“100 Ayol”: Muslimalar #MosqueMeToo harakatini boshladilar

Muslim people performing Hajj ritual Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty Images

Muslima ayollar Haj ziyorati va boshqa diniy joylarda yuzlashgan jinsiy zo'ravonliklari borasida o'z noroziliklarini #MosqueMeToo (#MasjidMenHam) heshtagi orqali bildirish harakatini boshladilar.

Asl kelib chiqishi misrlik bo'lgan amerikalik feminist va jurnalist Mona Eltahavi 2013-yilda Haj ziyorati chog'ida jinsiy zo'ravonlik qurboni bo'lgani haqida ochiq ayta boshlagan birinchi faoldir.

#MosqueMeToo harakatini ham u boshlagan.

Musulmon erkak va ayollar 8-fevraldan boshlab mazkur heshtag orqali o'z fikrlarini izhor qila boshladilar va u 24 soat ichida Twitter tarmog'ida 2,000 marotaba qo'llandi.

Mona Eltahawy

✔@monaeltahawy

Ijtimoiy tarmoqlar orqali Haj ziyorati vaqtida jinsiy zo'ravonlikka uchraganligimni ochiqlaganimdan so'ng bir muslima ayol onasi ham ayni tajovuz qurboniga aylangani haqida menga xat yozdi. Ayol o'z ruhiy holatini ochiq izhor qilishdan tiyilib, menga yurakni ezadigan she'r yubordi, lekin men uning dardi qandayin og'ir ekanligini his qilib turar edim. Unga javob yozar ekanman, ko'zlarimdan yosh to'xtamasdi.

Tez orada ushbu mavzu Twitter'ning forsiy segmentida eng ko'p tvitlanayotgan o'ntalikka chiqib oldi.

Ko'plab ayollar Haj ziyorati paytida olomon ichidan kimlardir ularning tanasini siypalash, teginish va ishqalanishga uringanligi haqida ma'lum qila boshladilar.

Фото муаллифлик ҳуқуқи .

Mariha Syed

Men hozir Umra ziyoratiga borish haqida ikkilanib turibman. Hayotimdagi eng shirin xotiralardan biri bo'lib qolishi va meni Allohga yanada yaqinlashtirishi lozim bo'lgan bu ziyorat haqidagi orzularim chilparchin bo'ldi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи .

Anggi Lagorio

Men ham #MosqueMeToo heshtagi orqali bildirilayotgan izohlarni o'qidim. Bu izohlar 2010-yilda Haj ziyorati vaqtida men bilan sodir bo'lgan dahshatli xotiralarni qayta yodga soldi. Odamlar Makka musulmonlar uchun eng muqaddas maskan, u yerda bunday xunuk holatlar bo'lmaydi, deb o'ylaydilar. Lekin bu umuman xato fikr.

Islom dinining eng muhim tomonlaridan biri - bu ayollarning ma'sumaligidir. Muslimalar jamoat joylarida odob saqlash va erkaklarning shahvatli qarashlaridan chetlanish uchun sochlari hamda tanalarini yopib yurishga rag'batlanadilar.

Ko'plab muslima ayollar bolalik chog'idan jinsiy zo'ravonlik va hirsiy tajovuzdan saqlanish maqsadida hijob yoki ro'mol o'rashga o'rgatiladi.

Ba'zi odamlar ayollarning kiyimi, yurish-turishi va qilayotgan amallari hirsiy tajovuzga sabab bo'ladi, degan fikrda. Mobodo ayol bunday tajovuzga yuz tutsa, bunga o'zi sababchi, deb hisoblaydilar.

Biroq Saudiya Arabistoni, Eron, Misr va Afg'onistonda yashovchi ko'plab muslimalar, qanchalik sipo kiyinmasin, ko'chalarda jinsiy va hirsiy tajovuz bilan yuzlanayotganliklari haqida gapiradilar.

#MosqueMeToo tarafdorlarining aytishicha, istalgan ayol, tanasini butunlay yopib turuvchi kiyimda bo'lmasin, hattoki, eng muqaddas maskanlarda ham jinsiy tajovuz qurboniga aylanishi mumkin.

Nargesska

Haj ziyorati guruhlari tavof paytida shilqimliklar ehtimolidan ogohlantiriladilar. Mening otam tavof davomida onamni himoya qilish uchun undan bir qadam ham uzoqlashmagan. Erkaklar, o'zingizni hayratda qolgandek tutmang!

Ko'plab eronlik va forsiyzabon Twitter foydalanuvchilari jinsiy tajovuzlar haqida gapirish bilan bir qatorda hijob ayolni har qanday yomonlikdan saqlaydi qabiladagi ishonchni ham savol ostiga olmoqdalar.

Eronda hijobga o'ranish majburiy. Eron shaharlari ko'chalarida hijob kiymagan ayollarni pashshalar talab yotgan qog'ozsiz xo'razqandga mengzaydigan ko'plab afishalarni uchratish mumkin.

Erondagi har bir ofis va jamoat binolari devorlariga osib qo'yilgan shiorlardan biri "Hijob cheklov emas, u sizning muhofazachingiz"dir.

O'tgan haftalar ichida Eron politsiyasi majburiy hijobga qarshi norozilik bildirayotgan 29 odamni hibsga oldi.

Ayollar Tehron markaziy ko'chalarida ro'mollarini namoyishkorona yechib tashlay boshlaganlaridan so'ng ularni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan "Inqilob ko'chasi qizlari" harakati paydo bo'ldi.

Hanan

Men odamlar muslimalar uchun xavfsiz deb hisoblangan joylarda jinsiy tajovuzga uchragan opa-singillarim bilan birga ekanligimni baralla aytaman. Iymonsiz odamlar muqaddas maskanlarda ham iymonli bo'lib qolmaydi. Bu xususiyat ularning asliyatida yashaydi. Musulmonlar sifatida adolatsizlikka yuz tutgan opa-singillarimizni himoya qilish - bizning burchimiz. #MosqueMeToo

Aksariyat odamlar #MosqueMeToo harakatini yoqlamayapti va Mona Eltahavi mazkur mavzuni ijtimoiy tarmoqlarga olib chiqqani uchun ko'plab tanqidlarga uchramoqda.

"100 Ayol" nimani anglatadi?

"BBCning 100 Ayol" loyihasi doirasida har yili dunyo bo'ylab nufuzli va ruhlantiruvchi salohiyatga ega 100 ayol nomi e'lon qilinadi. Biz mazkur jasoratli ayollarning hayot yo'li haqida hujjatli filmlar yaratamiz, intervyular tayyorlaymiz va bu bilan ayollar markaziy e'tiborga sazovor bo'lgan hikoyalarga ko'proq joy ajratishga intilamiz.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Бу мавзуда батафсилроқ