Ukraina surrogat onalar yetishtiruvchi mamlakatga aylanmoqdami?

Yevropaning qashshoq mamlakatlaridan biri bo'lmish Ukraina borgan sari tirnoqqa zor juftliklar uchun surrogat onalar yetishtirib beradigan maskanga aylanmoqda. Surrogat ona bo'lish uchun taklif qilinayotgan pul ko'plab yosh ayollarni o'ziga jalb qilmoqda, lekin ular mijozlar tomonidan eksplutatsiya qilinishi mumkin, degan xavotirlar ham avjida.

Ana* televizordagi yangilik orqali surrogatlik haqida xabar topganda 18 yoshda edi.

O'zbekistonlik oila farzandini mashinaga almashtirmoqchi bo'ldi

O'sha paytlar u o'rta maktabni endigina tamomlagan va Ukraina g'arbida joylashgan mo'jaz shaharchasidagi mehmonxonada ishlashni rejalayotgan edi. Sayyohlar esa bu shaharchadagi o'rta asrlarga oid qasrni tomosha qilish uchun kelishadi.

Mehmonxonada ishlab, Ana oyiga 200 dollar topishi mumkin edi, lekin birov uchun bola tug'ib berish evaziga 20,000 dollargacha haq olish imkoniyati uni qiziqtirib qo'ydi.

Mahalliy standartlar bo'yicha, Ananing oilasi qashshoq emas. Hisobchi bo'lib ishlaydigan onasi Anani doimo qo'llab kelgan.

Lekin Ana surrogat bo'lish hayoli butun ongiga o'rnashib olganini aytadi. U "yanada ko'proq narsalarga ega bo'lish", uy ta'miri, mashina va maishiy texnikalar sotib olish kabi "qimmatbaho narsalar"ni orzu qilgani haqida hikoya qiladi.

Men bilan suhbatlashar ekan, Ana qoshiqcha bilan qavhasini asabiylashgancha aralashtiradi. Yuzlab ayollar surrogatlik bilan shug'ullanayotgan bir vaqtda bu mavzu hanuz Ukrainada ochiq so'zlanmaydiganlardan biridir.

Eksplutatsiya bo'yicha shov-shuvlar ko'tarilishi ortidan Osiyodagi ko'plab surrogatlik markazlari birin-ketin yopila ketdi va 2015-yildan boshlab xorijiy juftliklar farzandga ega bo'lish ilinjida Yevropaning ushbu burchagiga oqib kela boshladilar. Mazkur xizmat Hindiston, Nepal va Tailandda bosimga uchragandan so'ng AQShdagi narxning arzimagan qismiga surrogat ona topish mumkin bo'lgan Ukraina mijozlar e'tiboriga tusha boshladi.

"Ko'plab farzandsiz juftliklar yurtimizga oqib kelishmoqda - biz xuddi bola yetishtiruvchi konveyrga o'xshaymiz," deydi shaxsini ochiqlashni istamagan Ana.

Bir necha yil mehmonxonadagi faoliyatidan so'ng 21 yoshida Ana, nihoyat, surrogat ona bo'lishga qaror qiladi. Bunga qadar uning qizi bo'lib, yana bir farzand ko'rishga imkoniyati borligini xis qiladi. Ukrainadagi qonunlarga ko'ra, surrogat bo'lishga qaror qilganlarning o'z farzandi bo'lishi shart. "Agar ayolning o'z farzandi bo'lsa, boshqalar uchun tug'ib bergan bolaga bog'lanib qolmaydi," deydi surrogat onalarni yollash bilan shug'ullanadiganlar.

Image caption Ana qizi uchun o'zi tug'ilib katta bo'lgan Kamyanets-Podilskyi shahrida kvartira sotib olishni xohlagan.

Olis safar

Bir to'xtamga kelgandan so'ng Ana surrogatlar, agentlar, klinikalar va o'rtakashlar reklama beradigan saytlarni keza boshladi.

Biroz vaqt o'tib, u 450 kilometr uzoqdagi poytaxt Kiyevga tibbiy ko'rikdan o'tish uchun keldi. Ana farzand ko'ra olmaydigan sloveniyalik juftlik bilan shartnoma imzoladi. Uning omadi kelgan edi - birinchi urinishdayoq embrion uning bachadoniga muvaffaqiyatli joylandi. So'ngra soliq bo'yicha qog'ozbozlik jarayoni amalga oshirildi.

Biroq birozdan so'ng muammolar yuzaga kela boshladi. Ananing sog'ligiga javobgar klinika xizmatlari sifati yomonlasha bordi. Uning so'zlariga ko'ra, ba'zi surrogatlar noto'g'ri tashxis yoki o'z vaqtida ko'rsatilmagan tibbiy xizmat tufayli azob chekar, buning ortidan turli murakkab vaziyat yuzaga kelardi.

Ana ijtimoiy tarmoqlar orqali o'z shikoyatlarini izhor qilib, boshqa ayollarni ogohlantirishga qaror qildi. Biroq klinika uning da'volarini rad qildi va, hozirda, Ana klinikaning nomi ochiq aytishdan o'zini zo'rg'a tiyib turibdi.

Ananing buyurtma farzandi sog'lom dunyoga keldi, lekin boshidan kechirganlari uni yanada ehtiyotkor bo'lishga undamoqda. Hozir Ana yana bir surrogat ona bo'lish arafasida. Bu safargi mijozlar Yaponiyadan. Ular barcha masalalarni Kiyevdagi huquqshunos orqali hal qilmoqda va Ana farzandining bo'lajak ota-onasi bilan hech qachon uchrashmasa kerak.

Bu safar klinika tanlashga ham Ana ehtiyotkorlik bilan yondoshyapti. Agar barchasi rejadagidek ketsa, 24 yoshigacha u uchta farzandni dunyoga keltirgan bo'ladi - bittasi o'z qizi va ikkitasi buyurtmachilar uchun.

Yevropaning surrogatlik poytaxti

"Ukrainada surrogat onalarga bo'lgan talab so'nggi ikki yil ichida 1000 foizga oshdi, shekilli," deydi Sidneyda joylashgan bo'lakaj ota-onalarga maslahat berish bilan shug'ullanuvchi Families Through Surrogacy xayriya tashkilotidan Sem Everingam.

"Ukraina surrogat sayyohlik markaziga aylanish ehtimoli yuqori bo'lgan ko'plab mamlakatlar ichidan tasodifan birinchilikka chiqib oldi," qo'shimcha qiladi u.

Surrogatlikga qonunda to'siq qo'yilmagani bilan birga Ukrainaning liberal qonunlari ham odamlarni o'ziga jalb qilmoqda. Ukrainada "ota-ona bo'lishga ishtiyoqmand juftliklar" bachadonda homila paydo bo'lishidan boshlab biologik ota-onalar sifatida tan olinadi va davlat tomonidan surrogat onaga to'lanadigan haq miqdoriga hech qanday cheklov qo'yilmaydi - bu o'ziga xos bozor sharoitini yuzaga keltirib, xizmat ko'rsatuvchi ayollar o'zlari istagan narxni talab qilishlari mumkin.

Biroq bu barcha jarayon silliq kechishini anglatmaydi. Mijozlar qaysi davlat fuqarosi ekanligiga qarab, bolani Ukrainadan olib chiqish yoqimsiz byurokratik to'siqlarni yuzaga keltirishi mumkin. Masalan, ba'zi davlatlardan, shu bilan birga Britaniya Qo'shma Qirolligidan, kelgan juftliklar bunday qog'ozbozlik tufayli oylab Ukrainada qolib ketishi mumkin.

Image caption Kiyevdagi Ilaya singari klinikalar butun dunyodan mijozlar e'tiborini o'ziga jalb etgan

Ko'plab klinikalar faoliyati shaffof va ularda bo'lajak onalarga yaxshi g'amxo'rlik qilinsada, ushbu sohaga mansub shaxslar va surrogat ayollar xizmat sifati abgor holatdagi klinikalar haqida ohista so'zlaydilar. Tasdiqlanmagan xabarlarga ko'ra, embrionlar yashirincha almashtirib qo'yiladi, ayollar salomatligi yomon darajada ko'zdan kechiriladi va klinikalar o'z sifati imkoniyatidan kelib chiqmagan holda, ko'plab mijozlarga xizmat taklif qiladi.

"Biz qat'iy talablarga amal qilinmagan, bola tushib qolgan vaziyatlarda Ukrainadagi agentliklar surrogat onalarga pul to'lashdan bosh tortgan holatlar guvohi bo'ldik," deydi janob Everingam. "Agar natija mijozlar kutgandek bo'lib chiqmasa, agentliklar surrogatlarga nisbatan juda yomon munosabatda bo'lgan holatlar ham mavjud."

Image caption Surrogat "ona"lar o'zi yashaydigan joydan Kiyevga muntazam tibbiy tekshiruvga borib turishadi

Sog'liqni saqlash bo'yicha Ukraina parlamentar qo'mitasi rasi, parlament a'zosi, asl kasbi shifokor bo'lgan Olga Bogomoletsning ishonishicha, ko'plab yosh ayollar "turmush sharoitining keskin yomonlashishi" tufayli surrogat bo'lishga qaror qilmoqdalar. Iqtisodiyot mamlakat sharqida davom etayotgan harbiy inqiroz oqibatida 2014-2015-yillar davomida kuchli turg'unlikdan zarar ko'rdi.

Bogomolets xonimning aytishicha, mazkur soha davlat tomonidan yetarlicha tartibga solinmagan va bunday befarqlik oqibatida ham surrogat onalar ham mijoz juftliklar zarar ko'rishi mumkin.

Ukraina sog'liqni saqlash vaziri esa bizning so'rovlarimizga javob bermadi.

Ukrainada surrogatlik sohasi qanday ishlaydi?

•Surrogatlik xizmatidan foydalanish uchun faqat heteroseksuallarga ruxsat berilgan bo'lib, nikohdan o'tgan juftliklar tibbiy sabablarga ko'ra farzand ko'ra olmasligini isbotlashi lozim;

•Juftliklardan, hech bo'lmaganda, birining bo'lajak farzandga genetik aloqasi bo'lishi kerak: tuxum hujayralari donorlaridan tez-tez foydalaniladi;

•Narxlar turlicha bo'lib, o'rtacha miqdor 30,000-45,000 dollarni tashkil qiladi;

•Mijozlar bola uchun tug'ilganlik guvohnomasini Ukrainadan oladi; surrogat onaning bolaga da'vo qilishga haqqi yo'q;

•Taxminlarga ko'ra, yiliga o'rtacha 500 ta surrogatlik amalga oshiriladi, lekin bu borada aniq statistik ma'lumotlar mavjud emas;

•Ukrainadagi kabi tijoriy surrogatlikga AQSh, Gruziya va Rossiyada qonunan ruxsat berilgan. Keniya va Laos ham shunday markazlarga aylanish salohiyatiga ega, lekin bu mamlakatlarda mazkur sohaga tegishli qonunlar bilan chalkashliklar mavjud.

Image caption Surrogat "ona"lar xizmatini taklif qiladigan agentliklar veb-saytlarida yuzlab ayollar haqida ma'lumot mavjud

Mark rafiqasi bilan 2015-yilda surrogat ona izlab Irlandiyadan Ukrainaga kelgan. U uchun agentlik va klinika tanlovi juda muhim ahamiyat kasb etardi.

U Ukrainadagi tajribasidan mamnun. Mark 2016-yilda o'g'il farzandga ega bo'ldi va uning aytishicha, bu mamlakatdagi sog'liqni saqlash sifatida G'arbiy Yevropadagidan farq qilmaydi.

Juftlikda ular uchun o'g'il tug'ib bergan 32 yashar surrogat ayol haqida iliq taassurotlar qolgan. Ular kelishilgan pulni to'g'ridan-to'g'ri ayolning qo'liga berishgan va Markning rafiqasi tug'ruq jarayonini bevosita kuzatgan.

"Tug'ruqxonada ayolga past nazar bilan muomala qilgandek bo'lishdi bizning nazdimizda," deydi Mark.

"Biz u nima uchun surrogat ona bo'lishga ahd qilganini tushunamiz," qo'shimcha qiladi u. "U 15 yoshida homilador bo'lib, qiz farzand ko'rgan ekan. Qizini o'qitishni xohlar edi."

Image caption Markning o'g'li 2016 yili tug'ilgan. Ukrainaga safar Markning hayotidagi eng muhim safar bo'lgan

"Bolaning tepishlanayotganini his qilasiz"

London, Dublin yoki Shanghayda yashovchi juftlik uchun Ukrainaga borib, surrogat ona xizmatidan foydalanish fikri doimo ikkilanishlarga sabab bo'ladi. Juftliklar ijtimoiy tarmoqlar va forumlardagi fikr-mulohazalarni o'rganib, o'zlari uchun ma'qul klinikalarni topishga harakat qiladilar.

"Biroq forumlarda jozibador fikrlar yozishi uchun norozi juftliklarga pul to'lagan, kamida, bir klinika nomi bizga ma'lum," deydi janob Everingam. Bu esa bo'lajak mijozlarni yanada arosatga qo'yadi.

Kiyevdagi Ilaya tibbiy klinikasi, aftidan, bunday soxtaliklarga muhtoj emas. Klinikaning iddao qilishicha, uning nufuzi shunchalik balandki, surrogat ona bo'lish niyatidagi ayollar uzoq navbatlarda turadilar.

Klinika binosining yorqin chiroqlar nurida jilvalanib turgan kutish xonasida mamlakat sharqidan kelgan ikki ayol o'z homiladorlik jarayoni haqida miriqib suhbatlashadilar.

Uch farzandning onasi qizil soch Tatyananing homilasi 30 haftalik. U ispaniyalik juftlikka farzand tug'ib berish arafasida.

"Bolaning tepishlanayotganini his qilasiz, u bilan suhbatlashasiz," deydi Tatyana. "Lekin ich-ichingizdan bu bola sizniki emasligini anglaysiz."

Image caption Tatyana tibbiy tekshiruv uchun Ilaya klinikasiga boradi

Tatyana onasi bilan yashaydi, lekin ona homiladorlikdan bexabar. U qizini Kiyevga ishlashga ketgan, deb o'ylaydi.

Ikki oy muqaddam buyurtma farzandini dunyoga keltirgan Yana Tatyanaga surrogatlikka ish sifatida qarash kerak, deb maslahat beradi. Yananing farzandini u hali shifoxonada holsiz yotgandayoq olib ketishgan.

Yana onalik hislari uzoq vaqt uni tark etmagani, uyga qaytgandan so'ng ham bola haqida o'ylab yurganini tan oladi.

"Bu ishga kirishgan odam sovuqqon bo'lishiga to'g'ri keladi," deydi u.

"Biologik ota-onalar yuzidagi shodlik va tabassumni ko'rgandan keyin farzandingiz ishonchli qo'llarda ekanligini his qilib, yengil tin olasiz."

G'arbiy Ukrainadagi uyida qizi bilan yashayotgan Ana navbatdagi surrogatlik haqida o'ylamoqda.

Tez orada u poyezdda yetti soat yo'l bosib, yaponiyalik juftlik uchun homilador bo'lishga Kiyevga boradi.

Embrionni bachadonga joylash jarayonning eng og'ir qismlaridan biri bo'lsada, u ko'tarinki kayfiyatda. Ana navbatdagi xizmat haqiga shaxsiy kvartira sotib olish niyatida.

U bo'lajak ota-onalar hayotiga quvonch in'om qilayotganidan g'ururlanadi.

"Ular ko'zda quvonch yoshi ila sizga tashakkur izhor qilayotgan onlarda insonlarga qanchalik quvonch ulashayotganingizni his qilasiz," deydi Ana. "Ular meni hayotlaridagi eng muhim inson sifatida e'tirof qilgan edilar."

*Barcha surrogat ayollar ismlari o'zgartirilgan


Алоқадор мавзулар