiga sabab bo'ladi: Biz ta'til uchun maskan tanlayotgan chog'imizda u yerdagi axloqiy muhitni hisobga olishimiz shartmi?

Usti yaltiroq 'jannat'

Britaniyada joylashgan "Responsible Travel" - "Mas'uliyatli sayohat" agentligi uzoq yillardan buyon sayyohlik dasturlarini tashkil qilish bilan shug'ullanib keladi. Agentlik dunyodagi ijtimoiy adolatsizlikka hissa qo'shish va tabiatga ziyon yetkazishdan tiyilishga intiluvchi sayyohlarga hizmat ko'rsatishni o'ziga maqsad qilib olgan.

Bosh direktor Jastin Fransis sayyohlikning axloqiy jihatlari haqida agentlik tashkil qilingan 2001-yildan buyon bosh qotirib keladi.

Unga ko'ra, sayyohlik sanoati Maldiv kabi maskanlarni "jannat" deya ta'riflab, ko'klarga ko'tarayotgan bir paytda, u yerlardagi voqelik butunlay teskari, hatto, achinarli ahvolda bo'lishi mumkin.

"Sayyohlardan haqiqatni yashirish mushkul masala," deydi u. - Mening kiyib olgan futbolkam tayyorlangan va ishchilari arzimagan haq uchun kunu-tun tinim bilmaydigan fabrikani hech qachon ko'rmasligim mumkin. Lekin men o'sha fabrikaga bormoqchi bo'lsam, taksi haydovchisi yoki kimnidir uchrataman… Yo'l-yo'lakay tadbirkorlar mening ko'rishimni istamagan haqiqatlar haqida eshitaman."

Sayyohlik sohasida sizdan yashiriladigan haqiqatlar tabiatga yetkazilgan ulkan zarar yoki inson huquqlarining poymol qilinishidan iborat bo'lishi mumkin. 2012-yilda BBC muhbiri Saymon Riv Maldivda axlatlardan paydo bo'lgan kattakon orolni tasvirga tushirgan va uni "tasavvur qilib bo'lmas" deya ta'riflagan edi.

Ta'tilingiz ahloq normalariga munosib ekanligiga qanday ishonch hosil qilish mumkin?

Janob Fransis "Responsible Travel" "mamlakatlarni emas, balki ta'tillarni targ'ib qiladi" deydi. Lekin bu iddao to'liq haqiqatni anglatmaydi: yer yuzida inson va hayvon huquqlari zarracha bo'lsada buzilmaydigan, tabiatga umuman zarar yetkazilmaydigan davlatni topish qiyin.

Janob Fransis Amerikani misol sifatida tilga oladi: "Biz iqlim o'zgarishini nazorat qiluvchi Parij shartnomasidan chiqib ketgani uchun AQShni boykot qilishimiz zarurmi?"

Bundan tashqari u sayyohlar, hatto, inson huquqlari eng cheklangan hududlarda ham mas'uliyatni yo'qotmaslik qo'llaridan kelishiga ishonadi.

U sayohatchilar safarga otlanishdan oldin ikki savol haqida o'ylab ko'rishlari kerak degan fikrda: Mening sayohatim maroqli o'tadimi va bundan mahalliy aholi naf ko'ra oladimi?

Shuningdek, sayohatdan oldin tanlangan maskandagi sayyohlar bilan bog'liq qallobliklardan ham ogoh bo'lmoq lozim. Masalan, saxovatpeshalikni xush ko'radigan sayyohlar soni ko'payishi ortidan Balida bolalarni tilanchilikka majburlash holatlari avj olib ketgan edi.

Axloqiy sayohatni targ'ib qiluvchi Britaniyadagi "Tourism Concern" - "Sayyohlik xavotiri" xayriya tashkilotidan Lyuk Makmillan eng yaxshi sayyohlik "ish o'rinlarini yaratish orqali mahalliy jamiyat ahvolini yaxshilashga intiluvchi va olingan foydani sanoat kabi sohalarga qaytadan yo'naltiruvchi odamlar" tomonidan tashkil qilinadi, degan fikrda.

Фото муаллифлик ҳуқуқи LAKRUWAN WANNIARACHCHI/AFP/Getty Images
Image caption Shri-Lankalik oila selfiga tushmoqda

Noqis hukumatlarni dastaklashdan tiyila olasizmi?

Asliyatda, biror mamlakatga tashrif vaqti aeroport soliqlari orqali yoki mahalliy biznes xizmatlaridan foydalangan holda uning hukumatini moliyaviy dastaklash muqarrar holatdir. Ba'zi odamlar aynan shu haqiqat sababli ham repressiv deya nom taratgan hukumatlar hukmron mamlakatlardan chetlanishga intiladilar.

Boshqa toifadagilar to'lanayotgan pul mahalliy odamlar kissasiga tushganining o'zi muhim, deb hisoblaydi. Londonda joylashgan "Travel Matters" - "Sayohat ahamiyati" sayyohlik agentligi boshqaruvchi direktori Karen Simmonds shunday fikdagilardan biri.

"Repressiv rejimlar hukmi ostida og'ir hayot kechirayotgan odamlarga shu yo'l bilan yordam berishingiz mumkin," deydi u BBC bilan suhbatda. "Men sayyohlik hamma narsani o'zgartira oladigan ijobiy kuch bo'la olishiga ishonaman. Bu dunyoda biz hammamiz yaxshilik uchun xizmat qilib, bir-birimizdan bilmaganlarimizni o'rganamiz."

Gullab-yashnayotgan sayyohlik sohasi ko'plab ish o'rinlari yaratish, eng malakasiz odamlarni ham ish bilan ta'minlay olish imkoniga ega. Jahon Sayohat va Sayyohlik Kengashi (The World Travel and Tourism Council)ning taxminicha, dunyodagi har o'n ish o'rnidan bittasi ushbu soha hisobiga to'g'ri keladi. Ishchilarning bilim darajasidan qat'i nazar, mahalliy aholi o'z madaniyati va tabiatini yaxshi bilgani sababli sayyohlar tomonidan qadrlanadi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи Ye Aung Thu/AFP/GettyImages
Image caption Sayyohlar Myanmaning eng yirik shahri Shwedagon ibodatxonasi oldida

Faktlar o'zgarganda…

Ba'zida mamlakatdagi muhit o'zgarishi mumkin. Myanma (Birma) shunday misollardan biri.

Myanma "Responsible Travel" agentligi boykot qilgan yagona mamlakatdir. Buning sababi ikkita: qonunan saylangan Aun San Su Chi uy qamog'iga tashlanganda, u Birma hukumatini xalqaro boykot qilishga da'vat qilgan edi va bunga javoban agentlik shunday qildi ham. Ikkinchidan, mamlakatdagi asosiy sayyohlik infrastrukturasi harbiylar qo'lida edi va bu mamlakatga sayohat qilish mahalliy aholi emas, balki harbiy xuntaning boyishiga xissa qo'shishini anglatar edi.

2010-yilda Su Chi xonim ozodlikka chiqdi va bir yildan so'ng uning siyosiy partiyasi "oddiy odamlarning faravonligiga hissa qo'shish niyatida bo'lgan sayyohlar"ni mamlakatga taklif qildi.

Shundan so'ng, mamlakat parlamenti hamon harbiylar ta'siri ostida bo'lishiga qaramay, "Responsible Travel" agentligi Myanmaga yana sayyohlarni yubora boshladi.

Biroq mamlakatda ta'qibga uchragan etnik ozchilik - Rohingalarga nisbatan qonli xunrezliklardan so'ng 2017-yildan buyon agentlikning bu qarori bahslarga sabab bo'lib kelmoqda. Shu choqqa qadar 740000 dan ziyoв Rohingalar qo'shni Bangladeshga qochib o'tgan bo'lib, ular ortdagi ommaviy qotillik, qiynoq va zo'rlash haqida so'zlaydilar. Myanma hukumati esa bu da'volarni inkor qiladi.

Janob Fransis uning mijozlari Myanmadagi dahshatli holat yuzasidan "chuqur tashvishda" ekanligini ma'lum qiladi.

Biroq "Birmaliklar hukumat qo'l urayotgan amallarning barini qo'llab-quvvatlaydi deb o'ylasak, xato qilamiz. Agar yana boykot e'lon qilsak, hukumati qilayotgan ishlar uchun oddiy odamlarni jazolagan bo'lamiz," deb qo'shimcha qiladi.

Har narsaga e'tibor berish sayohatdan olinadigan maroqni yo'qqa chiqarmaydimi?

Har narsa uchun mas'uliyatni bo'yniga olishni istamaydigan sayyohlar uchun yuqoridagi holatlar erish tuyilishi mumkin.

Faqatgina sayohat haqida o'ylaydiganlar uchun quyidagi halovatli faktlarni keltirish mumkin: Aksariyat sayyohlarning asosiy maqsadi mezbon mamlakatdan imkon qadar zavq olish bo'ladi va mahalliy aholi ham qiziquvchan hamda intellektual jihatdan yuqori sayyohlar bilan o'z hayotlari, madaniyati va tarixi haqida ko'proq o'rtoqlashadilar.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Алоқадор мавзулар